loading...

G‘arbiy va Sharqiy Sibir 

7450

G‘arbiy Sibir. G‘arbiy Sibirga shu nomdagi pasttekislik va Kara dengizidagi bir qancha kichikroq orollar kiradi. U shimoldan janubga 2 500 km ga, g‘arbdan sharqqa 1 900 km ga cho‘zilgan.

G‘arbiy Sibirning zamini paleozoy erasida vujudga kelgan plitadan iborat. Uning usti mezozoy va kaynozoy eralarining turli xil qalinlikdagi yotqiziqlari bilan qoplangan. Paleozoy davri yotqiziqlari G‘arbiy Sibir pasttekisligining chekka qismlarida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Neft va ko‘mir hududning asosiy foydali qazilmalarini tashkil qiladi.

G‘arbiy Sibir hududi janubdan shimolga tomon salgina nishab. G‘arbiy Sibir hududida uzunchoq, cho‘ziq do‘ngliklar ko‘p. Umuman, o‘lka hududining mutlaq balandligi 300 m dan oshmaydi.

G‘arbiy Sibir hududida qishda arktika, yozda esa mo‘tadil mintaqaning havo massalari hukmronlik qiladi. Shu sababdan o‘rtacha yillik havo harorati qishda –25 –30 °C ni, yozda +22°C ni tashkil etadi. Yillik o‘rtacha yog‘in miqdori 480-550 mm ga yetadi.

Ob, Irtish, Taz va Pur kabi daryolar G‘arbiy Sibirning eng yirik daryolaridir. Umuman, hududdagi deyarli barcha daryolar Shimoliy Muz okeani havzasiga kiradi.

G‘arbiy Sibirning shimolida tundra-gleyli,  podzol va botqoq tuproqlar, janubiy qismida esa unumdor qora tuproqlar tarqalgan. Pasttekislik hududida pakana qayin, qutb tollari,  kedr, pixta,  tilog‘och,  kaklik o‘ti kabi o‘simliklar o‘sadi. Hayvonlardan  oq ayiq,  oq kaklik,  shimol bug‘usi,  lemming,  qutb tulkisi, rosomaxa kabilar yashaydi.

Sharqiy Sibir. U Sibirning markaziy qismini egallab, g‘arbda G‘arbiy Sibir pasttekisligidan sharqda Kolima daryosining vodiysigacha davom etadi.

Sharqiy Sibirning markaziy qismini egallagan qattiq va mustahkam Sibir platformasi arxey erasida vujudga kelgan. Uning g‘arbiy qismi paleozoy, sharqiy qismi esa mezozoy eralarida ko‘tarilgan.

O‘lkaning relyefi, asosan, yassi tog‘liklardan iborat. Sharqiy Sibirning markaziy qismida O‘rta Sibir yassi tog‘ligi joylashgan. Uning yuzasi dengiz sathidan o‘rtacha 400-600 m baland. Putorana tog‘larida balandlik 1 701 m ga yetadi.

Sharqiy Sibir uchta — arktika, subarktika va mo‘tadil iqlim mintaqalarida joylashgan. O‘lka iqlimining G‘arbiy Sibir iqlimidan farqli jihati uning keskin kontinentalligidir. Bu yerda yillik havo harorati tafovuti juda katta (qishda –20 –40 °C, yozda +16 +18 °C). Oymyakonda qishda harorat –71 °C ga, yozda esa +36 °C ga yetganligi qayd etilgan.

Sharqiy Sibir daryolarga boy. Yevrosiyoning yirik daryolaridan Yenisey, Lena, Aldan, Kolima, Taymir, Xatanga, Vilyuy, Anabar shular jumlasidandir.

O‘lka hududida arktika sahrolari,  tundra va o‘rmon-tundra zonalarining landshaftlari tarkib topgan. Asosiy tuproqlari tundra-gleyli va torfli gleyli,  botqoq va podzol tuproqlardir. O‘lkaning shimoliy qismida ko‘p yillik muzloq yerlar katta maydonni egallaydi.

Sharqiy Sibirda o‘simliklardan mox va lishayniklar,  oq va qora qarag‘ay,  tilog‘och,  Sibir yeli,  kedr,  zirk kabilar o‘sadi. Hayvonlardan  oq ayiq, qutb tulkisi,  bo‘ri,  o‘rmon suvsari,  oq kaklik,  shimol itsichqoni,  yerqazir va boshqalar yashaydi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив