loading...

Shimoliy Amerika geografik o‘rni, o‘rganilish tarixi, geologik tuzilishi, foydali qazilmalari. Relyefi 

12166

Geografik o‘rni. Shimoliy Amerika G‘arbiy va Shimoliy yarimsharlarda joylashgan. U boshqa materiklarga nisbatan qutb tomon uzoq cho‘zilgan. Materikning shakli Janubiy Amerika singari uchburchakni eslatadi. Kattaligi jihatidan uchinchi o‘rinda turadi.

Materik qirg‘oqlarini 3 ta okean suvlari yuvib turadi. Janubda Panama bo‘yni orqali (eng tor joyi 48 km) Janubiy Amerika bilan tutashgan. Yevrosiyodan Bering bo‘g‘izi (kengligi 85 km) orqali ajralib turadi.

O‘rganish tarixi. X asrning oxirida norman Erik Rauda (Malla) Grenlandiyani, materikning shimoli-sharqiy qismini o‘rgandi. Jon Kabot Nyufaundlend orolini va Labrador yarimoroli qirg‘oqlarini kashf etdi. XVII asrda G.Gudzon, A.Makkenzi va boshqalar materikning sharqiy va shimoliy qismlarini o‘rganishdi. XX asr boshida R. Amundsen birinchi bo‘lib materikning shimoliy qirg‘oqlari bo‘ylab suzib o‘tdi va Shimoliy magnit qutbining geografik o‘rnini aniqladi. 1732-yilda rus sayyohlaridan I.Fyodorov va M. Gvozdev materikning shimoli-g‘arbiy sohillarini o‘rgandi. Aleut orollari va Alyaska sohillarini o‘rganish va xaritaga tushirish ishlarini V.Bering, A.Chirikovlar bajarishdi (1741-y.). Savdo-sotiq ishlarini yo‘lga qo‘yishda G.Shelexovning xizmatlari katta bo‘ldi. O‘sha paytda Shimoli-g‘arbiy Amerikani Alyaska deb atashgan. U 1798-yilda ruslar tomonidan monopoliyaga aylantirilgan va „Rus Amerikasi" nomi bilan atala boshlangan. 1867-yilda Alyaska AQSHga sotib yuborilgan.

Geologik tuzilishi va foydali qazilmalari. Shimoliy Amerika bilan Yevrosiyo qadimgi Lavraziya quruqligining tarkibiy qismi bo‘lgan. Mezozoy erasining boshlarida Shimoliy Amerika Yevrosiyodan ajralgan. So‘nggi 1 mln yil davomida Yevrosiyo bilan Shimoliy Amerika bir-biridan 40 km masofaga uzoqlashgan. Materikning tekislik qismi qadimgi platformaga mos keladi.

Tog‘lar (Kordilyera, Qoyali tog‘lar, Appalachi) kaledon, gersin, mezozoy tog‘ burmalanishlarida ko‘tarilgan. Lekin alp burmalanishida yoshargan. Tekisliklarda, asosan, cho‘kindi tog‘ jinslari uchrasa, tog‘li o‘lkalarda magmatik va metamorfik tog‘ jinslari tarkib topgan. G‘arbiy tog‘li mintaqada halokatli zilzilalar bo‘lib, vulqonlar otilib turadi.


 
Shimoliy Amerika foydali qazilmalarga boy. Magmatik va metamorfik jinslardan tuzilgan tog‘ va yassi tog‘liklarda temir, uran, mis, nikel,  oltin, kumush konlari bor. Ayniqsa, Appalachi tog‘lari rudali qazilmalarga boy. Cho‘kindi tog‘ jinsi qatlamlarida  neft, gaz, ko‘mir, tuz kabi qazilmalar tarkib topgan.
 

Relyefi.  Shimoliy Amerikani relyef tuzilishiga ko‘ra ikkita yirik qismga: tekislik va tog‘li qismlarga bo‘lish mumkin. Tog‘li qismidagi Kordilyera, uning sharqidagi Qoyali tog‘lar asosiy tog‘ tizimlaridir. Materikning eng baland nuqtasi Denali (2015-yilgacha Mak-Kinli) cho‘qqisi (6194 m), eng past nuqtasi Ajal vodiysi (–86 m) ham tog‘ mintaqasida joylashgan. Katta Havzaning janubi-sharqida Kolorado platosini Kolorado daryosi kesib o‘tadi. U dunyodagi eng chuqur (2 km ga yaqin) va tor dara — Katta Kanyonni hosil qiladi. Materikning tog‘li qismi Tinch okean „olovli halqasi" mintaqasiga to‘g‘ri keladi. Bu ulkan tizim Alyaska Kordilyerasi, Kanada Kordilyerasi, AQSH Kordilyerasi va Meksika Kordilyerasiga bo‘linadi. Tekisliklar materikning sharqiy qismini egallaydi. Materikning shimoliy qismida  qirlar va adirsimon balandliklar uchraydi.  Bu hududlarda Lavrentiy qirlari, Markaziy tekislik, Missisiрi pasttekisligi va Buyuk tekisliklar asosiy relyef shakllaridir.

Materikning sharqiy qismida Appalachi tog‘i joylashgan. Bu past tog‘ bo‘lib, Ural tog‘i singari keksa. Uning eng baland cho‘qqisi Mitchell tog‘idir (2 037 m). Uning janubi-g‘arbiy yonbag‘rida dunyodagi eng uzun (500 km) Flint-Mamont g‘ori bor.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.