loading...

Okean suvining xususiyatlari 

21013

Okean suvining sho‘rligi. Dunyo okeani suvining asosiy xususiyati sho‘rligidir. Agar suv tarkibidagi tuz miqdori 1 litr suvda 1 grammdan kam bo‘lsa, chuchuk, ortiq bo‘lsa, sho‘r suv deb ataladi.

Shuning uchun 1 litr suvda erigan moddalar (gramm yoki promilledagi) miqdori suvning sho‘rlik darajasini bildiradi. Dunyo okeani suvining o‘rtacha sho‘rligi 35 ‰ bo‘lib, unda har xil moddalar: tuzlar, organik moddalar, erigan holatdagi metallar uchraydi.

Ekvatorial zonaga (34-35 ‰) nisbatan tropik mintaqalarda suvning sho‘rligi ancha yuqori (Tinch okeanda 36-37 ‰, Atlantika okeanida 37,9 ‰). Okeanning ochiq qismida suvning sho‘rligi 33 ‰ dan 37 ‰ gacha, dengizlarda 2 ‰ dan (Fin qo‘ltig‘i) 42 ‰   gacha (Qizil dengiz) o‘zgaradi.

Okean suvining harorati.
Dunyo okeani suvlarining harorati geografik qonuniyat asosida o‘zgarib boradi. Suv yuzasining o‘rtacha yillik harorati 17,54 °C ga teng. Ochiq okeanda — 2°C dan 29 °C gacha o‘zgaradi. 5-10 °C shimoliy kengliklarda yuza suvining o‘rtacha harorati 27-28 °C. Lekin tropiklarda bu harorat 25-27 °C ni tashkil etadi. Qutbiy o‘lkalarda harorat –1 –2 °C gacha pasayadi.

Dunyo okeanining suvi kenglik va uzunlik bo‘yicha o‘zgarishi bilan birga, chuqurlik tomon ham o‘zgaradi. Okean tubida harorat 1000 m dan chuqurda, o‘rta hisobda 2-3 °C atrofida bo‘ladi.

Okean suvlari –2°C da muzlaydi. Dunyo okeanining eng issiq suvi Fors qo‘ltig‘ida, eng sovug‘i qutbiy doiralar ichkarisida kuzatiladi.

Okean oqimlari. Dunyo okeanidagi suvning harakati oqimlar, qalqishlar va to‘lqinlar kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Katta hajmdagi okean suvlarining uzoq masofalarga yo‘nalgan gorizontal harakati okean oqimlari deb ataladi. Bir tomonga esadigan shamollar ta’sirida okean suvining 1500 m gacha qalinlikdagi yuza qatlami harakatlanadi.

Okean oqimlari haroratiga ko‘ra iliq  va sovuq oqimlarga bo‘linadi. Qutblardan ekvator tomon tub sovuq oqimlar, ekvatordan qutblar tomon yuza iliq oqimlar harakatlanadi. Bu o‘ziga xos „sovitgich-isitgich" mashinasini barpo etadi. Bunday jarayon „okean — atmosfera", „okean — materik" tizimida ham kuzatilib, materiklar tabiatining rang-barang bo‘lishiga olib keladi.

Dunyo okeanidagi Shimoliy va Janubiy passat oqimlari, Passatlararo qarshi oqim va G‘arbiy shamollar oqimi (uzunligi 30 ming km) asosiy oqimlardir.

Quyosh va Oyning tortish kuchi ta’sirida Dunyo okeani suvlarida qalqish hodisasi (sutka davomida ikki marta ko‘tarilib, ikki marta pasayadi) bo‘ladi. Ochiq okeanda suvning qalqish amplitudasi 1-2 m dan oshmaydi. Lekin materik qirg‘oqlarida to‘lqin balandligi ortadi.

Shamol ta’sirida hosil bo‘lgan to‘lqinlar balandligi okeanlarda 4 m gacha, ayrim holatlarda 7,5 m, uzunligi 90-100 m (ba’zan 800 m) atrofida bo‘ladi. Eng baland to‘lqin (34 m) Tinch okeanning shimoliy qismida qayd qilingan. Tropik va mo‘tadil kengliklarda dovullar tez-tez kuzatiladi. Dahshatli to‘lqinlardan biri sunami (yaponcha — ajal va vayronalik keltiruvchi to‘lqinlar) zilzila va harakatdagi vulqonlar ta’sirida hosil bo‘ladi. Ochiq okeanda balandligi 1 m dan oshmaydi. Lekin qirg‘oqqa kelganda 10 m, ayrim paytlarda 50 m ga ko‘tariladi. Tezligi soatiga 700-800 km ni tashkil etadi. Juda katta iqtisodiy va ma’naviy ziyon keltiradi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив