Tinch okeani
Asosiy
xususiyatlari. Okeanlar ichida eng keksa va eng kattasi, eng issig‘i, „olovli halqa" si mavjud, eng chuqur, biomassaga eng boy. Baliq ovlashda, dengiz, orollar soni, kuchli shamol, baland to‘lqin, suv tubi vulqonlari bo‘yicha Dunyo okeanida birinchi o‘rinda.
Geografik o‘rni. Tinch okean Dunyo okeani maydonining yarmini va Yer yuzining 1/3 qismidan ortig‘ini egallagan. Bu okean kattaligi sababli Ulug‘ okean deb ham ataladi. Okeanni beshta materik chegaralab turadi. Uni shimoli-sharqda Shimoliy Amerika, janubi-sharqda Janubiy Amerika, janubda Antarktida, janubi-g‘arbda Avstraliya, shimoli-g‘arbda Yevrosiyo materiklari o‘rab olgan. Shimoldan janubga qarab qariyb 12 ming km va g‘arbdan sharqqa qarab 17,2 ming km masofaga cho‘zilgan. Eng keng joyi ekvatorda va uning atrofida. Maydoni 180 mln kv.km.
O‘rganilish tarixi. Birinchi bo‘lib ispaniyalik V.Balboa 1513-yilda Panama bo‘ynidan o‘tib, Tinch okeanni ko‘rgan va unga Janubiy okean deb nom bergan. F.Magellan 1520-1521- yillardagi sayohati davrida uni Tinch okean deb atagan.
Okean to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar F.Magellan va J.Kuk sayohatlari tufayli to‘plangan. V.Bering va A.I.Chirikovlar 1741-yilda okeanning shimoliy qismini o‘rganishdi. I.F.Kruzenshtern, Y.V.Lisyanskiy, S.O.Makarov „Vityaz" kemasida va Jak Iv Kusto Tinch okeanda mukammal tadqiqot ishlari olib bordilar. Hozirgi vaqtda Tinch okeanni o‘rganish yuzasidan maxsus xalqaro tashkilotlar tuzilgan.
Geologik tuzilishi va foydali qazilmalari. Tinch okean botig‘i eng keksa va Yer po‘stining juda katta maydonini egallaydi. Shunga asoslanib, mustaqil litosfera plitasi tariqasida ajratilgan. Ayni paytda Tinch okean litosfera plitasi o‘rta okean tizmasi zonasida kengaymoqda. Tinch okean litosfera plitasi eng serharakat plita ekanligi aniqlandi. Uning yillik siljish tezligi 10 sm dan katta (Atlas, 4-5-betlar). Shuning uchun ham bu „olovli halqa" da kuchli va halokatli zilzilalar, vulqon harakatlari takrorlanib turadi.
Okean shelfida daryo va to‘lqin yotqiziqlari, organik jinslar, okean tubida qizil gilli jinslar eng ko‘p tarqalgan. Tinch okeanda mineral boyliklar juda ko‘p.
Okean tubi relyefi. Okean tubi relyefi juda murakkab tuzilgan. Bu yerda dengiz sayozligi kam, 1,7 % maydonni egallaydi. Sayozlik faqat Bering, Oxota, Sariq va Sharqiy Xitoy dengizlarida mavjud. Materik yonbag‘irlari tik zinapoyalar hosil qiladi. Okean tubi 62,6 % maydonni egallagan. Bu yerda tog‘ tizmalari, cho‘kmalar, tekisliklar, botiqlar ko‘p tarqalgan. (Ularni xaritadan toping). Тinch okeanda minglab kilometr masofaga cho‘zilib yotgan eng chuqur cho‘kmalar ham bor. Bular Mariana (11 022 m), Тonga (10 882 m), Kermadek (10 047 m), Kuril-Kamchatka (9 783 m), Filiрpin, Peru, Chili va boshqa cho‘kmalar.
Dunyo okeanidagi chuqurligi 5 km dan ortiq bo‘lgan 35 ta botiqdan 25 tasi, chuqurligi 10 km dan ortiq bo‘lgan 5 ta botiqning barchasi shu okeanda joylashgan.
Iqlimi. Тinch okean eng issiq okean bo‘lib, yuzasidagi suvning harorati ekvatordan ikkala qutb tomon kamayib boradi. Ekvatorial mintaqalarda suv yuzasining harorati yil davomida 28-29 °C, Bering dengizida 2-7 °C, janubiy yarimsharning o‘rta kengliklarida 12-15 °C atrofida o‘zgaradi.
O‘rtacha yillik yog‘in miqdori ekvator atrofida 3 000 mm bo‘lsa, mo‘tadil kengliklarning g‘arbida 1 000 mm va sharqida 2 000-3 000 mm, subtropikning sharqida esa 100-200 mm atrofida yog‘in yog‘adi. Okean suvining eng sho‘r qismi tropiklarga to‘g‘ri keladi (36 ‰). Eng chekka shimoliy va janubiy qismlarida sho‘rlik ancha pasayadi (32 ‰).
Okeanning g‘arbiy qismidagi tropik kengliklarda kuchli shamollar — tayfunlar (xitoycha „tay fin" — katta shamol) esib turadi. Tayfunlarning tezligi soatiga 30-50, ba’zan 100 km gacha boradi va katta to‘lqinlarni yuzaga keltiradi.
Oqimlari.Tinch okean g‘arbdan sharqqa tomon uzoq masofaga cho‘zilganligi sababli unda geografik kenglik bo‘ylab harakat qiladigan oqimlar ko‘p. Bu oqimlar okeanda issiqlikning qayta taqsimlanishiga va quruqlik iqlimiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Organik dunyosi. Тinch okean organizmlarning turli-tumanligiga ko‘ra birinchi o‘rinda turadi. Dunyo okeanidagi tirik organizmlarning yarmi shu okeanga to‘g‘ri keladi. Okeanning shimoliy qismida losossimon baliqlarning 95 % i yashaydi. Boshqa okeanlarga nisbatan hayvonlar turi 3-4 baravar ko‘p. Тridakna nomli eng yirik molluskalarning og‘irligi 30 kg ga boradi. Sovuq va mo‘tadil mintaqalarda, ayniqsa, janubiy kengliklarda uzunligi 200 m bo‘lgan gigant suv o‘simliklari o‘sadi.
Тabiat mintaqalari. Тinch okeanda barcha tabiat mintaqalari (shimoliy qutbiy mintaqadan tashqari) mavjud. Shimoldan janubga tomon subarktika, mo‘tadil, subtropik, tropik, ekvatorial tabiat mintaqalari tarkib topgan. Ular janubiy yarimsharda yana takrorlanadi.
Insonning xo‘jalik faoliyati. Okean sohillari va orollarida o‘nlab mamlakatlar joylashgan bo‘lib, dunyo aholisining yarmi shu joyda yashaydi. Insonlar qadimdan okean hayvonlaridan oziq-ovqat mahsuloti tariqasida foydalanib kelganlar. Hozirgi paytda Dunyo okeanida ovlanadigan baliqlarning yarmi Тinch okeanga to‘g‘ri keladi. Тurli molluskalar, qisqichbaqalar, krevetkalar, krillar ham ko‘p ovlanadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.