Dunyo okeanining atmosfera va quruqlikka ta'siri
Dunyo okeani Yerning barcha qobiqlari bilan muntazam o‘zaro
aloqada bo‘lib, sayyoramiz tabiatiga kuchli ta’sir etib turadi. Dunyo
okeanining atmosfera, litosfera, biosfera bilan doimiy o‘zaro ta’siri
natijasida „okean-atmosfera-quruqlik" tizimi tarkib topgan. Bu tizimda modda va
energiya almashinuvi kuzatiladi. Tizimdagi moddalarning harakatini ta’minlaydigan
qudratli kuch quyosh energiyasidir. Dunyo okeani Yer yuzasiga Quyoshdan
kelayotgan issiqlikning 70%ini yutadi. Natijada okean issiqlik „akkumulatori"ga
aylanadi va atmosferani ilitib turadi, bug‘ holatidagi namlik bilan
ta’minlaydi, quruqlikka va barcha suv havzalariga yog‘in beradi.
Quyosh energiyasi ta’sirida harakatga kelgan „issiqlik
mashinasi" butun Yer yuzasi bo‘ylab „okean-atmosfera-quruqlik" tizimida
issiqlik va namlik taqsimotini ta’minlaydi. „Issiqlik mashinasi"ning harakat
yo‘nalishi, tezligi kabi xususiyatlariga Oy va Quyoshning tortishi hamda
Koriolis kuchi, Yerning ichki energiyasi, hatto antropogen omil ham ma’lum
miqdorda ta’sir etadi. Oqibatda tabiatda turli xil jarayonlar yuzaga keladi.
Okeanning atmosfera va quruqlikka ta’sir etishida havo
massalarining o‘rni katta. Okean quyosh issiqligini to‘playdi, ularni dengiz
oqimi turli kenglik va uzoqliklarga olib ketadi, atmosferani ilitadi.
Agar havo massalari okean yuzasida hosil bo‘lsa,
dengiz havo massalari, aksincha,
quruqlik ustida hosil bo‘lsa, kontinental havo massalari deb ataladi. Bu havo
massalari „okean-quruqlik" tizimida issiqlik va sovuqlikni tashuvchi vosita
vazifasini bajaradi.
Atmosferada sodir bo‘ladigan shamol, bo‘ron va
quyunlarning bosh sababchisi ham „okean-atmosfera-quruqlik" tizimidagi modda va
energiyaning almashinuvidir. Quyun (tayfun) va bo‘ronlar ikkala yarimsharning
5-20° kengliklari oralig‘idagi okean yuzasida tarkib topadi.
Dengiz oqimlari ham okeanning atmosfera va quruqlik
o‘rtasidagi o‘zaro aloqasiga kuchli ta’sir etadi. Ayniqsa, iliq va sovuq dengiz
oqimlari issiqlik va sovuqlikni geografik kenglik hamda uzoqliklar bo‘yicha
tashiydi.
Okeanlarning yashash uchun qulay bo‘lgan sohillarida
qadimdan odamlar makon qurgan. Hozir ham qirg‘oqning 50 km gacha bo‘lgan
qismida dunyo aholisining 27% i yashaydi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.