loading...

Yevrosiyoning ichki suvlari 

31134

Ichki suvlarning joylashishi.

Ichki suvlarini yer usti va yer osti suvlariga bo‘lib o‘rganish mumkin. Ularning geografik joylashishi birinchi navbatda iqlim va relyefga bog‘liq. Yer usti suvlari daryo, ko‘l va muzliklar, suv omborlari va kanallardan tashkil topgan. Eng yirik sersuv daryolar mo‘'tadil va musson iqlimli o‘lkalarda joylashgan. Ular Sharqiy Yevropa, G‘arbiy va O‘rta Sibir, Uzoq Sharq, Janubi-sharqiy Osiyo o‘lkalaridan oqib o‘tadi. Quruq iqlimli o‘lkalarda daryolar ancha siyrak. Yevrosiyo daryolari suvlarini beshta havzaga quyadi. Bular - Shimoliy Muz, Atlantika, Tinch va Hind okeanlari havzalari hamda berk havzadir. Yanszi, Xuanxe, Ob, Yenisey, Volga, Dnepr, Hind, Gang yirik daryolardir. O‘lkamizdagi Amudaryo va Sirdaryo, Yevropadagi Volga berk havzaning eng yirik daryolari hisoblanadi. Qurg‘oqchil o‘lkalarda daryolar siyrak, nam iqlimli o‘lkalarda esa zich joylashadi.  

Daryolarning to‘yinish tiplari. 

Yevrosiyo daryolari to‘yinishiga ko‘ra to‘rt tipga bo‘linadi: yomg‘ir, qor, muz va yer osti suvidan to‘yinuvchi daryolar. Lekin daryolar ko‘pincha aralash holda to‘yinadi. Masalan, yomg‘ir va qor suvlaridan, qor va muz suvlaridan, muz va yer osti suvlaridan, yomg‘ir suvlaridan to‘yinadi.

Daryolarning suv rejimi va to‘yinishi yil fasllariga bog‘liq. Masalan, daryolar yozda qurg‘oqchil joylarda tog‘lardagi qor va muzlarning erishidan, musson iqlimli o‘lkalarda yomg‘irdan, mo‘'tadil mintaqada bahorda qorning erishidan va yomg‘irdan, nam subtropiklarda hamda ekvatorial mintaqada yil davomida yomg‘irdan suv oladi.

Yevrosiyoning eng yirik daryolaridan Volga, Ob, Irtish irmog‘i bilan, Yenisey, Lena, Pechora, odatda, qor va yomg‘ir suvlaridan to‘yinib, bahorda to‘lib oqadi va qirg‘oqlaridan toshib ketadi. Shimolga oqadigan daryolar qishda uzoq vaqt muz bilan qoplanadi.

Musson iqlimli o‘lkalardagi daryolar - Amur, Xuanxe, Mekong, Gang, Hind va boshqalar musson yog‘inlaridan to‘yinib, ularnmg suv sathi yozda keskin ko‘tariladi. Bu daryolar boshlanadigan tog‘lardagi qor va muzlar ham yozda eriydi. Natijada daryolar qirg‘oqlaridan chiqib, suv toshqinlariga sabab bo‘ladi. Qishda suv sathi keskin pasayadi; hatto mo‘'tadil mintaqadagi Amur daryosi muzlab qoladi.

Ekvatorial iqlimli Katta Zond orollaridagi daryolar yomg‘ir suvlaridan to‘yinadi va ularning rejimi yil davomida o‘zgarmaydi. Markaziy Osiyo daryolari - Amudaryo, Sirdaryo, Ili, Tarim baland tog‘ muz va qorlarining erigan suvlaridan to‘yinib, yozning boshida to‘lib oqadi, kuzda va qishda keskin kamayadi.

Yevrosiyo ko‘llari
Yevrosiyoda ko‘llar juda ko‘p. Ularning asosiy qismi materikning shimoliy va sharqiy o‘lkalarida joylashgan. Dunyodagi eng katta (Kaspiy 371 ming km.kv) va eng chuqur (Baykal 1620 m) ko‘l ham shu materikdadir.  Hosil bo‘lishiga o‘ra, tektonik (Baykal, Jeneva, Issiqko‘l), to‘g‘onli (Sarez), vulqonli, morena, qoldiq (Kaspiy, Orol) ko‘llar mavjud.
 

Hozirgi zamon muzliklari chuchuk suvlarning asosiy manbaidir. Shulardan biri Pomir tog‘idagi Fedchenko muzligi. Uning uzunligi 72 km, qalinligi o‘rta qismida 1000 m, eni 1700-3100 m.

Suv oqimiga ko‘ra ko‘llar oqar (Baykal, Onega), oqmas (Issiqko‘l, Balxash, Kaspiy, Orol) ko‘llarga bo‘linadi. Sun‘iy ko‘llar ham mavjud. Deyarli barcha daryolarda elektr energiya olish, yerlarni sug‘orish, selga qarshi kurash kabi maqsadlarda katta-kichik suv omborlari qurilgan. Tekisliklarda kema qatnovini tartibga solish, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish maqsadida ko‘plab kanallar barpo etilgan.

Materik yer osti suvlariga ham boy. Yirik tekisliklarning tagida yer osti suvlarining juda katta zaxirasi bor. Ular faqat daryolar va ko‘llarni suv bilan ta'minlab qolmasdan, aholining ham suvga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi.
Muzloq yerlar
Ko‘p yiilik muzloq yerlar Yevrosiyoning shimoliy qismida katta maydonlarni egallaydi. Ular yer osti suvi bilan tog‘ jinslarining muzlashidan hosil bo‘ladi. Ularning harorati doimo 0°C dan past. Doimiy muzloq yerlarning qalinligi janubdan shimol tomonga ortib boradi (0-1500 m). Geyzerlar, buloq suvlari ham yer osti suvlarini tashkil etadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив