loading...

Muhammad Narshaxiy 

10210

Muhammad Narshaxiy
(899-959)
  Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy (to`liq ismi Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far ibn Zakariyya al-Xattob ibn Shariq  an-Narshaxiy) X asrning birinchi yarmida Buxoroda yashagan mashhur tarixchi olimdir. U 943-944-yillar davomida yozilgan va Ismoil Somoniyning evarasi, Buxoro hukmdori Amiri Hamid Abu Muhammad Nuh ibn Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniyga taqdim etilgan mashhur «Taqhihi al-viloyat» asari O`rta Osiyoning IX-X asrlarga oid ma’lumotlarni va somoniylar sulolasi tarixini bayon etuvchi yagona va qimmatli mukammal manba hisoblanadi. «Taqhihi al-viloyat» kitobini ba’zan «Axbori Buxoro», «Buxoro tarixi» va «Narshaxiy tarixi», deb ham ataganlar.
  Narshaxiyning tarjimai holi haqida to`liq ma’lumot beruvchi manba yo`q. Qadimgi tarix kitoblarida yozilishicha, u Buxoro ahlidan bo`lib, Narshax qishlog`ida dunyoga kelgan. Ammo Narshax qishlog`ining qayerdaligi haqida biror aniq fikr mavjud emas. Le­kin «Buxoro tarixi» kitobida Narshax qishlog`ining Buxorodan shimol tomonda joylashgani haqida ba’zi ma’lumotlar keltirilgan. Bundan tashqari, olim o`z asarida Narshax hisori (qo`rg`oni, qal’asi) haqida so`z yuritadi. Tarixdan ma’lumki, bunday qal’alar baland tepaliklarda qurilib, himoya vositasi vazifasini o`tagan. Bu tepalar respublikamizning turli qismlarida hozirga qadar ham mav­jud. Xuddi ana shunday tepalardan biri  Narchoqtepa qoldiqlari Buxoro viloyatining Vobkent tumani hududida saqlanib qolgan. Tepa yaqinidagi qishloq esa Narchoq deb ataladi. Asrlar davomida mahalliy aholi tilida «Narshax» so`zining «Narchoq» ko`rinishiga kelganini inobatga olsak, buyuk olimni xuddi shu qishloqda tavallud topgan, deb aytish mumkin.
  «Buxoro tarixi» asarining arab tilidagi nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Kitob 1128-yili Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al-Quboviy (asli Farg`ona viloyatining Quva shahridan bo`lishi mumkin) tomonidan fors tiliga o`girilgan va tarjima jaryonida bir qator qisqartirishlarga o`chragan. 1179-yilda Muhammad ibn Zufar kitobni yana tahrir qilib, qisqartirib ko`chirgan va kitobning ana shu ikki marta qisqartirilgan nusxasigina saqlanib qolgan.  «Buxoro tarixi» asarida turli tarixiy vokealar tasviri bilan bir qatorda Buxoro atrofi tabiati, topografiyasi, shahar va qishloqlari, mavjud boyliklari, aholisi va uning asosiy mashgulotlari to`g`risidagi georafik ma’lumotlar tarixiy qiyosiy tahlil nuqtai-nazaridan juda muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, Narshaxiy Buxoro shahrining Numujkat, Madinat as-Sufriya («Mis shahar»), Madinat at-Tujor («Savdogarlar shahri»), Foxira degan nomlari bo`lganini aytib, «Xurosonda hech bir shaharga buncha ko`p nom berilmagan», deb yozadi.  Narshaxiy Buxoro viloyatidagi shaharlarni ham qisqacha ta’riflagan. Uning yozishicha, «Afshina (Ibn Sino tug`ilgan hozirgi Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Afshona qishlog`i) katta bir shahar bo`lib, qal’asi bor. Bir necha qishloqlar unga qarashlidir. Haftaning muayyan bir kunida u yerda bozor bo`ladi». «Karminada (hozirgi Navoiy viloyatidagi Karmana shahri) mullalar va shoirlar ko`p bo`lgan. Buxorodan to Karminagacha 12 toshdir». Agar bir toshning taxminan 8,6 kilometrga teng ekanligini hisobga olsak, Buxoro va Karmana shahri o`rtasidagi masofani (100 km. dan ortiq) Narshaxiy o`z asarida to`g`ri ifodalagan.
  Buxoro yaqinidagi Poykent shahri to`g`risida bunday yozadi: «Birov Poykentni qishloq desa, bu yer aholisi xafa bo`ladi. Agar bir kishi Poykentdan Bag`dodga borsa va undan «qayerdansiz?», deb so`rasalar, «Poykentdanman» deydi-yu, ammo «Buxorodanman» demaydi». Qadimiy bu shahar Buxoro shahridan 60 km uzoqlikda, hozirgi Buxoro viloyati Qorako`l tumani hududida joylashgan bo`lib, bizgacha uning vayronalarigina saqlanib qolgan. Narshaxiyning yozishicha, «Poykentdan to Farobgacha bo`lgan 12 tosh masofalik joy qum cho`lidir». Ma’lumki, Farob hozirgi Turkmaniston hududida, Amudaryo yaqinida joylashgan shahardir.
  Narshaxiy o`z asarida Zarafshon daryosini «Rudizar» va «Haram-kom», deb tilga olib, ushbu daryo va unga tutash hududlarni shunday ta’rif qiladi: «Samarqand tomonida bir katta daryo borki, uni Rudi Mosaf - Mosaf daryosi deb ataydilar. Bu daryoda juda ko`p suv yig`ilgan, bir talay yerlarni yuvib-o`pirib, ko`p loyqalarni surib
kelgan va natijada (uning quyi qismi) tekis yerga aylandi va u katta botqoqliklar bo`lib qolgan. Buxoro o`rnashgan joy asta-sekin to`lib, daryo So`g`d va bu loyqalar to`lgan mavze Buxoro bo`lib qoldi.
  Bu daryoning ...jannatni eslatuvchi go`zal maqomidan ko`ra biror joy va manzil yo`q, chunki uning hamma joyi saroylar, bog`lar, gulzorlar va bo`stonlar bilan qoplangan. Uning chamanzorlari bir-biriga tutashib ketgan va ularning oralaridan ariqlar o`tib, chamanzorlar va gulzorlar tomon ming tarafga oqar edi. Bu chorbog`larda nashvati, bodom, yong`oq, gilos, chilonjiyda va anbar bo`yli jannatda bo`ladigan har xil mevalar g`oyatda yaxshi va go`zal tarzda o`tkazilgan edi».
  Narshaxiy o`z asarida Zarafshon daryosining quyilish joyi to`g`risida ham ba’zi ma’lumotlarni keltiradi. Uning yozishicha, «Haramkom suvi Poykentga o`qib boradi. Poykentdan keyin to`qayliklarga va katta ko`lga tutashadi. Bu ko`lni... Bargin Farax deydilar. Qorako`l deb ham ataydilar. Ishonchli kishilarning aytishicha, uning kengligi 20 toshdir. «Masolik va mamolik» kitobida yozilishicha, uni Somchan qo`li deb ataydilar. Buxoro suvining ortiqchasi o`sha joyga yig`iladi va unda suv jonivorlari yashaydi. Xurosonning hamma joyidan qush va baliq jami bunga teng kelmaydi».
  Hozirgi vaqtda Buxoro viloyati Qorako`l tumaniga eng yaqin joy­lashgan ko`l – Dengizko`l va Zarafshonning chap tarmog`i Qorako`ldaryo unga quyiladi. Ushbu ko`lning uzunchoq ekanini inobatga olsak, Narshaxiy o`z asarida 20 tosh (170 kilometrga yaqin) uzunlikdagi ko`l, deb aynan Dengizko`lni nazarda tutgan bo`lishi mumkin.
  O`rta Osiyoning VIII—XII asrlardagi tarixi va tarixiy geografiyasi haqida so`z yuritilar ekan, Narshaxiyning nomi tilga olinmagan bironta tadqiqotni topish qiyin. Shuning uchun ham yillar o`tgan sayin olim qoldirgan durdona asarning ahamiyati oshib boraveradi. Uning muborak nomi esa sharqning buyuk allomalari qatorida bundan buyon ham faxr bilan tilga olinaveradi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив