loading...

Mahmud Koshg`ariy 

25381

Mahmud Koshg`ariy
(1029-1101) 
 Mahmud Koshg`ariy (to`liq ismi - Mah­mud ibn al-Husayn ibn Muhammad al- Qoshg`ariy) - XI asrda yashab o`tgan Muhammad Issiqko`l bo`yidagi Barsxon shahrining amiri bo`lgan. Keyinchalik Xitoyning Qashqar shahriga ko`chib o`tgan va shu yerda 1029-yilda o`g`li Mahmud dunyoga kelgan.
  Mahmud Koshg`ariyning hayoti to`g`risida bizgacha juda kam ma’lumot yetib kelgan. Ammo shu narsa ma’lumki, Qoraxoniylar avlodiga mansubligi Mahmudga yoshlik davridayoq dastlab tug`ilgan shahrida, keyinchalik Buxoro, Samarqand, Nishopur va Bagdod shaharlarida chuqur bilim olish imkoniyatini bergan.
  Mahmud Koshg`ariy bolaligidanoq turli tillarga, ayniqsa, turkiy qabilalar tillari, folklori va etnografiyasiga juda qiziqqan. Shuning uchun ham u hayoti davomida uzoq sayohatlarda bo`lgan va tashrif buyo`rgan shahar va qishloqlaridagi taassurotlarini, turli urf-odatlar, afsonalar, maqollar va tarixiy hikoyalarni yozib olib, turkiy qabilalariing tili va shevalariga oid ma’lumotlarni qog`ozga tushirgan.
  Manbalarga ko`ra, Janubi-G`arbiy Osiyoning bir qator shahar­larida bo`lgan Mahmud Koshg`ariy Bag`dodda bir necha yil yashagan va bu yerda arab tili va adabiyotining eng nozik xususiyatlarini o`rgangan. Ammo turkiy tillarning xususiyatlarini o`rganish maqsadida olim bir necha yillar mobaynida «Rumdan Mochingacha» - O`rtayer va Qora dengiz bo`ylaridan to Xitoygacha sayohat qilgan, tur­li qabilalar yashaydigan yerlar, shahar va qishloqlarni kezgan.
  Bu haqda Koshg`ariy shunday deb yozib qoldirgan: «Men turklar, turkmanlar, o`g`uzlar, chigillar, yag`molar, qirgizlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini ko`p yillar kezib chiqdim, lug`atlarini to`pladim, turli xil so`z xususiyatlarini o`rganib, aniqlab chiqdim. Men bu ishlarni til bilmaganim uchun emas, balki ushbu qabilalar tillarining ma’no va shakliga oid xususiyatlarni va ulardagi kichik farqlarini aniqlash uchun amalga oshirdim... Ularga shuncha diqqat qildimki, turklar, turkmanlar, o`g`uzlar, chigillar, yag`molar va qirgiz qabilalariniig tillari butunlay dilimga jo bo`ldi. Ularni har tomonlama puxta, bir asosda tartibga soldim».
 Uzoq muddatli safarlari natijasida to`plangan tarixiy, lingvistik, geografik va etnografik ma’lumotlarni tizimlashtirgan Mahmud Koshg`ariy 1072-1074-yillar davomida Xitoy va Mo`g`ulistondan tortib to Vizantiyagacha bo`lgan hududda yashovchi 30 ga yaqin turkiy qabilalariing XI asrdagi hayoti, ya’ni tili, urf-odatlari va turmush tarzi nuqtai-nazaridan qimmatli bo`lgan buyuk asari «Devonu lug`otit turk»ni (Turkiy so`zlar lugati, bundan keyin «Devon») yaratdi. Shunisi e’tiborga loyiqki, ko`pgina zamondoshlaridan farqli o`larok Mahmud Koshg`ariy o`z asarini arab tilida emas, balki turkiy tilda yozgan. Manbalarda ko`rsatilishicha, olim ushbu asarini bir necha bor tahrir qilib, 1077-yilda Halifa Muqtadirga taqdim etgan.
  «Devon»da turkiy xalqlarning folkloriga oid materiallar marosim qo`shiqlari, eposlar, tarixiy xotira va afsonalar keng yoritilgan. Shuningdek, bu asarda tibbiyot, astronomiya, geografiya va etnografiyaga oid qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Sharqshunos olimlarning fikricha, «Devon» XI asrdagi turkiy xalqlar hayoti, ular madaniyatiga oid turli predmetlar, turmush tarzi, etnonimlari, toponimlari, urug`-qabila munosabatlari, urug`chilikka oid tushunchalar, turli mansabdor shaxslarning unvonlari, oziq-ovqat maxsulotlari, uy va yovvoyi hayvonlari, chorvachiligi, geografik terminologiyasi, shaharlari, kasalliklarning nomi va dori-darmonlari, metall va minerallari, harbiy, sport va ma’muriy sohaga oid tushunchalari, turli tarixiy va afsonaviy qahramonlarining nomlari, diniy, etnik marosimlari va hatto, bolalar o`yinlari haqida to`liq ma’lumot beruvchi yagona axborot manbai hisoblanadi.        
  Mahmud Koshg`ariy «Devon»ni yaratish jarayonida o`z oldiga faqat turkiy tillarga oid so`zlarni o`rganishni maqsad qilib qo`ygan. Shu bois olimning umumiy turkiy tillarni o`rganish, til shevalarining qiyosiy grammatikasini to`zish, folklor va etnografiya sohasidagi xizmatlari benihoya katta. Shu bilan birga Koshg`ariy turli tabiiy fanlar terminologiyasini, jumladan, geografik terminlarni yaratish ishiga ham katta hissa qo`shgan. «Devon»dan Mahmud Koshg`ariyning bebaho geografik merosi - tabiiy geografik terminlar, joy nomlari va ularning izohi, asarga ilova qilingan dunyo xaritasi, O`rta Osiyoda ayrim qabilalarning joylashishi haqidagi aholi geografiyasiga, astronomiyaga doir taqvim tizimi, muchallar va ularning tarixiga oid muhim ma’lumotlar o`rin olgan.
  «Devon»ga XI asrda yaratilgan dunyoning noyob xaritasi ilo­va qilingan va unda turkiy qabilalar yashaydigan va boshqa yerlar ko`rsatilgan. Ushbu xarita bitta doiradan iborat bo`lib, uning asosiy qismi hozirgi sharqiy yarimsharga to`g`ri keladi. Manbalarga ko`ra, xaritaning arabcha bosma nusxasining diametri 24 sm, o`zbekcha nusxasiniki esa 18 sm ga teng.
  Mahmud Koshg`ariy xaritasining qiziq tomoni shundaki, unda ba­land tog`lar yoki yirik daryolar qalin chiziqlar bilan, kichikroqlari ingichka chiziqlar bilan ko`rsatilgan. Xaritaning aylanasiga to`q yashil rang doira chizilganki, uni ko`rgach, yer yuzini hamma tarafdan okeanlar o`rab olgan, degan tasavvur hosil buladi. Bu esa xarita muallifi Mahmud Koshg`ariyning kartografiya qonuniyatlaridan yetarli darajada xabardor bo`lganligidan dalolat beradi.
  Taqdir taqazosi bilan «Devon» to`g`risida M.Koshg`ariyning zamondoshlari va undan keyin yashagan olimlar biror bir ma’lumot yozib qoldirishmagan. Asarning asl nusxasi saqlanib qolmagan va undagi ma’lumotlar Koshg`ariy zamonidan 200 yil o`tib, kitobni 1266-yilda qayta ko`chirgan xattot (kitob ko`chiruvchi) Muhammad ibn Abubakrning sharofati bilan bizgacha yetib kelgan.
  Oradan sakkiz asr o`tib, 1904-yilda Vengriya Fanlar Akademiyasi tomonidan «Devon» ilk bor nashr etilgach, ushbu asar lingvistlar, tarixchilar, geograf va etnograflarning diqqat e’tiboriga tushdi. Oradan o`n yil o`tgach, 1914-yilda Istanbul bozorida asarning aslidan ko`chirilgan nusxasini qadimiy qo`lyozmalar ishqibozi Ali Amiriy bir kitobfurushdan tasodifan sotib olgan. Mazkur qo`lyozma 319 varaqli katta bir jilddan iborat bo`lib, varaqlari titilib, yirtilib ketgan bir holatda edi. Shuning uchun ham Ali Amiriy turkshunos hamda eski kitoblarni ta’mirlovchi usta Rifat Kilasliga ushbu qo`lyozmani tartibga keltirishni topshiradi. R. Kilasli «Devon»dan nusxa olib, uning birinchi va ikkinchi kitobini 1915-yilda va uchinchi kitobini 1917- yilda Istanbul shahrida chop ettirgan. Xuddi ana shu vaqtdan boshlab «Devon»ni turli jixatdan keng tadqiq etish ishlari boshlanib ketgan.
  Asarni til nuqtai-nazaridan o`rganish va chop etish bilan juda ko`p mutaxassislar shug`ullanishgan. Jumladan, nemis olimi K. Brokkelman asardagi terminlarni alifbo asosida ifodalab, ularning nemis tilidagi tarjimasini chop qildirgandi. Turk oli­mi Bosim Olatoy 1914-yilda qo`lyozmaning nusxasini turk tiliga tarjima qilgan va uni 1934-1943-yillar davomida uch tomli kitob qilib Ankarada nashr ettirgan. 
  O`zbek tilshunos olimi Solihqori Mutallibov «Devon»ning matnini va mazmunini 1960-1967-yillar davomida chuqur o`rganib, o`zbek tiliga to`liq tarjima qilgan. Bu tarjima turkshunos tadqiqotchilar uchun katta imkoniyatlar to`g`dirib, ularning ishini ancha yengillashtirdi. Asarning uyg`ur tilidagi tarjimasi Xitoyda nashr qilingan bo`lsa, Ozarbayjon olimi A.Demirchizodaning ma’lumotiga ko`ra, «Devon» Ozarbayjon tiliga ham tarjima qilinib, chop etilgan.
  Mahmud Koshg`ariy 1101-yilda 72 yoshida vafot etgan. Uning maqbarasi hozirgi Xitoyning Shinjon-Uyg`ur avtonom rayoni Shufu okrugidagi Vupar shaharchasida joylashgan.
  Mahmud Koshg`ariyning «Devon»i qomusiy asar bo`lib, u til va adabiyot, geografiya, kartografiya, astronomiya, etnografiya va boshqa bir qator fanlar nuqtai- nazaridan qimmatli ma’lumotlarni o`zida aks ettirgan. Shu bois ham turli soha vakillari Koshg`ariyni «o`zlariniki» deb hisoblashadi. Darhaqiqat, olimning yozgan «Devon»idagi ma’lumotlarni ko`rib, beixtiyor «Koshg`ariy geografmi yoki filolog, etnografmi yoki kartograf», degan savol tug`iladi. Bu esa Koshg`ariyni o`z zamonasining yetuk qomusiy allomasi bo`lganidan dalolat. Shuning uchun ham Sharqshunos N. Baskakov Mahmud Koshg`ariyni «turkiy tillarni qiyoslash borasidagi yo`lchi yo`lduz», deb atagan bo`lsa, yana bir taniqli filolog-Sharqshunos A. Samoylovich olimni «XI asrning Radlovi», deya ta’riflagan edi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив