Kitob o`qishga odatlanaylik!
"Kitob o`qishni juda
xohlayman, lekin hech ham qo`limga bir kitob ololmayman yoki bir kitobni
boshlasam, oxirigacha o`qiy olmayman. Kutubxonam boshlab qo`yib tugallanmagan
kitoblar bilan to`lib ketgan. Qanday qilib kitob o`qishga odatlanish mumkin?”
kabi savollar ko`pchilikni qiynab keladi.
Bunday holatda nima qilish
mumkin? Ba’zilarimiz hatto kitob o`qishning ahamiyatini hali to`liq tushunib
yetmagan bo`lsak, ba’zilarimiz buni bilsak ham, o`zimiz istagan saviyada kitob
mutolaa qilolmayapmiz.
Kitob o`qish, avvalambor,
qiziqishni talab qiladi. Biror narsaga qiziqmasdan turib kitob o`qib bo`lmaydi.
Kitob, asosan, ikki sababga ko`ra o`qiladi. Birinchisi "Kitob o`qish men uchun
juda muhim, kitob o`qimasam bo`lmaydi”, degan fikr bo`lsa, ikkinchisi
"qiziqish”dir. Birinchi fikrni ikkinchi sabab qo`llab quvvatlamasa istalgan
natijaga erishib bo`lmaydi. "Qiziqish”ning o`zi ham kitob o`qish uchun yetarli
sabab bo`la oladi. Biroq "Kitob o`qimasam bo`lmaydi, chunki...” kabi fikrlar
buning davomiyligini ta’minlay olmasligi mumkin.
Qiziquvchan odamlar kitob o`qishda qiynalmaydilar: "Bu masalada shu kitobda nima deyilgan ekan? Shu kishi bu
mavzuda qanday fikr bildiribdi? Bu yozuvchi masalaga qanday yondashibdi?” va
hokazo... Kitobxon biror bir mavzuga berilib, kitobning ichki olamiga cho`mib
mutolaa qilsa, o`zini o`qishga majburlash u yoqda tursin, kitob o`qimasdan
turolmay ham qoladi.
"Yoshlikda olingan ilm, toshga
o`yilgan naqsh kabidir”, deb bejizga aytilmagan. Bolalar ota-onalari o`qib bergan
ertaklari-yu, boshlang`ich sinfda o`zlari o`qishni boshlagan hikoyalari orqali
kitob dunyosiga kirib boradilar. Shuning uchun bu yillar alohida e’tiborni
talab qiladi. Chunki kitob o`qishga qiziqishning poydevori mana shu yillarda
shakllana boshlaydi. Bog`chaga bormaydigan bolalarga uyda albatta hikoya va
ertaklar o`qib berish kerak. Farzandimiz maktabga borishni boshlaganda esa
maxsus oilaviy mutolaa soatlari belgilanib, bu soatlarda barcha oila a’zolari
kitob o`qish bilan shug`ullanishlari lozim bo`ladi.
Bir ota yoki ona, qo`lida televizor pulti, bir kanaldan ikkinchisiga sakrab o`tarkan, bolasiga "Qani bolam, kitoblaringni olib, to`g`ri xonangga bor!” desa, sizningcha bu holat qanchalik ta’sirli bo`lishi mumkin. Shu o`rinda "Ishdan
charchab kelib kitob o`qib bo`larmidi?” degan savol tug`ilishi yoki
"kechqurunlari o`qishga qiynalaman” degan bahonalar xayolga kelishi tabiiy.
Buning ham ilojisini topsa bo`ladi – nega endi oila a’zolaridan biri hamma
uchun qiziqarli bir kitobni o`qib bermasin? Baribir vaqtimizni turli serial va
filmlarga ajratyapmiz-ku. Kumush, Gvadelupe, yoki boshqalarning bu seriyadagi
taqdiri biz uchun qiziq bo`ladi-yu, o`z taqdirimiz, farzandlarimizning kelajagi
qiziq emasmi?..
Oilaviy kitob o`qish soatlari
orqali farzandimiz ham bizdan yaxshi o`rnak oladi, o`zimiz ham kitob o`qish
uchun alohida belgilangan vaqtga ega bo`lamiz. Bu esa oilada kitob o`qish odati
va madaniyatini yanada rivojlantiradi. Mutolaa uchun ajratilgan soat yakunida
har bir kishi o`qigan kitobidagi o`zi yoqtirgan va qiziqarli bo`lgan joylarini
boshqalar bilan baham ko`rishi ham mumkin. Bu orqali oiladagi birdamlik va
samimiyat tuyg`ulari mustahkamlanadi, shu bilan birga, kitob o`qishga bo`lgan
qiziqish ortib boradi.
Bu maqola balki "Oila” rukniga
ko`proq mos kelar. Biroq ta’lim-tarbiya kabi mas’uliyatli ishni o`z zimmasiga
olgan o`qituvchi, avvalambor, o`zi mutolaa zavqidan bahra olmay turib,
boshqalarga kitob sevgisidan so`z ochishi va bu masalada ta’sirini o`tkaza
olishi amri mahol. Qolaversa, hamma narsa oiladan boshlanadi. O`zi va oilasiga
yordam berolmagan kishidan boshqalarga yordam berishni kutish ham biroz mushkul
ish.
Kitob dunyosi jozibasi va go`zalligidan hech
bir inson mahrum qolmasligi lozim.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.