Yer qimirlaganda aholinining harakati to‘g‘risida eslatma!
Yer qimirlashi - eng qo‘rqinchli va inshootlarni vayron qiluvchi tabiat hodisasi hisoblanadi. U yer sharining seysmik faol qismida vujudga keladi.
O‘zbekiston Respublikasi shunday seysmik faol hududlardan biri bo‘lib, ayrim tumanlarda yer qimirlash kuchi 9 ballgacha yetadi.
Yer silkinishining kuchi 12 balli shkalada aniqlanadi. Yer yuzasida namoyon bo‘lishiga qarab yer qimirlash quyidagicha izohlanadi:
- 1-3 balli - kuchsiz;
- 4-5 balli - sezilarli;
- 6-7 balli - kuchli;
- 8-10 balli - vayron qiluvchi;
- 11-12 balli - halokatli.
Yer silkinishi ro‘y berganda insonlarda paydo bo‘lgan qo‘rquv uning hayot uchun xavfli harakatlar qilishiga olib kelishi mumkin. Seysmik faol hududlarda doimo yashaydigan yoki vaqtincha u yerda bo‘lgan aholi yer silkinganda oddiy ehtiyot choralarini bilishlari va ularni qo‘llashlari shart.
Yodingizda bo‘lsin, yer silkinishidan avval, silkinish davrida va undan keyin o‘zini boshqara olgan inson, qo‘rquvni yengishi osonroq kechadi.
Yer qimirlaganda aholini muhofaza qilish chora tadbirlari
1. Yer silkinishi xavfi bo‘lganda binodan chiqish yo‘lini oldindan belgilab qo‘yish kerak. Yodingizda bo‘lsin - yer silkinishi yarim tunda ham yuz berishi mumkin. Chiqish yo‘llari, eshiklar odamlar bilan tirband bo‘lib, tashqariga tez chiqishni qiyinlashtiradi. Binoni tez tark etish birinchi qavat derazalari orqali ham amalga oshiriladi.
2. Uyingizdagi xavfsiz joylarni oldindan belgilab qo‘ying, bu - xonaning asosiy devorlari orasidagi burchagi, ichki eshiklar o‘rni, stol, karavot, stanoklar osti bo‘lishi mumkin. Yer qimirlaganda uyning eng havfli joylari - ichki va tashqi deraza ostilari, devorlarning oyna bilan qoplangan qismlari, ayniqsa oxirgi qavatlardagi burchakda joylashgan xonalar, lift va zinapoya maydonchalari bo‘lishi mumkinligini hisobga olish kerak.
3. Oila a’zolari va bolalarga xavfsiz joyni egallashni o‘rgatish zarur.
4. Oilangiz a’zolari va o‘zingiz kvartirangizda, pod’ezdda, uyingizda gaz, elektr, suvni o‘chirish yo‘llarini bilishingiz lozim.
5. Qariya, nogiron va bolalar xavfsizligini ta’minlash yo‘lini oldindan o‘ylab qo‘ying.
6. Xonalardagi shkaf, kitob javonlarni devorlarga mahkamlab qo‘ying. Uy jixozlarni uxlaydigan o‘rinlarga yiqilmaydigan holatda, eshik va chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘ymaydigan qilib joylashtirish kerak.
7. Javonlar, shkaflar ustidagi og‘ir buyumlar qattiq mahkamlab qo‘yilishi yoki odam ustiga tushib ketishi mumkin bo‘lgan buyumlar pastga yoki ishonchli joyga joylashtirilishi shart. Dam olish o‘rinlari derazadan, katta oynalardan, tushib ketishi mumkin bo‘lgan buyumlardan uzoqroq bo‘lishi shart.
8. Javonlarni dam olish o‘rinlaridan, xonaga kirish eshigidan, rakovina va unitazlardan uzoqroq joyga o‘rnating.
9. Uyga kirish yo‘lini, yo‘laklarni, va zinapoyalarni buyumlar bilan to‘sib qo‘ymang.
10. Tez alangalanuvchi va o‘yuvchi suyuqliklar solingan idishlarni yer qimirlab, bino silkinganda tushib ketib, portlab yoki yonib ketmaydigan xavfsiz joyda saklang.
11. Jarohatlanganda, umuman har qanday xavf bo‘lganda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini o‘rganing. Doimo uyingizda dori-darmonlar, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish qutichasini saqlang.
12. Garaj yoki dala, xovli yerto‘lasidan yashirinish joyi sifatida foydalanish mumkin. U yerda ofat tugagunga qadar berkinish, oziq-ovqat zahirasini, kiyim-kechak va kerakli narsalarni saqlash mumkin. Shu bilan birga, qaltis qiyaliklar va ko‘chki xavfi bo‘lgan joylarda qurilgan uylar xavfli bo‘lishi mumkinligi yodingizda bo‘lsin.
13. Uyingiz xolatini tekshirib chiqing, uni mustahkamlash yo‘llarini aniqlang.
14. Uyingiz yoki ish joyingiz qishloqdagi aholi yashayotgan joylarda joylashgan bo‘lsa, xavfli jarayonlar, ya’ni sel kelishi, ko‘chki xavfi bo‘lgan tog‘ hududida, suv bosishi mumkin bo‘lgan hududlarda ekanligini aniqlab, oila a’zolari va qo‘shnilar bilan birgalikda xavfsiz joyga chiqish yo‘llarini belgilab qo‘ying. Chunki yer silkinishi natijasida yer ko‘chkisi, o‘pirilishi, siljishi, tosh ko‘chkisi, yerning yorilishi, tuproq qatlamlarning cho‘kishi, tuproqning siqilib balchiqqa aylanish hollari yuz berishi mumkin.
Kuchli yer silkinish vaqtida
Yer qimirlash ro‘y berganda, yerning yuza qismi uncha uzoq bo‘lmagan vaqt tebranib turadi. Yer silkinish davri – silkinish yer qatlamining yuzasida va yaqin masofada bo‘lsa bir necha soniya, chuqurroq va olisda bo‘lsa 2-3 daqiqagacha davom etishi mumkin. Bu tebranishlar insonga noqulaylik tug‘dirib, qo‘rquvga tushiradi. Lekin yer silkinishining to‘xtashini kutishdan boshqa chora yo‘q. Shuning uchun sarosimaga tushmaslikka harakat qiling, osoyishtalik va xotirjamlikni saqlash juda muhim. Yer qimirlayotganda xotirjamlik va aql bilan ish ko‘rsangiz talofotsiz chiqishingizga ko‘proq imkoniyat bo‘ladi. Bundan tashqari atrofingizdagi odamlar sizdan o‘rnak olishadi va bu ular uchun nihoyatda foydali.
Xonaning ichida
1. Agar siz yer yoki binoning silkinishini sezsangiz, darxol xavfdan qutilishga harakat qiling, eng katta xavfni yuqoridan tushadigan jismlar yaratishi mumkinligiga ahamiyat bering.
2. Agar siz ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida xom g‘ishtli, pishgan g‘ishtli yoki paxsa devorli shaxsiy uylarda yashasangiz, yer qimirlash boshlanishi bilan 15-20 soniya ichida darhol uyning ichidan tashqariga chikib keting va elektr simlari, gaz quvurlari va baland imoratlar tagidan uzoqroqqa ochiq joyga o‘ting.
3. Agar xonaning ichida qolsangiz oldindan belgilab olingan xavfsiz joyga turib oling. Mabodo yuqoridan suvoq parchalari, yoritgich asboblari, oyna siniqlari tushadigan bo‘lsa, stol yoki krovatlar tagiga berkinib oling. Maktab o‘quvchilari partalarning tagiga kirib, oynaga teskari o‘girilib, boshlari va yuzlarini qo‘llari bilan berkitib olishlari zarur.
4. Agar siz ko‘p qavatli uylar va imoratlarning birinchi qavatidan yuqorida bo‘lsangiz, hech qachon lift yoki zinapoyalarga qarab
yugurmang, chunki ko‘p hollarda yer qimirlash davrida ushbu qurilmalar birinchi navbatda qulaydi. Bunday hollarda uyning eshigini ochib uning o‘rniga turing. Eshik kesakisi qotib qolsa xavotir bo‘lmang, bu hol imorat devorlarining og‘ishidan bo‘ladi.
5. Har qanday binoning oynaband devorlaridan uzoqroqda, asosiy devori yonida turishga harakat qiling. Oyna to‘siqlardan ehtiyot bo‘ling.
6. Ikkinchi va yuqori qavatdan yuqori qavatlarda bo‘lsangiz, zinhor derazadan pastga sakramang, chunki binoga zarar yetkazilmasa ham, siz jarohatlanishingiz mumkin.
7. Sakrashga majbur bo‘lgan hollarda zinxor yopiq deraza oynasiga qarab sakramang, oynani taburetka yoki yelkangiz bilan sindirib keyin sakrang.
8. Odamlar bilan gavjum joylarda (do‘kon, kinoteatr, maktab, oliygoh, vokzal) sarosimaga tushmang, binoning asosiy devorlariga, ustunlarga yaqinroq osilib turgan buyumlardan, qandil, shamollatgich, reklama taxtalardan uzoqroq turish kerak.
9. O‘zingizni xotirjam tuting, atrofingizdagilarni sarosima tushiradigan harakatlar qilmang, eshik va yo‘laklarda tirbandlik hosil qilmang.
10. Qishloq joylarida yer silkinishi oqibatida yer ko‘chkisi ro‘y berishi, sel kelishi, tog‘ toshlari tushishi mumkin. Shuning uchun tepaliklar ustiga yoki suv bosmaydigan, yuqoriroq joyga chiqib olishga yoki tik tog‘ yonbag‘irlaridan ostidan uzoqroq joylarga o‘tishga harakat qiling.
11. Molxonalar yonida turish mumkin emas, chunki xurkib ketgan hayvonlar tagida qolib ketish xavfi mavjud.
Ko‘chada
1. Ko‘p qavatli bino ostida turgan bo‘lsangiz, ochiq joyga chiqishga harakat qiling, chunki bino silkinishi natijasida siniq parchalari ustingizga tushishi mumkin. Elektr simlari tagida ham turmang, uzilib ketishi mumkin. Uzilib ketgan simlardan ehtiyot bo‘ling.
2. Bino bo‘ylab uning tagida yugurmang, binoga kirmang, yuqoridan tushishi mumkin bo‘lgan bo‘laklar hayotingiz uchun xavfli.
3. Yer silkinayotgan vaqtda avtomobilda ketayotgan bo‘lsangiz, yuqori qavatli binolar, elektr simi, tik yonbag‘irlar, ko‘priklar, benzin quyish shoxobchalari, daryo o‘zanidan uzoqroq joylarga borib mashinani asta to‘xtating.
Yer qimirlaganidan so‘ng
Yer qimirlashi to‘xtagandan keyin binolarning holatini, jabrlangan odamlarni kuzatishingiz mumkin. Bunday hollarda xotirjamlik bilan darhol shikastlangan, jaroxatlanganlarga yordam ko‘rsatishni boshlang.
1. Yordamga muhtoj odamlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsating. Jarohat olganlarni sovuq qotmasligi uchun ko‘rpa bilan o‘rang va shifoxonaga yuboring.
2. Kasallar, bolalar va qariyalar xavfsizligini ta’minlang, ruhiy dalda bering.
3. Yengil buyumlar ostida qolganlarga yordam bering. Ehtiyot bo‘ling. Qo‘shimcha tibbiy yoki boshqa yordamga xojat bo‘lsa yordam kelguncha kuting.
4. Yong‘in o‘chog‘ini sezsangiz, iloji boricha o‘chirishga harakat qiling.
5. Elektr simlarini uzilmaganligini tekshirib ko‘ring. Buzilgan joyini tuzatishga harakat qiling yoki elektr tarmog‘ini o‘chirib qo‘ying.
6. Suv tarmog‘ini tekshirib chiqing. Agar buzilgan bo‘lsa, tuzatishga harakat qiling yoki tarmoqdan uzib qo‘ying.
7. Gaz tarmog‘ini jumragidan berkitib qo‘ying, agar gaz tarqalish xavfi mavjud bo‘lsa, uni hididan aniqlang, gugurt yoki shamdan foydalanmang.
8. Kanalizatsiya quvuridan foydalanishdan oldin, uning sozligini bino ichida, yerto‘lada tekshirib ko‘ring.
9. Xavfli yengil alanga oluvchi suyuqliklar to‘kilgan bo‘lsa (benzin, kimyoviy moddalar va boshqalar), tezda bartaraf qiling va bu haqda boshqalarga xabar bering.
10. Vayron bo‘lgan binolar yoniga bormang, ularning ichiga kirmang. Agar sizning yordamingiz kerak bo‘lmasa, yer qimirlagan va vayron
bo‘lgan joyga kirmang.
11. Yerto‘la eshiklarini ochishda ehtiyot bo‘ling, chunki ustingizga suvoq parchalari, ustunlar yoki og‘ir jismlar tushishi mumkin.
12. Telefonni keraksiz axborotlar uchun band qilib turmang, chunki telefon yordamga chaqirish, muhim hodisalar, yaradorlar va jinoyatchilar haqida axborot berish uchun kerak bo‘ladi. Yodingizda bo‘lsin, telefon tarmog‘ining band bo‘lishi qutqaruv xizmati ishlari samaradoligini kamaytirishi mumkin.
13. Yer qimirlashining takrorlanishi mumkinligi haqidagi o‘z fikringizni birovlarga tarqatmang, yoki mish-mishlarga ishonib gap tarqatmang. Rasman e’lon qilingan axborotlardan foydalaning.
14. Agar siz vayrona ostida qolgan bo‘lsangiz, iloji boricha xotirjamlik bilan sharoitni to‘g‘ri baholang. O‘zingizga birinchi tibbiy yordam ko‘rsating, agar lozim bo‘lsa qon oqishini to‘xtating va jarohatni bog‘lang.
15. Yoningizdagilarga yordam ko‘rsating, tinchlanishiga yordam bering. Vayronalardan tashqaridagilar bilan tovush orqali yoki biror narsani taqqillatish bilan aloqa o‘rnatishga harakat qiling. Kuchlaringizni tejang. Yodingizda bo‘lsin, yordam albatta keladi.
16. Yodingizda bo‘lsin, yerning qayta silkinishi – aftershoklar xavfi saqlanib qolishi mumkin. Aftershoklar, asosiy yer qimirlagandan so‘ng bir necha daqiqa, soat, ba’zi vaqtlarda kunlardan keyin ham yuzaga kelishi mumkin.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.