loading...

Jaziramadan saqlanish uchun nima qilish kerak? 

5861

Bu yil yoz boshqa yillardan farqli o’laroq shamol va yomg’ir bilan boshlandi. Shunga qaramay, jazirama kunlar o’z hukmini o’tkazishga tushdi. Avvalroq dam olish kunlari O’zbekistonda +42 daraja issiq bo’lishi kutilayotgani haqida qalampir.uz xabar bergan edi.

Havo haroratining keskin ko’tarilishi munosabati bilan #Lifehack loyihasi orqali jaziramadan qanday saqlanish kerakligi to’g’risida ma’lumot beramiz.

Hammaga ma’lum, lekin juda zarur tavsiyalar

  1. Eng avvalo, tabiiy matodan bo’lgan, havo o’tkazuvchi kiyimlarni kiying. Chunki ular terining nafas olishiga imkon beradi hamda tana haroratining ko’tarilib ketishidan saqlaydi. Libos va bosh kiyimlari rangi ham asosan oq yoki och tusdagi bo’lgani ma’qul. Qora rang oftob nurlarini yaxshi singdiradi.
  2. Yoningizda doimo ichimlik suvi bo’lsin. Biroq u muzday bo’lmasligi lozim.
  3. Iloji boricha to’g’ri tushadigan quyosh nurlaridan saqlanishga harakat qiling.
  4. Issiq kunda bosh kiyim kiyishni kanda qilmang.
  5. Quyosh nuri 12:00 dan 16:00 gacha juda kuchli bo’ladi. Shuning uchun bu vaqt oralig’ida ko’chaga chiqmaganingiz ma’qul. Ammo vaziyat shuni taqozo etsa, tananing ochiq qismlarini quyosh nuridan asrashga harakat qiling. Soyabon, ko’zoynak ham quyosh nurlaridan yaxshi himoya qiladi.
  6. Tez buziladigan yegulik mahsulotlarini xarid qilmaganingiz ma’qul. Chunki issiq haroratda bakteriyalar juda ham tez ko’payadi. Bu esa zaharlanishga olib kelishi mumkin.
  7. Issiqda dekorativ kosmetikadan kamroq foydalaning. Chunki sun’iy kosmetik vositalar yuz terisining nafas olishiga xalal beradi, natijada yuzimiz qizib ketishiga olib keladi.
  8. 25 darajadan yuqori bo’lgan haroratda faol sport turlari bilan shug’ullanmang.
  9. Bunday ob-havoda ichki xotirjamlikni saqlay olish juda muhim. Har qanday ta’sirlanish tana harorati ortishi yoki oftob urishi xavfini oshiradi.
  10. Yozda turli kompaniyalarda ishlaydigan xodimlar asosan kondisionerlar tufayli shamollab qolishadi. Chunki tashqaridagi va ofisdagi harorat farqi juda katta. Issiq va sovuq haroratning o’zaro keskin almashishi nafaqat shamollash, balki o’pka kasali – zotiljamga ham olib kelishi mumkin. Shu bois kondisioner yaqinida uzoq o’tirmang.

Jaziramada nima ichish kerak?

Issiq ob-havoda organizmdagi suv balansi buziladi natijada u ko’p namlik yo’qotadi. Shu tufayli jaziramada kuniga kamida 3 litr suyuqlik iste’mol qilish lozim.

Yoz kunlari chanqoqni olcha, smorodina, klyukva va boshqa nordon mevalardan tayyorlangan mors, ichimliklar va limon sharbati qo’shilgan suvlar bosadi.

Jaziramada chanqoqni qondirishga yordam beradigan yana bir ichimlik – bu kvas.

Bundan tashqari, limon solingan yangi damlangan ko’k yoki qora choy ham tavsiya qilinadi.

Yoz kunlari yaxshisi qahvadan voz kechgan ma’qul. Chunki u jaziramada charchoqni oshiradi. Ko’rinishidan chanqoqbosdi hisoblangan shirin gazli ichimliklar ham xuddi shu qatorda.

Shuningdek, muz solingan ichimliklarni ham ichish mumkin emas, chunki ular tomoq og’rishiga sabab bo’ladi. Bundan tashqari, muzdek ichimliklar ichki a’zolarni haddan ortiq sovitib, qon aylanishini kuchaytiradi va tana harorati ko’tariladi.

Issiq ob-havoda spirtli ichimliklarni esa unutish kerak. Alkogol organizmning suvsizlanishiga olib keladi.

Jaziramada nima iste’mol qilish lozim?

Bunday kunda, eng yaxshisi, meva va sabzavotlarni iste’mol qilish kerak.

Turli salatlar, sabzavotli taomlar hamda yaxna sho’rvalar ham ayni muddao. Bodring, tarvuz, qovun, nordon-shirin mevalar, selderey ko’kati chanqoqbosdi yeguliklardir.

Jaziramada juda yog’li va sho’r taomlardan tiyilgan ma’qul. Yaxna ichimliklar hamda ovqatlarni me’yorida iste’mol qilish lozim. Yozda nisbatan kamroq yeyish kerak, biroq bu to’laqonli taom bo’lishi shart. Ya’ni barcha vitaminlarga boy ozuqalarni me’yorida iste’mol qiling.

Issiqda asqotadigan qo’shimcha tavsiyalar

Nafas olish og’irlashgan bo’lsa, til ostiga nordon obaki (konfet)dan solib, shimish kerak. Til tagida yurak tomirlarining tizimi faoliyatini yaxshilaydigan nuqta mavjud.

Issiq havo haroratida yil bo’yi shunday yashaydigan mamlakatlar tajribasiga suyangan ma’qul. Bunda Afrika davlatlari yaxshi misol.

Afrikada qadim zamonlardan buyon tanani namlantirish maqsadida bambukdan foydalanishgan. Bambukdan tayyorlangan sholchalarni polga to’shab qo’yish mumkin. Korxona xodimlariga esa bunday sholchalarni ish kreslosiga to’shab qo’yish tavsiya etiladi. Shuningdek, hozirda bambukdan tayyorlangan kiyimlar ham keng tarqalgan. Ular jaziramada juda asqotadi.

Har bir xonadonda uyni sovitish maqsadida chelaklarga muzdek suv quyib, 3-4 metr bo’z matoni ho’llab ilib qo’ysa, xona harorati mo’tadil saqlanadi. Derazalarga quyoshdan saqlash maqsadida ham bo’z mato tutiladi.

Albatta, bu hayotimizdagi birinchi jazirama emas. Barchamiz yozni qaynoq haroratiyu quvnoq kunlari bilan yaxshi ko’ramiz. Nima bo’lishidan qat’i nazar, noxush holatlardan uzoq yurganimiz yaxshi.

manba: qalampir.uz

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив