Iste`molga yaroqli qo`ziqorindan ham zaharlanish mumkin
Tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor Qamariddin Boqiev qo`ziqorin bilan bog`liq qiziqarli va foydali ma`lumotlar haqida gapirib berdi:
– Iste`mol qilish mumkin bo`lgan va zaharli qo`ziqorinlarni bir-biridan ajratish murakkab. Ko`p hollarda ular bir-biriga o`xshaydi. Oq qo`ziqorin, qizil qo`ziqorin, shampinion va opyonok turlari iste`molga yaroqli qo`ziqorinlardir. Zaharli (qizil muxamor, kulrang muxamor, satanin, sariq soxta qo`ziqorin)larni iste`mol qilganda, tuzlangan yoki marinovka qilingan qo`ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlaganda zaharlanish ro`y beradi.
Ayni bahor oylarining yog`ingarchilik kunlarida qir-adir va daraxtzorlarda turfa xil qo`ziqorinlar chiqadi. Lekin har qanday qo`ziqorinni bilib-bilmay tanovul qilish ko`ngilsiz hodisalarga sabab bo`lishi mumkin.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, zamburug`lar hayvonot va o`simliklar dunyosining oralig`ida bo`lgan alohida guruh hisoblanar ekan. Ya`ni, zamburug`lar na o`simlik, na hayvon. Tabiatda shunday zamburug`larning 100 mingdan ortiq turi uchraydi. Qo`ziqorinlar ham shulardan biri.
Yurtimizda qalpoqchali zamburug`larning 200 dan ziyod turi mavjud. Ulardan 150 dan ziyod botanik turi zaharli, atigi 25 turigina iste`mol uchun yaroqli hisoblanadi.
Iste`molga yaroqli qo`ziqorinlar ma`danli moddalar, oqsil hamda "S” va "V” guruhlariga mansub darmondorilarga juda boydir. Uning eng asosiy ustunligi – tarkibida oqsilning mo`lligida. Qo`ziqorinda oqsil tuxumdan 2, go`shtdan 3 barobar ko`p ekan. Fosfor va kalsiy borasida baliq qatori.
Qo`ziqorin qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi. U, shuningdek, qandli diabet bilan og`rigan kishilarga foydali.
Qo`ziqorinlar xom sabzavotlar (bodring, karam, pomidor) bilan kelisha olmaydi, bunday aralashma oshqozon buzilishi va dam bo`lishga olib keladi. Shu bois uni faqatgina pishgan sabzavotlar bilan birga iste`mol qilgan ma`qul.
Iste`molga yaraqli – "smorchok” va "strochok” qo`ziqorinlaridan noto`g`ri taom tayyorlanganda ham kishi zaharlanib qolishi mumkin. Chunki ular tarkibida zaharli gelvelat kislota bo`lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun bunday turdagi qo`ziqorinlarni iste`mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to`kib tashlash kerak.
Avtomagistral yo`l yoqalari, zaharli og`ular hamda kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida o`sadigan qo`ziqorinlardan ham zaharlanish holatlari kuzatiladi. Chunki mashinalardan chiqadigan is-gazlar va zaharli moddalarni qo`ziqorinlar o`ziga singdirib oladi, demak bunday holatlarda iste`molga yaroqli bo`lgan qo`ziqorinlardan ham odam zaharlanadi.
Qo`ziqorindan zaharlanganda kasallik belgilari iste`mol qilingan qo`ziqorinning turiga qarab, turlicha namoyon bo`ladi. Masalan, qizil muxamor tarkibida muskaridin va muskarin alkaloidlari mavjud. Qizil muxamordan zaharlanganda kasallik belgilari 1-2 soat o`tgach namoyon bo`ladi. Asab tizimi faoliyatida o`zgarishlar, so`lak oqishi, ko`p terlash, ko`zdan yosh oqishi mumkin, tomir urishi (puls) sekinlashadi va sustlashadi, bemorlarda alahsirash (galyusinasiya), titrash, shuningdek, ko`z qorachig`ining kengayishi yoki torayishi kuzatiladi.
Bemorlarga tez tibbiy yordam ko`rsatilsa, odatda 1-2 kundan keyin sog`ayib ketadi. O`z vaqtida davo choralari ko`rilmagan vaqtlarda bemorning ahvoli og`irlashib, fojiali yakun topishi ham mumkin. Bunday nohush holatlarni kuzatilmasligi uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qo`ziqorinlarni ajrata olishi lozim.
Bozorlar va savdo do`konlaridan qo`ziqorin xarid qilmoqchi bo`lsangiz, gigienik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma`lumotnomani talab qiling. Qo`ziqorinlarni turg`un savdo shoxobchalaridan, belgilangan joylardan tegishli sifatini kafolotlovchi hujjatlari bor bo`lgan taqdirda xarid qiling.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.