loading...

Transportdagi favqulodda vaziyatlar 

8357

  Shahar ko`chalariga bir nazar tashlasangiz, turli tezlikda harakatlanib borayotgan xilma-xil trans­port vositalariga ko`zingiz tushadi. Zamonamiz farovonlashib borishi bilan mashinalarning turlari ham ko`payib bormoqda.
  Shu bilan birga, transport vositalari inson hayoti va faoliyatiga chuqurroq kirib borgani sari uning insoniyatga keltirayotgan zarari ham oshib borayotir. Transport vositalari tomonidan yuzaga kelayotgan noxush vaziyatlarning sabablaridan biri, yo`llardagi harakat vaqtida haydovchilar tomonidan tezlikning oshirilishi, ularning yo`l harakati qoidalariga rioya qilmasliklari, avtomobillarning texnik nosozligi bo`lsa, ikkinchi sababi, yo`lovchilarning, ayniqsa, bolalarning yo`l harakati qoidalari borasidagi bilimlarining pastligi va yo`llarda xavfsiz harakat qilish malakasiga yetarlicha ega emasliklaridir. Yo`l harakati hodisalaridan jabrlanish xavfi - shahar sharoitida eng yuqori ko`rsatkichga ega bo`lgan xavf hisoblanadi.
  Yo`lovchilarning, ayniqsa, bolalarning xavfsiz harakatlarini ta’minlash davlat ahamiyatiga molik masalalardan biridir. Shahаr ko`chalarida harakatlanayotgan transport vositalaridan ayrimlarini ko`rib chiqaylik.
  Trolleybus va tramvay - transportning eng xavfsiz turlaridan biri, chunki ular bitta izda (relslarda yoki simlardagi elektr manbai yordamida) kichik tezlik bi­lan harakat qilishadi. Biroq, bu yerda tok urish xavfi mavjud. Bu xavf ehtimoli havo nam bo`lganda ayniqsa, kuchayadi. Bundan tashqari elektr manbaiga ulangan vositalari (shtangilar) chiqib ketishi va atrofdagi insonlarga zarar yetkazishi mumkin. Trolleybus yoki tramvayda eng xavfsiz joy - bu o`tirish joylari – o`rindiklardir. 
  Avtobus - transport vositalari orasida erkin harakat qila oladi, shu sababli haydovchi ayrim hollarda mashinani to`satdan keskin to`xtatishi yoki birdan burib yuborishi mumki.   Diqqatingizni boshqa narsalarga jalb qilmay sharoitni kuzatib boring.
  Yengil avgomobil - transportning tez harakatlanuvchi va qulay turidir. Biroq, yengil avtomobil transportning boshqa turlariga qaraganda avariya hodisalariga ko`proq uchraydi.
  Avariya vaqtida eng xavfli joy - bu haydovchining yonidagi joydir. Shu sababli ham 12 yoshgacha bo`lgan bo lalarga u yerda o`tirish "Yo`l harakati qoidalari"da man etilgan.
  Avariyalar odatda to`satdan, kutilmaganda sodir bo`ladi. Lekin ba’zan bir necha soniya avariya sodir bo`lishini anglab yetish uchun yetarli bo`ladi. Bunday hollarda agar siz orqa o`rindiqda bo`lsangiz boshingizni qo`llaringiz bilan berkiting va yonboshlab oling. To`qnashuv sodir bo`lgan bo`lsa, tezlikda mashina ichidan tashqariga chiqishga harakat qilish kerak, chunki mashina yonib ketishi mumkin. Agar eshikni ochishning iloji bo`lmasa oynani sindirish lozim.
  Metro. Transportning bu turidan foydalanuvchi aholi metrodan foydalanish qoidalarini bilishlari va ularga amal qilishlari lozim. Ayniqsa, eskalator (o`zi yurar zina)da ketayotganda qoidalarni buzish xavflidir. Agar siz tutkqichni ushlamay ketayotgan bo`lsangizu, eskalator to`xtab qolsa, siz birdaniga oldinga otilib ketishingiz mumkin. Siz ushlab turmagan va tutqich ustiga qo`ygan sumkangiz yo`lovchi va chiroqlarni turtib, pastga qarab harakatlana boshlashi mumkin. Zinalarda o`tirish ham mumkin emas, kuylagingizning etagi zinalar orasiga tiqilib qolishi mumkin. 
  Agar biror buyumingizni qo`ldan tushirib yuborsangiz, odamlar oyoqlari orasidan yugurib uni olishga harakat qilmang. Bu yaxshilikka olib kelmaydi. Navbatchi mashinani to`xtatgandan so`nggina xotirjam o`z buyumlaringizni yigib olishingiz mumkin.
  Ota-onalar e’tiboridan chetda qolgan kichik bolalar ayniqsa ko`proq jabrlanadilar. Bola tutqichni pastdan ushlasa, barmoqlari tutkich rezinasi orasiga kirib qolishi mumkin. Xavf bolalarni eskalatordan tushish joyida ham kutib turishi mumkin - ularning kichik oyoq kiyimlari eskalatordan tushish joyida eskalator taroqlari orasiga tiqilib qolishi mumkin.
  Platforma (poyezdlarni kutish joyi)ning chetiga juda ham yaqinlashmang, kimdir shoshib chopib keta turib sizni itarib yuborishi, o`zingiz qoqilib yiqilib tushishingiz, yaqinlashib kelayotgan poyezd sizni oynasi bilan turtib yuborishi mumkin. Vagonga chiqish va tu­shish vaqtida ham relslar orasiga tushib ketish ehtimoli bor, ya’ni shoshilayotgan odamlar sizni vagonlar orasiga itarib yuborishi mumkin.
Agar:
- biror-bir buyumingizni relslar orasiga tushi­rib yuborsangiz, u yerga sakrab yurmang. Yaxshisi stan­siya navbatchisiga murojaat qiling, navbatchi maxsus asboblar yordamida buyumingizni olib beradi;
- biror odamning vagonlar orasiga tushib ketganini ko`rib qolsangiz, darhol mashinistga xabar bering - u poyezdni yurgizishdan avval oynaga qarab turadi. Qo`llar bilan qilingan aylana harakat "To`xta" belgisini bildiradi;
- avariya sodir bo`lganda yoki texnik nosozlik tufayli poyezd tunnelda to`xtab qolsa, metropoliten xodimlarining barcha ko`rsatmalariga rioya qilish kerak, relslardan qo`rqmay o`ng tomondan yurib borish kerak, relsning chap tomonida yuqori kuchlanish ostidagi kabellar o`tgan;
- metro vagonida yong`in chiqib solgudek bo`lsa, tutun hidini sezishingiz bilan bu haqda mashinistni xabardor qilish va uning ko`rsatmalariga binoan ish tutishingiz lozim. Vahimaga tushmay harakat qilish va dastrumol orqali nafas olish kerak.
  Katta tezlikda yopiq muhitda ketayotgan odamlar to`plami doimo kuchli xavf manbai bo`lgan vaziyatni bil­diradi. Bu avtobus yoki trolleybusni ko`rib qo`rquvga tushish kerak, degani emas, albatta. Shaharda yashash tajribasi bir qancha qoidalar to`plamining ishlab chiqilishiga olib keldiki, ular insonga transport vositalaridan xavfsiz foydalanish imkonini beradi.
  Maxsus adabiyotlarda "mas’ul yoэlovchi" degan tushuncha bor. Bu mashina rusumi yoki patta bahosini biluvchi odam emas, balki favqulodda vaziyatlarda o`z hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatlarini ishlata oluvchi yo`lovchidir.
  Yo`l-transport hodisasidan muhofazalanishning eng yaxshi usuli - yo`l harakati qoidalariga rioya qilishdir. Yo`l-transport hodisalari asosan ko`chaning mashinalar qatnovi davom etayotgan qismida sodir bo`lishligi sababli yo`lovchilarning diqqat-e’tiborlari ko`chani kesib o`tish va bu yerda ularni kutishi mumkin bo`lgan xavfga qaratilishi lozim.
Shaxsiy xavfsizlik tizimida odatda shunday hollar bo`ladiki, eng oddiy vositalar eng ishonchli vosita bo`lib chiqadi.
  Bolalar favqulodda hodisa yuz berishining oldini oladigan va yo`lovchilar hayotini saqlab qolishning quyidagi qoidalarini bilishlari va bular uta zaruriyligini anglab, ularga qat’iy rioya qilishlari lozimdir:
- mashina kelayaptimi yoki yo`qmi, ko`chani svetoforning qizil chirog`i yonib turganda kesib o`tmaslik.
- ko`chani faqat svetoforning yashil chirog`i yonganda kesib o`tish bunda avval chap tomonga, yo`lning o`rtasiga borgandan so`ng esa o`ng tomonga qarash;
-  ko`chani kesib o`tayotganda avtobus, trolleybus orqa tomonidan, tramvayni oldidan aylanib o`tish, yer usti o`tish yo`llaridan foydalanish; 
- ota-onangiz, yolg`iz o`zingiz ketayotgan bo`lsangiz, ko`chain yaxshisi ko`pchilik bilan birga kesib o`ting; 
- to`xtab turgan mashina katta tezlikda kelayotgan boshqa mashinani to`sib qolishi mumkinligini doimo esda saqlang (eng oddiy hol - avtobus yoki trolleybus, uni oldidan aylanib o`tayotganingizda harakatdagi boshqa mashinalarni tusib qo`yadi);
- ko`chada ketayotganda faqat yo`lkadan yurish kerak. Yo`lka bo`lmasa mashina harakatiga qarama-qarshi yo`nalishda ko`chaning chetidan yurish lozim, shunda faqat haydovchi sizni emas, siz ham haydovchini ko`rasiz;
- bolalarning yo`lkada yoki yo`lning mashina qatnovi davom etayotgan qismida turli o`yinlar o`ynashlari mumkin emas. Bunday o`yinlar ko`pincha      yo`l-transport hodisalariga sabab bo`ladi.
  Shahar transporti bekatlarida koэplab yo`lovchilar to'planadilar. Avtobus, trolleybus yoki tramvay kelib to`xtagandan so`ng odamlar qanday qilib bo'lsa ham transportga chiqib olishga harakat qiladilar. Kimdir o`z hayotini xavf ostiga quyib ko`chaning mashinalar qatnovi davom etayotgan qismiga chiqib qoladi, kimnidir turtib chiqarib yuborishlari mumkin va natijada sabrsiz yo`lovchining transport g`ildiraklari ostida qolish ehtimoli paydo bo`ladi. Mashina birdaniga to`xtay olmasligini doimo esda tutish lozim.
  Avtobus, trolleybus, tramvay yoki metroda ketayotganda o`zingizni quyidagi talablarga rioya qilishga o`rgating:
- o`tirishga bo`sh joy bo`lmasa, salonning o`rtasiga borib turing. Harakat vaqtida tutqichni ushlab oling, keskin to`xtashga to`gri kelib qolsa, muvozanatni yuqotib yiqilib tushishingiz yoki biror yeringizni urib olishingiz mumkin; 
- buyumlaringizni sedan chiqarmang;
- tushish joyida to`sib qo`ymaslikka harakat qiling, tiqilinch vaqtida eshik yaxshi yopilmay qolgan bo`lsa sizni itarib tushirib yuborishlari ehtimoli ham yo`q emas;
- eshiklarga suyanib turish, zinada ketish mumkin emas;
- harakat vaqtida uxlab qolmang, bekatingizdan o`tib ketish xavfidan tashqari, mashina keskin to`xtashiga to`gri kelib qolsa, jarohat olish xavfi ham mavjud.
Agar avtobus, trolleybus yoki tramvayda yong`in chiqib qolsa-chi, bunday holatlarda qanday harakat qilish kerak?
- yong'in to`g`risida haydovchini tezlikda ogoh qilish lozim, bunda haydovchining butun diqqat-e’tibori yo`lda ekanligini unutmang;
- og`iz va burningizni ro`mol, sharf, yengingiz bilan berkiting, yong`in vaqtida mashinaning rezina qismlaridan chiqadigan zaharli gazlar eng xavfli hisoblanadi. Ba’zi hollarda bir necha bor nafas olishning o`zi xushdan ketish uchun yetarli bo`lishini esdan chiqarmang;
- favqulodda hodisa sodir bo`lganda ehtiyot ochish joyi orqali eshiklarni ochishga harakat qiling, buning iloji bo`lmasa yon oynalarni sindiring yoki max­sus shnurni tortib, avariya yo`li sifatida oynani oching, har qanday vaziyatda ham transport vositasi to`xtamaguncha o`z joyingizni tark etmang;
- yonayotgan transport vositasidan chiqib olganingizdan so`ng atrofdagilarga yordam berishga shoshiling, bunda tramvay va trolleybusning metall qismlariga tegib ketishdan ehtiyot bo`ling, chunki mashinaning izolyatsiya qismlari yonib ketganligi sababli yuqori kuchlanish ostidagi elektr simlari ochilib qolib, tok urishi mumkin;
- har qanday holda ham vahimaga tushmaslikka harakat qiling.
  Yo`l-transport hodisasiga guvoh bo`lgan kishilar yoki uning qatnashchilari uchun bir nechta majburiy qoidalar bor. Ular bilan tanishib qo`ysangiz zarar qilmaydi:
1. Jabrlangan odamni yordamsiz qoldirmang (bunday hol jinoyat hisoblanadi).
2. Tezlikda sodir bo`lgan hodisa haqida Davlat avtomobil nazorati (DAN) xodimlariga "102" telefon nomeri orqali xabar qilish kerak.
3. Mashina bosib olishi yoki yo`l-transport hodisasi guvohi bo`lib qolsangizu, haydovchi qochib ketsa, mashi­naning nomeri, rusumi, rangini va haydovchini eslab qolishga harakat qilish lozim bo`ladi.
  Vaqt beto`xtov. Biz sezmagan holda siz yosh yo`lovchilarimiz, avval velosiped, mototsikl, keyinroq avtomobil haydashni ham o`rganib olarsiz. Voyaga yetgach esa yangi-yangi turdagi mashinalar ixtirochisi, yo`l harakati jarayonini boshqaruvchilari bo`lib yetisharsiz. Bunda yo`l harakati qoidalari, transportdagi favqulodda vaziyatlarda xavfsiz harakat qilish bo`yicha yoshlikda olgan bilimlaringiz, to`plagan tajribalaringiz sizga yaqin yordamchi bo`ladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив