loading...

Afrikaning geografik o‘rni va siyosiy xaritasi 

15871

Afrika qit’asi shu nomdagi materik va unga tutash orollardan iborat. Qadimgi finikiyaliklar «afarik» so‘zi bilan Karfagendan g‘arbda yashovchi qabilalarni ataganlar («afar» so‘zi finikiyaliklar tilida «chang» ma’nosini anglatgan). Rimliklar Karfagen va uning atroflarini bosib olganlaridan so‘ng bu hududga Afrika nomini berdilar.  Keyinchalik esa bu nom butun materik va qit’aga nisbatan qo‘llana boshlagan.

Afrikaning orollar bilan birgalikdagi maydoni 30,3 mln. km2 ni tashkil etadi. Afrikaning o‘rtasidan ekvator chizig‘i, g‘arbidan esa bosh meridian o‘tgan. Shu tufayli Afrika ham Shimoliy, ham Janubiy, ham Sharqiy, ham G‘arbiy yarim sharlarda joylashgan. 

Afrika qirg‘oqlari shimolda O‘rta dengiz, shimoli-sharqda Qizil den-giz, sharqda Hind okeani, g‘arbda Atlantika okeani suvlari bilan yuviladi. Qizil dengiz, Suvaysh kanali va Bob-al-Mandob bo‘g‘izi Afrikani Osi-yodan, O‘rta dengiz va Gibraltar bo‘g‘izi esa Yevropa qit’asidan ajratadi.

Afrika qit’asi orol va yarimorollar ozligi bilan ajralib turadi. Uning tarkibiga Hind okeanidagi Madagaskar (sayyoramizdagi orollar orasida maydoni jihatidan 4-o‘rinda turadi), Maskaren, Komor, Seyshel orollari, Atlantika okeanidagi Yashil burun, Kanar, San-Tome va Prinsipi, Avliyo Yelena va boshqa orollar kiradi. Yagona yirik yarimoroli Somali hisoblanadi.

54 ta mustaqil davlat mavjud. Qit’a siyo-siy xaritasining shakllanish tarixi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Buyuk geografik kashfiyotlar davridan boshlab Afrikaning aksariyat hududlari Yevropa davlatlarining mustamlakalariga aylandi. XX asrning bo-shiga kelib Afrikada faqatgina 2 ta mustaqil davlat qolgan edi: bir necha ming yillik davlatchilik tarixiga ega Efiopiya hamda 1847-yil AQSHning yordamida barpo etilgan G‘arbiy Afrikadagi Liberiya davlati. Qit’aning qolgan hududi esa Buyuk Britaniya, Fransiya, Portugaliya, Belgiya, Germaniya, Italiya va Ispaniya tomonidan o‘zaro bo‘lib olingan edi.

Afrika davlatlari 1950-yillarda mustaqillikka erishisha boshladi. 1960-yil BMT tomonidan «Afrika yili» deb e’lon qilinib, shu yil qit‘adagi 17 ta mamlakat mustaqillikka erishdi va jahon hamjamiyati tomonidan tan olindi. Ko‘plab mamlakatlari 1960–1980-yillar mobaynida davlat mustaqil-ligini qo‘lga kiritdi. Qit’adagi eng yosh davlatlar – 1990-yilda mustaqil-likka erishgan Namibiya, 1993-yilda Efiopiyadan ajralib chiqqan Eritreya va 2011-yilda mustaqilligini e’lon qilgan Janubiy Sudan hisoblanadi.  

Afrikadagi ko‘plab davlatlarning chegaralari mustamlakachilik davrida shakllangan bo‘lib, aksariyat hollarda tabiiy va etnik chegaralarga mos kelmaydigan sun’iy ko‘rinishga ega. Buning ta’sirida haligacha qit’ada turli harbiy mojarolar va davlat to‘ntarishlari tez-tez sodir bo‘lib turadi.

Afrika siyosiy xaritasining o‘ziga xos jihatlaridan biri yirik maydonli davlatlarning ko‘pligidir. Jahondagi hududi 1 mln. km2 dan katta bo‘lgan 29 ta davlatdan 12 tasi Afrikada joylashgan (Jazoir, KDR, Sudan, Liviya, Chad, Niger, Angola, Mali, JAR, Efiopiya, Mavritaniya, Misr). Jahon bo‘yicha mavjud bo‘lgan maydoni 1 ming km2 dan oshmaydigan 24 ta davlatdan atigi 1 ta – Seyshel orollari – Afrikaga tegishli. 

Afikada jami 6 ta orol mamlakatlari joylashgan. Ular Madagaskar, Kabo-Verde, Komor orollari, Mavrikiy, San-Tome va Prinsipi hamda Seyshel orollaridir. Dengizlarga chiqish imkoniyati yo‘q davlatlar soni bo‘yicha Afrika qit’alar orasida yetakchilik qiladi. Afrikada quruqlik ichkarisida joylashgan jami 16 ta davlat mavjud. Ularning qatorida Chad, Niger, Mali, Efiopiya, Zambiya, Botsvana, Janubiy Sudan kabi yirik davlatlar bor. Efio piya jahonning quruqlik ichkarisida joylashgan 44 ta davlatlar orasida aholi soni bo‘yicha yetakchisi hisoblanadi. 

Afrika davlatlaridan 51 tasi respublika, 3 tasi (Marokash, Svazilend (Esvatini), Le-soto) monarxiya boshqaruv shakliga ega. 

Ma’muriy-hududiy jihatdan Afrikadagi 6 ta davlat – Nigeriya, Efiopiya, Sudan, Janubiy Sudan, Somali, Komor orollari – federativ tuzilishga ega.
Afrika davlatlari boy va xilma-xil tabiiy resurslari, ayniqsa, mineral boyliklari bilan ajralib turadi. Neft va tabiiy gaz zaxiralariga Nigeriya, Jazoir, Liviya, Angola, Gabon, Kongo davlatlari boy. Qit’ada eng katta ko‘mir zaxiralari bilan JAR ajralib turadi. JAR, Namibiya, Botsvana, Zam-biya, KDR, Niger va boshqa ko‘plab Afrika davlatlari rangli, qimmatbaho va radioaktiv metallar, olmosning yirik konlari bilan mashhur.

Afrikada keng tarqalgan tabiat zonalari savanna, chalacho‘l, cho‘l hamda nam ekvatorial o‘rmonlar hisoblanadi. Shimoliy Afrikada sayyoramiz-dagi eng yirik cho‘l – Sahroyi Kabir joylashgan. Uning janubiy chegarasi bo‘ylab cho‘zilgan Saxel deb ataluvchi chalacho‘l xususiyatli tabiiy geografik o‘lka jahon bo‘yicha aholisi va qishloq xo‘jaligi cho‘llashish jarayonidan eng jiddiy zarar ko‘rayotgan hudud hisoblanadi. Saxel Sudan, Chad, Niger, Mali, Mavritaniya kabi davlatlar hududini qamrab oladi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив