loading...

Fors qo‘ltig‘i arab davlatlari 

23789

Ma’lumki, jahon energetika xo‘jaligida Fors qo‘ltig‘i mintaqasi alohida o‘ringa ega. Fors qo‘ltig‘i atrofida 8 ta davlat joylashgan bo‘lib, ulardan 6 tasi – Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Ummon, Qatar, Kuvayt, Bahrayn – tabiiy geografik, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, demografik va milliy-madaniy jihatdan bir-biriga ancha o‘xshaydi. Bu mamlakatlar guruhi Fors qo‘ltig‘i arab davlatlari deb ataladi. 

Fors qo‘ltig‘idagi kichik orollarda joylashgan Bahrayndan tashqari, shu guruhdagi barcha davlatlar Arabiston yarimorolida joylashgan. Mintaqa iqtisodiy geografik o‘rnining qulayligi uchta qit’a – Osiyo, Afrika va Yevropa tutashgan hudud-da, xalqaro ahamiyatdagi dengiz yo‘llari bo‘yida joylashganligi bilan belgilanadi.

Fors qo‘ltig‘i arab davlatlari maydoni va aholisi soni jihatdan bir-biridan farq qiladi. Mintaqadagi hududiy va demografik salohiyati bo‘yicha eng yirik davlat – Saudiya Arabistoni. Qatar, Kuvayt va Bahrayn esa kichik mamlakatlar hisoblanadi.

Fors qo‘ltig‘i arab davlatlarining barchasi monarxiya boshqaruv shakliga ega. Saudiya Arabistoni, Qatar, Ummon – mutlaq monarxiyalar, Kuvayt va Bahrayn – konstitutsion monarxiyalar, BAA esa har biri mutlaq monarxiya hisoblanadigan yettita amirlik federatsiyasi bo‘lib, davlat tuzumida mutlaq va konstitutsion monarxiya elementlari uyg‘unlashgan.

Tabiiy sharoiti va resurslari. Arabiston yarimoroli relyefida tekislik va yassi tog‘liklar asosiy o‘rin egallaydi. Iqlimi tropik, yil bo‘yi issiq va quruq. Yozda kunduzi havo harorati odatda +50 darajadan yuqori bo‘ladi, kechasi esa 0 darajagacha tushishi mumkin. Yillik yog‘in miqdori 100 mm ga yetmaydi. Fors qo‘ltig‘i mintaqasida asosiy tabiat zonasi tropik cho‘llardir. 

Fors qo‘ltig‘i davlatlarining asosiy tabiiy boyligi ulkan neft va gaz zaxiralari hisoblanadi. Neft zaxiralari bilan, ayniqsa, Saudiya Arabistoni, Kuvayt va BAA, tabiiy gaz zaxiralari bilan esa Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA ajralib turadi. 

Iqlimning qurg‘oqchilligi tufayli suv resurslari taqchilligi mavjud. Arabiston yarimorolida doimiy oqar suvlar yo‘qligi sababli qadimdan yerosti suvlari asosiy suv manbayi sifatida xizmat qilgan. Hozirgi sharoitda suv bilan ta’minlanishda dengiz suvini chuchuklashtirish katta ahamiyat kasb etadi. Daryolar faqatgina yomg‘irlar yog‘ganda suvga to‘ladigan o‘zanlar – vodiylar ko‘rinishiga ega.

Aholisi. Fors qo‘ltigi arab davlatla-ri aholisining muhim xususiyati xorijiy migrantlarning katta ulushidir. Ummonda xorijiy ishchilar aholining 25 % ini, Sa-udiya Arabistonida 30 % ini tashkil etsa, boshqa davlatlarda bu ko‘rsatkich 50 % dan yuqori, BAAda esa 90 % ga yaqin. Xorijiy migrantlar asosiy qismini Janubiy Osiyo va Shimoliy Afrika dav-latlarining fuqarolari tashkil etadi.

Aholining tabiiy o‘sishi Saudiya Arabistoni va Ummonda yiliga 1,6– 1,8 %, qolgan davlatlarda esa 0,8-1,3 % ga tengdir. Mintaqa davlatlariga shahar aholisining juda yuqori ulushi xos. Ummonda urbanizatsiya darajasi 75 %, Saudiya Arabistoni va BAAda 80 % dan yuqori, Kuvayt, Qatar va Bahraynda esa deyarli 100 % ga teng. 

Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvaytda sunna, Bahraynda shia, Ummonda ibodiy musulmonlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Saudiya Arabis-tonidagi Makka va Madina butun dunyo musulmonlari uchun muqaddas shaharlar hisoblanib, har yili u yerga 2 mln. kishi haj safarini amalga oshiradi.

Iqtisodiyoti. Fors qo‘ltig‘i arab davlatlari iqtisodiy rivojlanishning yuqori darajasi bilan ajralib turadi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIM hajmi bo‘yicha mintaqa mamlakatlari jahondagi yetakchi o‘rinlarda turadi.

Iqtisodiyotining tayanch tarmog‘i – neft va gaz sanoati. Neft va gaz eksporti mintaqa davlatlari uchun eng muhim daromad manbayi hisobla-nadi. Energiya manbalari bilan yaxshi ta’minlanganligi hisobiga mintaqa davlatlarida kimyo va neft-kimyo, qora va rangli metallurgiya sanoati rivojlanmoqda.

Dehqonchilikning rivojlanishi suv resusrlarining yetishmovchiligi bi-lan cheklangan. So‘nggi vaqtlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng qo‘llashga e’tibor qaratilmoqda. An’anaviy ravishda asosiy qishloq xo‘jalik ekini xurmo palmasi hisoblanadi. Chorvachilikning asosiy tarmoqlari qo‘ychilik, echkichilik va tuya-chilik hisoblanadi. Mintaqa davlatlarida, shuningdek, bank-moliya sektori, tranzit savdo va turizm ham rivojlanib bormoqda.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив