loading...

O‘lka iqlimining ta’rifi. Tekislik iqlimi 

4388

Yilning salqin faslida Sharqiy Sibir va Markaziy Osiyo hududida atmosferada yuqori bosimli Markaziy Osiyo (Sibir) antisikloni vujudga keladi. Uning juda katta g‘arbiy tarmog‘i Qozog‘istonning markaziy va shimoliy qismlarini egallaydi. Bu vaqtda havo ochiq bo‘lib, kechalari yer yuzasi yanada soviydi, kunduzlari esa quyosh nurlari uni biroz ilitadi.

Ana shunday sovuq havo massasini Eron, Afg‘oniston hududidagi iliq tropik havodan ajratib turadigan qutb fronti O‘rta Osiyoning janubiy chekkasi ustida joylashadi. Havo frontining ikki tomonida havo massalari haroratidagi tafovut katta bo‘lganligi sababli front atrofida siklonlar harakati kuchayadi. Siklonlar Kaspiy dengizining janubidan, Murg‘ob va Тajan daryolari vodiylaridan yoki Amudaryoning yuqori oqim laridan boshlanib, O‘rta Osiyo hududiga janubi g‘arb va janubdan kirib keladi hamda shimoli sharq tomonga qarab yo‘naladi. Siklonlar keltirgan iliq tropik havo tufayli harorat oldingisiga nisbatan +10 +20°C ko‘tarilib, bulut ko‘payadi. Yog‘inlar —yomg‘ir, ba’zan qor ana shu siklonlar o‘tganda yog‘adi. Bahorda ham shunday siklonlar kirib keladi va ko‘p miqdorda yog‘in yog‘ishiga sabab bo‘ladi.

Siklonlar natijasida O‘rta Osiyo hududiga kirib kelgan iliq havo massalari sharqqa tomon harakat qilganda ular ketidan g‘arbdan mo‘tadil mintaqa havosi kirib keladi. G‘arbdan keladigan bu iliq va sernam havo massalari Atlantika okeani, O‘rta dengiz, Qora dengiz ustida tarkib topganligidan ancha yog‘in beradi.

O‘rta Osiyo hududiga shimoli g‘arb yoki shimoldan Arktika va mo‘tadil kengliklarning sovuq havo massasi kirib kelganda harorat (–10 –20°C gacha) pasayib, qattiq sovuq bo‘ladi. Arktika havo massasi o‘lka hududida uzoq muddat turib qolishi natijasida o‘lkaning shimoli sharqida harorat –35 –45°C gacha pasayadi.

Yilning iliq davrida, ayniqsa, yoz oylarida O‘rta Osiyoda havo massalarining almashinuvi mutlaqo boshqacha ko‘rinishga ega. O‘lkada uzoq davom etadigan yoz oylarida havo juda isib, mahalliy Тuron kontinental tropik havosi tarkib topadi. Bu havo massasi harorati jihatidan Eron, Afg‘onistondagi havodan deyarli farq qilmaydi. Havoning yoz oylaridagi o‘rtacha harorati 30°C va undan biroz ortiqroq bo‘ladi. Qish faslida O‘rta Osiyodagi havoni Eron va Afg‘onistondagi havodan ajratib turadigan qutb fronti yoz oylarida shimolga, Qozog‘istonning shimoli, Ural, G‘arbiy Sibirga ko‘chadi. O‘rta Osiyoning juda katta qismida havo fronti bo‘lmagan bir xil ob-havo sharoiti vujudga keladi.

O‘rta Osiyo tekislik qismida yoz oylarida havo bosimi pasayadi, ya’ni termik depressiya vujudga keladi.

Havo bosimining pasayib ketishi shimoldan, g‘arbdan va shimoli g‘arbdan O‘rta Osiyo hududiga havo oqimlarining kuchayishiga sabab bo‘ladi. Тekisliklarda qum bo‘ronlari avj oladi. Qish oylariga nisbatan yozda o‘lkamizga salqin havo oqimi ikki hissa ko‘p kirib kelsa ham, uning mahalliy ob-havoga ta’siri unchalik sezilmaydi, chunki kirib kelayotgan havoning pastki qatlamlari yer betiga tegib tezda isiydi, nisbiy namligi kamayadi, yog‘in bermaydi.

Yoz oylarida O‘rta Osiyoga salqin havoning kirib kelishi haroratni qisqa vaqtga biroz, bor-yo‘g‘i –3 –10°C ga pasaytirishi mumkin.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив