loading...

Xaritalarning turlari va ulardan foydalanish 

30819

Xaritalarning turlari. Xaritalar masshtabiga, ularda tasvirlangan hududning katta-kichikligiga, mazmuni, vazifasi va tuzilishiga ko‘ra bir qancha turlarga bo‘linadi.

Xaritalar masshtabiga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi: yirik masshtabli — 1:10000 dan 1:200000 gacha, o‘rta masshtabli —1:200000 dan 1:1000000 gacha, mayda masshtabli — 1:1000000 dan kichik. Тurli masshtabli xaritalarda voqea va hodisalar turli xil aniqlikda tasvirlanadi.

Xaritalar ularda nima tasvirlanganligi va hududning katta-kichikligiga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi: yulduzlar xaritasi, sayyoralar va Yer xaritasi, yarimsharlar xaritasi, materiklar va okeanlar xaritalari, tabiiy geografik o‘lkalar va dengizlar xaritasi, mamlakatlar xaritasi, ma’muriy birliklar xaritasi, maxsus hudud (qo‘riqxona, sayohatbop joy)lar xaritasi, shahar, viloyat va tumanlar xaritasi.

Mazmuniga ko‘ra xaritalar ikkita yirik guruhga bo‘linadi: umumiy geografik xaritalar va mavzuli xaritalar.

Umumiy geografik xaritalarda joy geografik sharoitining asosiy tarkibiy qismlari bir xil aniqlikda tasvirlanadi: relyef, daryo, ko‘l, muzliklar, tuproq va o‘simlik qoplami, aholi yashaydigan joylar, xo‘jalik tarmoqlarining tarkibi, aloqa yo‘llari, chegaralar va h. k.

Mavzuli xaritalar, o‘z navbatida, yana ikki guruhga — tabiiy va iqtisodiy xaritalarga bo‘linadi. Тabiiy geografik xaritalarga Yer yuzasi va okean tagi relyefi, iqlim, tuproq, o‘simlik, hayvonlar, landshaft, tabiatni qo‘riqlash, foydali qazilma konlari xaritasi kiradi. Ijtimoiy-iqtisodiy xaritalar iqtisodiy, tarixiy, madaniy-siyosiy, siyosiy-ma’muriy xaritalardan iborat. 

Vazifasiga ko‘ra xaritalar yana ilmiy, madaniyat va targ‘ibot, texnik, sayohat hamda o‘quv xaritalariga bo‘linadi.

Geografik atlas va uning turlari. Atlas — to‘la va aniq ma’- lumotga ega bo‘lgan, yagona dastur asosida tuzilgan, tartibga solingan xaritalar to‘plamidir. «Atlas» atamasi fanga flamand xaritashunosi Merkator tomonidan kiritilgan. U o‘zi tuzgan xaritalar to‘plamini (1595- yil) Livanning afsonaviy qiroli Atlas nomi bilan ataydi. Birinchi xaritalar to‘plami II asrda Klavdiy Ptolemey tomonidan tuzilgan. Hozirgi zamon atlaslarining asosiy xususiyatlari undagi xaritalarning bir butunligi, bir-biriga muvofiqligi va bir-birini to‘ldirishidir.

Atlaslar ham xaritalarga o‘xshab juda xilma-xil bo‘ladi. Ular qamrab olgan maydoniga ko‘ra sayyoralar, dunyo, materiklar, tabiiy geografik o‘lkalar, davlatlar, viloyatlar atlaslariga; mazmuniga ko‘ra umumiy geografik va mavzuli atlaslarga bo‘linadi; vazifasiga ko‘ra ilmiy, ommabop (o‘lkashunoslik), o‘quv atlaslari, sayohat va yo‘l atlaslariga bo‘linadi.

Ilmiy atlaslar ma’lum bir joy haqida to‘la, ilmiy asoslangan ma’lumot beruvchi atlaslardir. Bunday atlaslarda shu joyning tabiiy sharoiti, xo‘jaligi, aholisi va madaniyati ko‘rsatiladi.

Ommabop (o‘lkashunoslik) atlaslar keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, ular foydalanishga qulay va oson qilib tuziladi. Ularda rasmlar, chizmalar, ma’lum bir hudud to‘g‘risidagi ma’lumotlar, tarixiy yodgorliklar ko‘rsatiladi.

O‘quv atlaslari maktablar va oliy o‘quv yurtlarida foydalanish uchun mo‘ljallanadi.

Hozirgi paytda xarita va atlaslar xalq xo‘jaligining turli sohalarida, tadqiqot ishlarida keng qo‘llaniladi. Ulardan joyning aniq o‘rnini belgilashda, ilmiy tekshirish ishlarida, xalq xo‘jaligi (dasturlar tuzish, loyihalashtirish, qurilish, yerlarni o‘zlashtirish, foydali qazilma konlarini qidirish, ob-havoni bashorat qilish va h. k.)da, harbiy va o‘quv ishlarida foydalaniladi.

Xarita yordamida masofa, maydon va burchaklar ham o‘lchanadi. Xaritada masofa masshtab yordamida quyidagi tartibda aniqlanadi: 

1. Xarita masshtabidan xaritadagi 1 sm masofa joyda necha km ga teng ekani topiladi. 
2. Berilgan ikki nuqta orasi xaritada necha sm ekani aniqlanadi. 
3. Bu ikki son (km va sm) ko‘paytirilsa, berilgan nuqtalar oralig‘i necha km ga teng ekani, ya’ni haqiqiy masofa chiqadi. Masalan, xaritaning masshtabi 1:1000 000, ya’ni 1 sm 10 km ga teng. Xaritada ikki nuqta oralig‘i 4,5 sm ga teng. Binobarin, 4,5 x 10 = 45 km yoki 45 000 m.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив