O‘rta Osiyo suvlari
O‘rta
Osiyoda oqar suvlar juda notekis taqsimlangan. O‘lka maydonining salkam 70
foizga yaqin qismini egallagan tekisliklarda suv, daryolar juda oz. Aksincha,
tog‘ va tog‘oldi hududlarida juda keng daryo tarmog‘i mavjud. O‘rta Osiyo hududida
oqar suvlarning shu tarzda notekis taqsimlanishiga uning iqlimiy sharoiti va
relyef tuzilishi sabab bo‘lgan.
O‘rta
Osiyoning tabiiy xaritasini yog‘in-sochinlarning taqsimlanish xaritasi bilan
taqqoslang. Тaqqoslaganingizda quyidagi manzarani ko‘rasiz: Orolbo‘yi,
Betpaqdala, Mo‘yinqum, Amudaryo etaklari, Ustyurt, Qizilqum cho‘liga yil
davomida bor-yo‘g‘i 100 mm atrofida yog‘in-sochin tushadi. Bu tekisliklarning
atrofidagi adirlar, qirlar va past-balandliklarga yog‘adigan yog‘in-sochinlar miqdori ham unchalik ko‘p
emas — 300 mm dan oshmaydi. O‘rta Osiyoning 75—80 foiz qismida yog‘in-sochin
ana shunday kam tushadi. Buning ustiga yilning ko‘p qismida havo haroratining
yuqori bo‘lishi va yog‘gan yog‘in suvlarining tezda bug‘lanib ketishi sababli O‘rta
Osiyoning tekislik va tog‘oldi hududlarida doimiy oqar suv manbalari yo‘q yoki
juda kam.
Тog‘larda
yog‘in tekisliklarga nisbatan ancha ko‘p yog‘adi, havo haroratining past
bo‘lishi esa bug‘lanishni kamaytiradi. Тog‘larning qish uzoq davom etadigan va
yoz salqin keladigan o‘rta va baland qismlarida katta qor dalalari va yirik
muzliklar vujudga kelgan, chuqur soyliklarda tog‘ ko‘llari paydo bo‘lgan. Suv
juda nishab tog‘ yonbag‘irlaridan oqib tushib, atrofdagi tekisliklardan
o‘tadigan katta va kichik daryolarni hosil qilgan. Shuning uchun ham tog‘larda
daryolar ko‘p va ularning suv to‘playdigan havzalari ham katta.
Binobarin,
O‘rta Osiyoning tekislik qismlarida oqadigan katta va kichik daryolar,
kanallar, anhorlarning suvlari, ko‘llar, suv omborlaridagi juda katta suv
zaxiralarining asosiy manbayi o‘lkani sharq va janubdan o‘rab turgan baland
tog‘lardir.
Shu
sababli, tog‘lar yog‘in suvi to‘planadigan asosiy joy bo‘lib, tekisliklar esa
ana shu suvni sarf qiladigan va bug‘latadigan yerlardir. Bu O‘rta Osiyo
hududining eng muhim gidrologik xususiyati hisoblanadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.