loading...

Qaysi mamlakatda qanday choy ichiladi? 

6315

  Bundan avval, Euromonitor International tomonidan "Choy yoki qahva? qaysi mamlakatlarda bu ichimliklarga xohish bor?” mavzuida so’rov o’tkazilgani, tadqiqot natijalariga qaraganda, O’zbekiston aholisining 99,6 foizi choy iste’mol qilishga moyil ekanliklari borasida ma’lumot bergan edik. Endi esa dunyoning ayrim mamlakatlaridagi choyxo’rlik haqida so’z yuritamiz.

 Choy – avvaliga bemorlarni davolashada dori sifatida ishlatilgan. Ommaviy tarzda iste’mol qilish esa Tan sulolasi davrida boshlangan. Xitoyda choyning bir necha turi bor. Xitoyliklar asosan ko’k, sariq va ulun deb nomlangan choyni xush ko’rishadi. Qora choy ham sevib iste’mol qilinadi, ammo ko’proq eksportga chiqariladi.

 "Osmon osti mamlakati”da choy issiq xolda ichiladi. Choyga shakar va boshqa mahsulotlar qo’shilmaydi. Chunki qo’shilgan boshqa mahsuloltlar choy ta’mini buzar ekan. Xitoyliklar uchun choy kundalik iste’mol qilinadigan ichimlik sifatida ko’riladi. Bundan tashqari choy bilan bog`liq bir qator ananalar mavjud. Ananaga ko’ra, xitoyliklarda choy kichiklar tomonidan piyolalarga quyilib kattalarga uzatiladi. Oilalarda 3 litrgacha choy qaynatilib, chinni idishlarga damlanadi. Xitoyda turli ko’rinishlarda choynak va piyolalar tayyorlanadi.

  Yaponlar asosan ko’k choy ichishadi. Ayrim hollarda sariq choy ham ichib turadilar. Sariq choy xitoyliklar usuli bilan 2 daqiqagacha damlanadi. Yaponlar choyni sekin-astalik bilan xo’plab ichishadi. Yaponiyada choy ovqatdan avval, ovqat vaqtida va ovqatdan keyin ham ichiladi. Xitoyliklardan farqli ravishda yaponlar choyni issiq xolda emas, balki sovutib ham ichishadi.

 Tibetda asosan ko’k choy ichadilar. Bir litr suvga 50-75 gramm choy solinadi. Tibet choyi insonni tetik qilishi aytiladi. Tibetliklar ananasiga ko’ra, sutli choy bilan mehmon qilish mehmonnavozlikning oliy   ko’rinishi ekan.

  Tailandliklar achchiq qizil choyi bilan nom qozonishgan. Ular choyga sut va boshqa mahsulotlarni qo’shishni yaxshi ko’rishadi.

  Hindiston va Shri Lankaga choy yetishtirishni inglizlar yo’lga qo’ygani aytiladi. Buyuk Britaniya choy masalasida Xitoyga qaramlikdan qutilish maqsadida Hindiston xududlarida choy yetishtirishga qaror qiladi. Unga qadar Hindistonda faqat buddaviy monaxlargina choy ichishgan. Bugungi kunda bu ikki mamlakat ahli choy ichish bo’yicha  yigirmata mamlakat safiga ham qo’shila olmagan. Hindistonda asosan shimolda istiqomat qiluvchi aholi choy ichadi. Janubliklar esa asosan qahva ichishni afzal ko’rishadi. Hindiston va Shri-Lankada choyga albatta shakar va sut qo’shiladi.

  Shimoliy Afrika va Arabistonda yalpiz choy ichiladi. Mag`rib mamlakatlarida choy damlash ijtimoiy hayotning muhim ko’rinishlaridan biri hisoblanadi. Oshxona ishlari bilan faqat ayollar band bo’lsa, choyni erkaklargina damlashadi. Oila rahbari shaxsan o’zi choy damlab, mehmonlarga uzatadi. O’z navbatida mehmonlar uch piyoladan ortiq choy ichishmaydi.

  G`arbiy Afrikada "Senegal choyi” deb atalmish choy juda ham mashhur. Attaya deb nomlanuvchi mazkur choy ko’k va qora choydan damlanadi. Buning uchun metall choynakdan foydalaniladi. Choynakka katta miqdorda choy, shakar, yalpiz bargi va sovuq suv solinib olovga qo’yiladi. Qaynab chiqqunga qadar kutiladi. Shundan so’ng shisha stakanlarga quyiladi. O’zbeklarda choy uch marta qaytarilsa, Ғarbiy Afrikada choy stakandan stakanga bir necha bor  solinadi.

  AQShda choy qahvaga nisbatan 25 barboar kam ichiladi. Choy asosan Sharqiy sohil bo’yidagi shtatlarda ist’emol qilinadi. Shunda ham qora choy afzal ko’riladi. Kaliforniya ham choyxo’rligi bilan mashhur. Bu shtatda Xitoy va Yaponiyadan xarid qilingan ko’k choy ichiladi. Janubiy sohillarda muz va limon solingan sovuq choy ichiladi. Markaziy va Janubiy Amerika mamlakatlarida choy keng tarqalmagan. Mazkur mintaqalarda choyni eslatuvchi mate o’simligining bargi ancha mashhur. Choy deganda Lotin Amerikasida sovuq ichimlik tushuniladi.

  Avvallari Ozarbayjonda qora choy ko’p ichilgan bo’lsa, bugungi kunda choyning rangi deyarli ajratilmaydi. Ham ko’k, ham qora choy ichilaveradi. Ozarbayjon choyxonasi Markaziy Osiyo choyxonasidan butunlay farqlanadi. Ozarbayjon choyxonalarida ovqat tortilmaydi, faqat choy ichiladi va shirinlik yeyiladi, xolos. Agar sovchilarga shirin choy berilsa, bu qizlarini berishga rozi ekanliklari anglashiladi. Choy alohida, shakar alohida qo’yilsa bu rad javobidir.

  Yevropa qitasida choy kam ichiladi. Yevropaga choy Xitoydan XVII asr o’rtalarida portugal, golland va inglizlar tomonidan olib kelina boshlandi. Avvaliga Yevropada ham davolash maqsadlarida qo’llanilgan. Oradan yillar o’tib, choy ichish odatiy holatga aylandi. Biroq avvalboshidanoq choy Yevropada qarshiliklarga uchraganini aytib o’tish kerak. "Ko’hna qita”da ko’proq qahva ichiladi. Shu sababli ham bu o’lkalarda choy tayyorlash borasida milliy urf-odatlar deyarli yo’q desak ham bo’ladi. Faqat  inglizlar choyni milliy ichimlik sifatida ko’rishadi. Inglizlar uzoq yillar davomida eng ko’p choy ichadigan millat sifatida tan olib kelingan. Bu mamlakatda bir kishi o’rtacha 2530 gramm choy ichishadi. Inglizlar bir kunda uch marta choy ichadi. Ular choyga sut qo’shadilar. Lekin avval choyga sut qo’shish kerakmi, yoki sutga choy qo’shish kerakmi, degan savolga xamon javob topilmagan.

  Shvetsiyada qora choy, meva va gullar aralashmasidan tayyorlangan syoder choyi mashhur. Bu choy 1979-yilda kashf qilingan. Shveysariya qadoqlangan sovuq choyning vatani hisoblanadi. Shveysariya sovuq choy iste’moli bo’yicha Yevropada birinchi o’rinda turadi. Fransuzlar choy haqda 1636-yilda bilishgan. Germaniyada choy haqida ilk bor 1650-yilda ma’lumotlar paydo bo’ldi.
                    
 Sharofidin To’laganov
"O`zbekiston" teleradiokanali DUK "Axborot" informatsion eshittirishlar
muharririyati "Xalqaro hayot" guruhi bo`lim mudiri

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив