loading...

Quyi Amudaryo tabiiy geografik okrugi 

26316

Quyi Amudaryo tabiiy geografik okrugi Amudaryoning qadimiy va hozirgi deltalarini o‘z ichiga oladi. Okrug g‘arbda Ustyurt, janubi g‘arbda Тurkmaniston, sharqda Qizilqum, shimolda esa Orol okruglari bilan chegaralanadi. Maydoni 50 ming km.kv atrofida.

YER YUZASI, GEOLOGIK TUZILISHI VA FOYDALI QAZILMALARI

Quyi Amudaryo okrugi janubi sharqdan shimoli g‘arb tomonga cho‘zilgan bo‘lib, shu tomon kengayib, pasayib boradi. Okrug janubi sharqda Тuyamo‘yin tangligidan boshlanib, Orol dengizigacha davom etadi. Shu masofada uning uzunligi 400 km bo‘lib, kengligi bir xil emas.

Pitnak balandligida (mutlaq balandligi 200 m atrofida) Amudaryo vodiysi juda torayib, Тuyamo‘yin tangligini hosil qiladi. Тuyamo‘yin tangligidan o‘tgach, okrugning kengligi kattalashib, taxminan 10-12 km, mutlaq balandligi 150 m ni tashkil etadi. So‘ngra Amudaryoning qadimiy deltasi boshlanib, kengayadi (75-80 km).

Тaxiatosh tangligidan shimoli g‘arbga qarab Amudaryoning hozirgi zamon deltasi boshlanadi. Delta bu qismda kengayadi (140-150 km) va pasayib, mutlaq balandligi 60-95 m ga tushib qoladi. Bu deltaning maydoni Orol suv sathining pasayishi hisobiga kengayib bormoqda.

Orolning qurigan o‘rnida ulkan sho‘rqum, sho‘rxokli landshaftlar majmuasidan iborat tiрik cho‘l tarkib topdi. Bu cho‘lni Orolqum deb atash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shamol ta’sirida o‘sha qumlar uchib, Quyi Amudaryoga tuz yog‘ini yog‘moqda. Mo‘ynoq shahri atrofidagi har gektar maydonga 1000 kg tuzli changlar tushmoqda.

Quyi Amudaryo yer yuzasi tekis bo‘lganligidan Amudaryo tarmoqlanib, ilonizi bo‘lib oqib, bir nechta o‘zanlar hosil qilgan. Eng muhim qadimiy o‘zanlari o‘ng qirg‘oqdan Orol tomon yo‘nalganlari Qora O‘zak, Shertanboy, Kindiksoy, Qorako‘lsoy kiradi. Chap qirg‘oqdan boshlanuvchi va Sariqamish tomon yo‘nalgan eng qadimiy o‘zanlari esa Ko‘hnadaryo, Daryoliq, Davdan hisoblanadi. Ana shu qadimiy o‘zanlar orasida nisbiy balandliklari 60-80 m ga yetuvchi bir nechta tepalik va qoldiq tog‘lar joylashgan. Ularning eng muhimlari Quyonchiq, Qoratov, Jumirtov, Barlitov va boshqalardir.

Quyi Amudaryo okrugi negizida bo‘r davri yotqiziqlari joylashgan. Uning ustilarini paleogen, neogen va antropogen alluvial yotqiziqlari (gil, gilli qum, qumoq va boshqalar) qoplab olgan. Okrugda qazilma boyliklardan har xil tuzlar, qurilish materiallari, Sulton Uvays tog‘ida marmar, temir koni mavjud.

IQLIMI, SUVLARI, TUPROQLARI, O‘SIMLIKLARI VA HAYVONOT DUNYOSI

Quyi Amudaryo okrugining iqlimi kontinental bo‘lib, qishi davomli va sovuq, yozi nisbatan quruq va issiq. Okrugning shimoliy qismi tekis bo‘lganligidan qishda shimoli sharqdan Sibir antisikloni, shimoldan Arktika havosi to‘siqsiz kirib keladi. Natijada, qishda harorat pasayib, yanvarning o‘rtacha harorati –4,5–7,6°C atrofida o‘zgaradi. Ba’zan sovuq havo massalarining turib qolishi natijasida eng past harorat –32 –33°C ga tushib qoladi. Iyulning o‘rtacha harorati +27,0 +28,0°C. Eng yuqori harorat +44 +46°C.

Quyi Amudaryo hududi O‘zbekistonda eng kam yog‘in tu- shadigan joy. O‘rtacha yillik yog‘in miqdori 80-100 mm. Bunga asosiy sabab, okeanlardan uzoqda, yerusti tekis, yozgi haroratining yuqoriligidir. Yog‘in, asosan, bahorga to‘g‘ri keladi. Chunki bu davrlarda g‘arbdan va shimoli g‘arbdan nam havo massalari esib turadi. Qor qoplami uncha qalin emas. Lekin mumkin bo‘lgan bug‘lanish yog‘inga nisbatan 20 marta ko‘p bo‘lib, yillik miqdori 2000 mm ga yetadi.

Quyi Amudaryo okrugining yagona daryosi — Amudaryodir. Bundan yarim asr avval daryo sersuv bo‘lib (1961-yilgacha), Orolga yiliga 30,98 km.kub suv quygan edi. So‘ngra Amudaryo havzasida suvdan xo‘jalikda betartib foydalanish tufayli daryo Orolga yil sayin kam suv quya boshladi. Amudaryo suvi Shovot, Toshsaqa, Qizketgan, Suyenli kabi magistral kanallar orqali sug‘orishga sarflanadi. Sug‘oriladigan mintaqada vujudga kelgan zovur suvlari Daryoliq, Ko‘llar (Ozerniy) magistral zovurlari orqali yiliga 4,5-5,5 km.kub qaytarma suvlar Sariqamish ko‘liga oqizilmoqda. Quyi Amudaryo okrugining shimoliy qismida vujudga kelgan zovur suvlarining bir qismi (yiliga 1,0 km.kub) Orolga yo‘naltirilgan, qolgan qismi tabiiy chuqurliklarga oqizish tufayli bir necha ko‘llar vujudga kelgan. O‘sha ko‘llarning eng muhimlari — Sudochye, Qorategin, Xo‘jako‘l, Sho‘rko‘l, Ziyko‘l, Abilko‘l va boshqalardir. Quyi Amudaryo okrugida suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Tuyamo‘yin suv ombori (suv sig‘imi 8,6 km.kub) qurilgan.

Amudaryoda yerosti suvlari yuza joylashgan bo‘lib (yer yuzasi tekis bo‘lganligi tufayli), siljishi qiyin. Binobarin, ularning suvi sho‘r bo‘lib, chuqurligi sug‘oriladigan mintaqada 1,0-2,5 m, sug‘oriladigan mintaqadan tashqaridagi yerlarda 5-10 m ni tashkil etadi.

Quyi Amudaryo hududida eng keng tarqalgan tuproq — o‘tloq-voha tuprog‘idir. Bu tuproq alluvial yotqiziqlar ustida vujudga kelgan bo‘lib, chirindi miqdori 2 foiz atrofida.

Amudaryo qayirlarida o‘tloq-botqoq, botqoq-sho‘rxok, to‘qayzorlarida esa botqoq tuproqlar mavjud.

Amudaryodan uzoqlashgach, tuproq turlari o‘zgarib, o‘tloq-tuproq o‘rnini sho‘rxok va taqir tuproqlar egallaydi. Balandlik va kichik past tog‘larda sur-qo‘ng‘ir tuproqlar, Orol dengizining quruqlikka aylangan qismida sho‘rxoklar mavjud.

Shunday qilib, Quyi Amudaryo okrugining ko‘p qismini o‘tloq-qayir alluvial, sug‘oriladigan o‘tloq (o‘tloq-voha) tuproqlari tashkil qiladi. O‘tloq-qayir alluvial va o‘tloq-botqoq tuproq turlari ko‘proq Amudaryoning hozirgi zamon deltasi quyi qismida joylashgan. Bu tuproq turlari hamma qismida sho‘rlashgan.

Sug‘oriladigan o‘tloq (o‘tloq-voha) tuprog‘i, asosan, Amudaryoning qadimiy deltasida, qisman hozirgi zamon deltasining yuqori qismidagi o‘tloq-qayir alluvial va o‘tloq-botqoq tuproqlar tarqalgan mintaqaning o‘ng va chap tomonlarida joylashgan. Quyi Amudaryoning Qoraqum va Qizilqumga tutashgan yerlarida qumoq, qumli tuproqlar tarqalgan.


Quyi Amudaryo okrugidagi ko‘llar atrofida botqoq-sho‘rxok va sho‘rxok tuproqlar mavjud.

Uning to‘qaylarida qamish, yantoq, qo‘g‘a, turang‘il, yovvoyi jiyda, yulg‘un, chingil, qiyoq, tal kabi o‘simliklar o‘sadi. O‘tloq tuproqli yerlarda bug‘doyiq, ajriq, ro‘vak kabilar mavjud.

Quyi Amudaryoning o‘zlashtirilgan qismlarida uy sichqoni, ko‘rsichqon, kalamush, tiрratikan va har xil qushlar (chumchuq, mayna, zarg‘aldoq, bedana) yashaydi.

Daryo qayirlari, ko‘llar atrofi hamda to‘qayzorlarda g‘oz, o‘rdak, oqqush, qirg‘ovul, qo‘ton, jingalakdor birqozon, qorabuzov, saqoqush, ondatra, tulki, chiyabo‘ri, to‘qay mushugi, to‘ng‘iz va bo‘rsiq uchraydi.

Quyi Amudaryoning o‘zlashtirilgan cho‘llarida yumronqoziqlar, kulrang gekkon, qum sichqoni, kaltakesaklar, o‘qilon, efa, cho‘l mushugi, tulki yashaydi.

Quyi Amudaryo tabiiy geografik okrugidagi to‘qay landshafti va u yerdagi hayvon hamda qushlarni (Buxoro bug‘usi, to‘ng‘iz, qirg‘ovul, olachiрor va boshq.) muhofaza qilish uchun Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati tashkil etilgan. Shuningdek, Amudaryo deltasidagi faunani saq- lash uchun Sudochye buyurtmaxonasi mavjud.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив