Qizilqum tabiiy geografik okrugi
Geografik o‘rni. Qizilqum okrugi, asosan, Amudaryo bilan Sirdaryo orasida joylashgan. Lekin Qizilqum tabiiy geografik okrugiga Qizilqum cho‘lining O‘zbekiston hududida joylashgan qismi kiradi. Qizilqum okrugi shimoli g‘arbda Quyi Amudaryo okrugi bilan, janubi sharqda Zarafshon okrugi bilan, sharqda Mirzacho‘l okrugi bilan chegaralanadi. Okrugning janubi g‘arbi Turkmaniston, shimoli sharqi Qozog‘iston bilan bo‘lgan davlat chegarasiga to‘g‘ri keladi.
YER
YUZASI, GEOLOGIK TUZILISHI VA FOYDALI QAZILMALARI
Qizilqum
yer yuzasi tuzilishi jihatidan janubi sharqdan shimoli g‘arbga qarab pasayib
boradi. Uning o‘rtacha mutlaq balandligi 200-300 m bo‘lsa, janubi sharqida 350-400
m, shimoli g‘arbida esa 100 m ga tushib qoladi. Eng past yeri okrugning
markaziy qismidagi Mingbuloq botig‘i hisoblanib, dengiz sathidan 12 m past. Eng
baland qismi esa Тomditovning Oqtov cho‘qqisi bo‘lib, balandligi 974 m.
Binobarin,
Qizilqum okrugi yerusti tuzilishi jihatidan har xil bo‘lib, tekisliklar, qoldiq
tog‘lar va ular orasidagi botiqlardan iborat. Qizilqumning ko‘p qismini mutlaq
balandligi 200 m bo‘lgan qumli tekisliklar ishg‘ol qiladi.
Tekisliklarning
aksariyat qismini esa relyef shakllari — qum marzalari, qum do‘nglari,
barxanlar va taqirlar egallaydi. Qum marzalari va do‘ng qumlar o‘simliklar
bilan mustahkamlangan. Barxanlar nisbatan kam bo‘lib, asosan, Amudaryo sohillarida,
quduqlar atrofida joylashgan. Taqirlar esa marza qumlar orasidagi past joylarda
uchraydi, ular bahorda suv bilan to‘lib, yozda suvi qurib, taqirga aylanadi.
Qizilqumning
markaziy qismlarida past tog‘lar joylashgan. Ularning eng muhimlari Quljuqtov
(785 m), Yetimtov (511 m), Тomditov (974 m), Ovminzatov (695 m), Bo‘kantov (764
m), Sulton Uvays tog‘i (473 m). Bu tog‘lar orasida esa Mingbuloq, Qoraxotin,
Mullali, Oyoqog‘itma kabi botiqlar joylashgan. Bu botiqlarda sho‘rxok, taqir va
qumlar mavjud.
Qizilqum
Turon plitasida joylashgan. Plita zamini paleozoy qattiq jinslaridan (kristalli
slanes, granit, ohaktosh va boshq.) tashkil topgan bo‘lib, ustini so‘nggi davr
qalin (qumtosh, mergel, gil, qum, konglamerat va boshq.) jinslari qoplab olgan.
Qizilqum neogen davrigacha Tetis dengizi ostida bo‘lgan, lekin paleozoy qoldiq
tog‘lari orol kabi suvdan ko‘tarilib turgan. Chunki ular gersin tektonik
jarayonida ko‘tarilib, so‘ngra ekzogen kuchlar ta’sirida pasayib, hozirgi holatga
kelib qolgan. Neogen davriga kelganda dengiz suvi chekinib, Qizilqum quruqlikka
aylangan.
Qizilqum
okrugida oltin (Muruntov, Ko‘kpatas), uran (Uchquduq), gaz (Gazli, Тoshquduq, Xo‘jaqazg‘an), oltingugurt,
simob, grafit, fosfor, asbest, korund, mis, feruza kabi binokorlik materiali
konlari mavjud.
IQLIMI,
SUVLARI, ТUPROQLARI, O‘SIMLIKLARI VA HAYVONOT DUNYOSI
Qizilqum
iqlimi kontinental bo‘lib, qishi sovuq, yozi issiq, quruq, serquyoshdir.
Qizilqumning
shimoliy qismi ochiq bo‘lganligi tufayli Arktika va Sibir sovuq va quruq havo
massasi tez-tez ta’sir etib turadi. Natijada, qishda okrug sovib ketib,
izg‘irinli sovuqlar vujudga keladi. O‘sha vaqtlarda harorat –31 –35°C gacha
pasayadi. Lekin g‘arbdan esuvchi nisbatan iliq va nam havo massasining kirib
kelishi natijasida harorat ko‘tarilib, yog‘in yog‘adi.
Qizilqumda
yanvarning o‘rtacha harorati shimoliy qismida –5 –10°C, o‘rta qismida –2 –4°C,
janubida esa –1 –2°C. Okrug hududida yoz jazirama issiq, quruq, havosi ochiq
bo‘lib, iyulning o‘rtacha harorati markaziy va janubiy qismlarida +30°C, qolgan
qismlarida +26 +28°C. Eng issiq harorat +48°C ga yetadi. Lekin qumlar yuzasi
+75 +80°C gacha qizib ketadi.
Qizilqumda
yog‘in juda kam tushib, yillik yog‘in miqdori 75-100 mm atrofida bo‘ladi. Yog‘inning
asosiy qismi bahorda (yillik yog‘inning 48 foizi) va qishda (30 foiz) tushadi.
Lekin mumkin bo‘lgan bug‘lanish 1000-1500 mm ga yetadi.
Qizilqum
iqlimining quruq bo‘lganligi, qumliklarning ko‘pligi tufayli doimiy oquvchi
suvlar yo‘q. Faqat uning janubi g‘arbidan tranzit Amudaryo oqib o‘tadi. Lekin
bahorda yog‘in ko‘p yog‘ganda, qorlar eriganda qoldiq tog‘larda vaqtli soylar
vujudga kelib, so‘ngra qurib qoladi. Aksincha, yerosti suvlari zaxirasi ko‘p.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yerosti suvlarining dinamik miqdori sekundiga 58-60 m.kub ni tashkil etadi. Grunt suvlari yomg‘ir va
qor erishidan to‘yinsada, bug‘lanishning kattaligi tufayli sho‘r. Mezozoy erasi
va paleogen davr yotqiziqlari orasida bosimli, chuchuk suvlar mavjud.
Shuningdek, paleozoy yotqiziqlari orasida mineral, termik suvlar aniqlangan.
Qizilqumning
tekislik qismida qumoq va qumli, tog‘lari atrofida hamda janubi sharqida
sur-qo‘ng‘ir, botiqlarida sho‘rxok, sho‘rxok-botqoq tuproqlar tarqalgan.
Qizilqumda
600 dan ortiq o‘simlik turlari mavjud. Ular ichida keng tarqalganlari bahorda
o‘suvchi efemer va efemeroidlar — rang, qo‘ng‘irbosh, yaltirbosh, lola,
boychechak, chuchmoma, kavrak. Yozning
boshlanishi bilan ular sarg‘ayib qoladi, qurg‘oqchilik va sho‘rxok yerlarga
moslashgan o‘simliklar esa o‘saveradi.
Okrugning
mustahkamlangan qumliklarida juzg‘un, oq saksovul, quyonsuyak, qum akatsiyasi,
qandim, selin kabi o‘simliklar o‘sadi. Sur-qo‘ng‘ir tuproqli yerlarda shuvoq,
burgan, toshburgan kabilar tarqalgan.
Okrugning
sho‘rxok, sho‘rxok-botqoq yerlarida qorasaksovul, yulg‘un, baliqko‘z,
sarisazan, taqirlarda donasho‘r o‘sadi. Amudaryo sohillarida to‘qayzorlar bor.
Qizilqumning
qumli cho‘llarida yumronqoziqlar, qum sichqoni, shalpangquloq, qo‘shoyoq,
kaltakesak, echkemar, o‘qilon, qum bo‘g‘ma iloni, charxilon yashaydi.
Sutemizuvchilardan cho‘l mushugi, jayron, xongul, sayg‘oq, bo‘ri, tulki, quyon
uchraydi. Hasharotlardan chayon,
qoraqurt, falanga, chigirtkalar bor. Amudaryo sohillaridagi to‘qaylarda
to‘ng‘iz, qirg‘ovul, qizil g‘oz, xongul kabi hayvonlar yashaydi. Amudaryo
sohillarida to‘qay landshafti va u yerdagi hayvonlarni muhofaza qilish uchun
Qizilqum qo‘riqxonasi tashkil etilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.