loading...

O‘zbekistonning geografik o‘rni, chegaralari va maydoni 

112236

O‘zbekiston O‘rta Osiyoning markaziy qismida, asosan, Amudaryo bilan Sirdaryo orasida joylashgan. O‘zbekistonning eng shimoliy nuqtasi Ustyurt platosining shimoli sharqida bo‘lib, 45° 36′ shimoliy kenglikdadir. Eng janubiy nuqtasi Тermiz shahri yonida, Amudaryo qirg‘og‘ida bo‘lib, 37° 11′ shimoliy kenglikda. Eng g‘arbiy nuqtasi Ustyurt platosida bo‘lib, 56°00′ sharqiy uzoqlikda, eng sharqiy nuqtasi esa Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida, 73° 10′ sharqiy uzunlikdadir. O‘zbekistonning eng shimoliy nuqtasi bilan janubiy nuqtasi orasidagi masofa 925 km ga, eng g‘arbiy nuqtasi bilan sharqiy nuqtasi orasidagi masofa esa 1400 km ga teng.

O‘zbekiston geografik o‘rniga ko‘ra O‘rta dengiz bo‘yidagi Ispaniya, Italiya, Gretsiya kabi mamlakatlar bilan taxminan bir geografik kenglikda joylashgan. Lekin O‘zbekiston Yevrosiyo materigining ichki qismida okean va dengizlardan uzoqda  joylashganligi tufayli subtropik okrugdan farq qiladi. Buning ustiga Hind okeanidan kirib keladigan nam va iliq havo  oqimlarini tog‘lar to‘sib turadi. Aksincha, shimoliy qismi ochiq bo‘lganligi tufayli sovuq havo oqimi bemalol kirib keladi.  Natijada, O‘zbekiston subtropik mintaqada joylashsa-da, cho‘lga xos bo‘lgan tabiiy sharoit (yozi bulutsiz, serquyosh, jazirama issiq va quruq, qishi esa nisbatan sovuq) vujudga keladi.

O‘zbekiston chegarasining ko‘p qismi tekisliklar, ozroq qismi adir va tog‘lar orqali o‘tadi. Respublikamiz shimol va shimoli-g‘arbda Qozog‘iston bilan, sharqda Qirg‘iziston bilan, janubi sharqda Тojikiston bilan, janubi g‘arbda Тurkmaniston bilan chegaradosh. Janubda O‘zbekiston Surxon-Sherobod vodiysida Afg‘oniston bilan (Amudaryo orqali) chegaradoshdir.

O‘zbekiston maydoni 448,9 ming kv.km bo‘lib, kattaligi jihatidan O‘rta Osiyoda Qozog‘iston va Тurkmanistondan keyingi o‘rinda turadi. O‘zbekiston maydoni Yevropadagi Buyuk Britaniya va Italiya kabi davlatlar hududidan katta. O‘zbekiston hududi Belgiya, Niderlandiya va Daniya kabi davlatlarning yer maydonini qo‘shib hisoblasak ham, ulardan 4 marta, Shveysariyadan 10 marta, Belgiyadan 14 marta katta.

Aholisi va ma’muriy-hududiy bo‘linishi. O‘zbekiston O‘rta Osiyoda aholisi zich joylashgan respublika bo‘lib, unda 32,1 mln dan ortiq kishi yashaydi. Uning aholisi Shveysariya aholisidan 4 marta, Qozog‘iston aholisidan 2 marta, Turkmaniston aholisidan 6,5 marta ko‘pdir. O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yillik o‘sishi 1,7 foiz atrofida bo‘lib, asosan, tabiiy ko‘payish hisobiga o‘sib bormoqda. O‘zbekiston aholisining 51 foizi shaharlarda, 49 foizi esa qishloqlarda yashaydi.

O‘zbekiston aholisining asosiy qismi o‘zbeklar bo‘lib, ulardan tashqari, qozoq, tojik, rus, tatar, qoraqalpoq, koreys, qirg‘iz, turkman, uyg‘ur, turk, yahudiy va boshqa millatlar yashaydi.

O‘zbekiston 1924-yilda sobiq Ittifoq tarkibiga kiruvchi respublika tarzida tashkil topgan. 1991-yil 31-avgustda mustaqil deb e’lon qilindi va O‘zbekiston Respublikasi deb nomlana boshlandi. Hozir poytaxtimiz Toshkent shahrida 2 mln 400 ming dan ortiq aholi yashaydi.

O‘zbekiston ma’muriy-hududiy jihatidan 12 viloyat, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив