loading...

Chirchiq-Ohangaron tabiiy geografik okrugi 

36162

Chirchiq-Ohangaron tabiiy geografik o‘krugi respublikamizning shimoli-sharqiy qismida, Sirdaryo bilan G‘arbiy Tyanshan tog‘lari oralig‘ida joylashgan.

 Okrugning shimoli-g‘arbiy qismi Qozog‘iston bilan O‘zbekiston orasidagi chegaraga to‘g‘ri kelib, Qorjontov bilan Ugom tizmalaridan o‘tadi. Sharqiy chekkasidagi Qirg‘iziston bilan chegara Talas Olatovi, Piskom va Chatqol tog‘lari orqali o‘tadi. Qurama tizmasi okrugni Farg‘ona vodiysidan ajratib turadi. Janubi-g‘arbiy chegarasi Sirdaryo bo‘ylab o‘tadi. 

 Tabiiy geografik okrug G‘arbiy Tyanshan tog‘larining bir qismini hamda Chirchiq va Ohangaron vodiylarini, shuningdek, Dalvarzin cho‘lini o‘z ichiga oladi.

YER YUZASI, GEOLOGIK TUZILISHI VA FOYDALI QAZILMALARI
Bu tabiiy geografik okrugning yer yuzasi ancha murakkab bo‘lib, shimoli sharqdan janubi g‘arbga, Sirdaryoga tomon asta-sekin pasayib boradi.

 Chirchiq-Ohangaron vodiysidagi tog‘lar paleozoy, mezozoy va kaynozoy eralari jinslaridan tarkib topgan. Tog‘larda granit, paleozoy ohaktoshlari, qumtosh va slaneslar, tog‘ etaklari va daryo vodiylarida paleogen, neogen va antropogen davrlarining shag‘al, qum va gil qatlamlari keng tarqalgan.

 Okrug yer yuzasining tarkib topishi paleozoy erasidan boshlangan. Tog‘lari dastlab kaledon, keyin gersin burmalanishida ko‘tarilgan, so‘ngra tashqi kuchlar ta’sirida yemirilgan. Chirchiq va Ohangaron daryo vodiylarini mezozoy erasida dengiz qoplagan.

 Chirchiq-Ohangaron okrugining hozirgi relyefi vujudga kelishida antropogen davrida sodir bo‘lgan jarayonlar, xususan, neotektonik jarayonlarning ahamiyati katta. Zilzilalar natijasida daryo qayirlarining o‘zgarib turishi buning yorqin ifodasidir.

 Chirchiq-Ohangaron okrugidagi tog‘lar G‘arbiy Tyanshanning bir qismi hisoblanadi. Ular Talas Olatovidan janubi g‘arbga qarab panjasimon yo‘nalishga ega bo‘lib, bir-biridan daryo vodiylari orqali ajralib turadi. Ularning eng muhimlari Qorjontov, Ugom, Piskom, Ko‘ksuv, Chandalash, Chatqol tizmalari hisoblanadi.

 Chirchiq-Ohangaron okrugining eng g‘arbida Ugom tizmasi joylashib, Talas Olatovidan Manas cho‘qqisi (4484 m) yaqinidan janubi g‘arbga qarab davom etadi. Uning eng baland Sayram cho‘qqisi 4236 m. Ugom tizmasining janubi g‘arbida Qorjontov joylashgan. Undagi Mingbuloq cho‘qqisining balandligi 2834 m. Ugom va Qorjontovlarning shimoli-g‘arbiy yonbag‘irlari yotiq va keng, janubi-sharqiy yonbag‘irlari tik va qisqa.

 Ugom tog‘ining sharqida unga parallel holda Piskom tizmasi joylashgan. Uning eng baland cho‘qqisi — Beshtor 4299 m. Piskom tog‘ining janubi sharqida, Chatqol daryosi bilan Ko‘ksuv daryosi orasida Ko‘ksuv tog‘i joylashgan.

 Piskom tog‘ining janubi sharqida Chatqol tizmasi joylashgan. Chatqol tizmasidan shimoli g‘arbga qarab Kichik Chimyon va Katta Chimyon (3309 m) tog‘lari, janubi g‘arbga qarab esa Qurama tog‘i ajralib chiqadi. Uning eng baland Boboiob cho‘qqisi 3769 metrga yetadi. Qurama tog‘ining Qamchiq dovoni (2267 m) dan Farg‘ona vodiysiga tunnel orqali avtomobil va temiryo‘llari  o‘tkazilgan.

 Chirchiq-Ohangaron  okrugi xilma-xil foydali qazilmalarga boy. Ohangaron vodiysida mis, oltin, volfram, qo‘rg‘oshin kabi ma’dan konlari mavjud. Ohangaron vodiysi va Qorjontov etaklaridan aluminiy xomashyosi — alunit topilgan.

 Ohangaron vodiysida chinni xomashyosi — kaolin konlari mavjud.

IQLIMI, SUVLARI, TUPROQLARI, O‘SIMLIKLARI VA HAYVONOT DUNYOSI

Iqlimi. Chirchiq-Ohangaron tabiiy okrugining iqlimi bir xil emas. Uning tekislik qismiga ko‘proq Arktikaning sovuq hamda g‘arbdan esadigan iliq va nam havo massalarining oqimi kirib keladi. Uning yozi issiq va quruq, iyul oyining o‘rtacha harorati +27°C. Aksincha, tog‘li qismi nisbatan salqin va namroq bo‘lib, iyulning o‘rtacha harorati +20°C atrofida. Yozning eng issiq kunlarida harorat tekislik qismida +44°C gacha, tog‘larda esa undan past. Qish okrugda unchalik sovuq emas (tog‘larning baland qismi bundan mustasno). Yanvarning o‘rtacha harorati tekisliklarda –1 –2°C, eng sovuq harorat –30°C atrofida bo‘ladi.

 Okrugning tog‘li qismida qish tekislikka nisbatan sovuq, yoz esa salqin, yanvarning o‘rtacha harorati –2 –14°C (Chorvoqda –2,1°C, Chatqolda –14,2°C), iyulning o‘rtacha harorati +17+24°C (Chorvoqda +24,5°C, Chotqolda +17,3°C). Eng sovuq harorat –32°C, eng issiq harorat +42°C.

 Yog‘in okrug bo‘yicha notekis taqsimlangan, eng kam yog‘in tekislik qismining janubi g‘arbiga to‘g‘ri kelib, 250–300 mm bo‘lsa, shimoli sharq tomon ortib borib, 550 mm dan G‘arbiy Tyanshan tizmalarining nam havoga ro‘para yonbag‘irlariga 2000 mm gacha yog‘in tushadi. Yog‘inning asosiy qismi bahor va qish oylariga to‘g‘ri keladi.

 Suvlari.
Chirchiq okrugning eng yirik daryosi hisoblanadi. Chirchiq  daryosi Talas Olatovi, Chatqol, Piskom, Qorjontov va Ugom tog‘laridan suv oladi, Chatqol va Piskom daryolarining qo‘shilgan joyidan Chirchiq deb ataladi.
 
Chirchiq daryosining Chatqol, Piskom, Ko‘ksuv va Ugom kabi irmoqlari mavjud. Chirchiq daryosi tekislikka chiqqach, unga o‘ng tomondan Qizilsuvsoy, Qoraqiyasoy, Oqtoshsoy, chap tomondan Qoranqulsoy, Glavasoy, Oqsoqotasoy, Parkentsoy, Zarkentsoylar qo‘shiladi. Chirchiq daryosi suvini 100 foiz desak, shuning 55 foizi Chatqolga, 36 foizi Piskomga, 9 foizi Ugom va boshqa irmoqlariga to‘g‘ri keladi.

 Chirchiq-Ohangaron tabiiy geografik okrugida kichik ko‘llar ko‘p. Ularning eng kattalari Shovulko‘l (maydoni 0,4 km.kv, suv hajmi 3,9 mln m.kub) va Katta Arashon ko‘li (maydoni 0,12 km.kv, suv hajmi 0,56 mln m.kub) hisoblanadi.

 Tuproqlari.
Chirchiq-Ohangaron tabiiy okrugining tuproqlari xilma-xil. Ular tekislik qismidan tog‘ga tomon o‘zgarib boradi.

 Chirchiq va Ohangaron vodiylarining quyi qismida bo‘z tuproqlar tarqalgan. Ular o‘zlashtirilgan bo‘lib, madaniy bo‘z tuproqqa aylangan. Okrugning 300–500 m gacha baland bo‘lgan joylarida och tusli bo‘z tuproqlar tarqalgan, ular tarkibidagi chirindi miqdori 1-1,5 foiz.

 500-1200 m balandliklarda tiрik va to‘q bo‘z tuproqlar tarqalgan. Ularning tarkibidagi chirindi miqdori 4-6 foizga boradi.

 Okrugning 1200—2500 m balandliklarida qo‘ng‘ir tog‘-o‘rmon va jigarrang tog‘-o‘rmon tuproqlari tarqalgan bo‘lib, uning tarkibida chirindi miqdori 10 foizga  boradi. 2500 m dan  yuqorida tog‘-o‘tloq, tog‘-botqoq, toshloq-shag‘alli tuproqlar tarqalgan.

 O‘simliklari. Chirchiq-Ohangaron vodiysida 300–500 m balandlikda, asosan, efemer va efemeroid o‘simliklar — lola, lolaqizg‘aldoq, rang, qo‘ng‘irbosh, bug‘doyiq, javdar, oq kavrak kabilar o‘sadi.

 Okrugning 500 – 1200 m balandliklarida qo‘ng‘irbosh, bug‘doyiq, kakra, bo‘tako‘z, marmarak, sariqchoy, butalardan do‘lana, tog‘olcha, achchiq bodom uchraydi.

 1200—2500 m balandliklarda har xil o‘tlar (bug‘doyiq, chalov, betaga, shirach va h. k.), bodom, do‘lana, zirk, archa, yong‘oq, zarang, Tyanshan yeli, qayin, tol, terak, olma, olcha va boshqalar o‘sadi.

 2500 m dan yuqoridagi subalp va alp o‘tloqlarida mushukquyruq, taran, qiziltikan, Alp lolasi va boshqalar o‘sadi.

 Hayvonot dunyosi. Daryo sohillaridagi to‘qaylarda chiyabo‘ri, quyon, qushlardan o‘rdak, g‘oz va  qirg‘ovullar  yashaydi.  Tekislik va tog‘ etaklarida sudralib yuruvchilar (kaltakesak  va  ilon), kemiruvchilar (yumronqoziq, toshbaqa, hasharotlar), shuningdek, tulki, bo‘ri, bo‘rsiq, qushlardan kaklik  uchraydi.

 Tog‘larda  ayiq, to‘ng‘iz, kiyik, hatto  qor barsi ham yashaydi. Qushlardan  bedana, kaklik va  kalxat, ulor va  burgut  bor.

 Daryolarida  laqqabaliq, cho‘rtanbaliq, marinka, suv omborlarida  zog‘orabaliq, olabug‘a uchraydi.

 Okrugning o‘simlik va hayvonlarini muhofaza qilish uchun Chatqol biosfera qo‘riqxonasi tashkil etilgan. Bu qo‘riqxonada bug‘u, oq va ko‘k kabutar, g‘urrak, bedana, tirnoqli ayiq, qor barsi, malla sug‘ur, to‘ng‘iz, yelik yashaydi. Ulardan qor barsi (irbis) va malla sug‘ur (Menzbir sug‘uri) Xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan.

 Okrugda Chatqol biosfera qo‘riqxonasi va Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i tashkil etilgan bo‘lib, u tog‘oldi va tog‘ tabiiy komplekslarini saqlash va rekreatsiya hududi hisoblanadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив