Umrbod yosh ko`rinishni istasangiz, lavlagi yeng!
Abu Ali ibn Sino "Tib qonunlari”da qizilcha (qizil lavlagi)ning foydali xususiyatlariga baho berarkan, "u jigar va taloqdagi zararli tiqinlarni ochuvchi, buyrak va qovuq kasalliklarida hamda bavosilda shifo berguvchidir” deya yozadi. Ulug` hakimning ta`kidlashicha, qizilcha bargi bo`g`im og`rig`i va yara-chaqalarni davolashda ishlatiladi, siqib olingan suvi sochdagi qazg`oqni ketkazadi, yuzdagi husnbuzarni davolaydi, sepkilni yo`qotadi.
IMMUNITETNI MUSTAHKAMLAYDI
Ilgari qizil lavlagidan faqat dori
sifatida foydalanishgan ekan. Hozirgi zamon olimlari esa uning salomatlik va
uzoq umr ko`rishga katta ta`sir ko`rsatadigan mo``jizakor ne`mat ekanligini
tasdiqlamoqdalar.
Tarkibidagi vitamin A va vitamin R
tomirlarni qayishqoq va mayin qiladi, yurak-tomir kasalliklari, ayniqsa
gipertoniya rivojlanishining oldini oladi. Lavlagida betain degan organik modda
bor, u qondagi xolesterin darajasini pasaytiradi, jigar ishini
me`yorlashtiradi. Bu ne`mat tarkibidagi vitamin S organizmning infeksion va
shamollash kasalliklariga qarshilik kuchini oshirib, immunitetning
mustahkamlanishida ko`maklashadi.
QON IShLAB ChIQARIShDA ISHTIROK ETADI
Lavlagida folat kislota mavjud. U qon
yaratilishi uchun zarur bo`lib, eritrositlar, leykositlar va trombositlar hosil
bo`lishida qatnashadi. Shuningdek, lavlagida temir, kalsiy, magniy, fosfor, kolbat ham
bor.
TERI-TANOSIL
KASALLIKLARINI DAVOLAYDI
"Tibbiy o`gitlar” asarida Abu Ali ibn Sino shunday yozadi:
"Qizil lavlagining shirasi va bargining qaynatmasi sovuqdan yorilganga foyda
qiladi. Agar sepkil va dog` bor joyni soda bilan
yuvib, keyin lavlagining bargini qo`yib bog`lansa, ketkazadi. Bargining siqib
olingan suvi burga va bitni o`ldiradi, osilib turgan so`gallarni ko`chiradi.
Lavlagi bargining qaynatilgani olovdan kuyganga yaxshi ta`sir qiladi. Asal
bilan qo`shib surkalsa, temiratkini davolaydi. Yomon sifatli yaralarga qo`yib
bog`lansa, ularni tuzatadi…”
TIBBIYOTDA QO`LLANILISHI
Zamonaviy tabobatda qizil lavlagi
me`da-ichak, jigar, o`t yo`llari kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Sharbati
kuchli o`t haydash xususiyatiga ega. Pishirilganni qabziyatda yaxshi yordam
beradi, bu ne`mat ayniqsa kamqonlikda foydalidir. Qizil lavlagi sharbati hazm
jarayonini yaxshilab qolmasdan, balki moddalar almashinuvida faol ishtirok
etadi. Qandli diabet, qabziyat, kamqonlik, ateroskleroz, tireotoksikoz singari
dardlarni tuzatishda ham yordam beradi. Qizil lavlagidan uy sharoitida qanday
foydalanishni har bir kishi ham yaxshi bilmasa kerak.
LAVLAGILI RESEPTLAR
Burun-xalqum kasalliklarida
Burun-halqum qurishi bilan kechadigan surunkali faringit va laringitni
davolashda hamda ovoz bo`g`ilganda shunday muolajani qo`llang: bir dona
lavlagini suvda pishirib, qirg`ichda qiring, dokaga solib siqing. Keyin uchta
teng qismga bo`lib, bir oy davomida har kuni uch mahal ovqatlanishdan oldin
tomog`ingizni chaying.
Qabziyatda (ich qotganda) och
qoringa 50-100 gramm qaynatilgan yoki bug`da pishirilgan lavlagi ustiga ozroq
o`simlik moyi quyib eyish lozim. Lekin surunkali qabziyati bor kishilarga bu
muolajaning ta`siri kamroq bo`ladi.
Yana bir muolaja. Bitta qizil lavlagi,
bir dona turp, bir dona sabzi oling. Hammasining suvini chiqarib aralashtiring.
Ko`ngilni aynitadigan va qustiradigan moddalari uchib ketishi uchun
muzlatgichda ikki-to`rt soatcha saqlang. Bir oy davomida har kuni
ovqatlanishdan bir soat oldin bir-ikki oshqoshiqdan ichib yursangiz
tetiklashasiz, gemoglobiningiz oshadi, moddalar almashinuvi yaxshilanadi, qon
bosimingiz me`yorlashib, rangingiz ochiladi.
- Biror joyingizni kesib olsangiz, lavlagini siqib suviga paxtani botirib qo`ysangiz, qon oqishi to`xtaydi. Jarohat va yaralarga lavlagini qirib, ezib qo`ysangiz (kompress o`rnida) foyda beradi.
- Tishingiz og`riganda yangi lavlagini kesib bir bo`lagini milkka qo`ysangiz, og`riq taqqa to`xtaydi. Keyin stomotolog shifokorga uchrang.
- Doimo yosharib yuray desangiz va yuzingiz tiniq bo`lishini istasangiz, lavlagini pishirib eb turishingiz kerak. Tozalangan lavlagini ochiqda saqlamang, aks holda kislorod tegib, undagi vitamin S parchalanib ketadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.