loading...

Anjirning bargi, mevasi, sharbati – bari davo 

6376

Anjir asalday totli va shirali mevagina emas, ming dardga davo ne`mat hamdir. Uning tarkibidagi mis, temir, magniy, kalsiy, kaliy, shuningdek, A, V vitaminlari organizmga juda ham kerakli ozuqa hisoblanadi. Tarkibida olmaga qaraganda ko`proq temir moddasini saqlaganligi tufayli anjir kamqonlikda ko`proq tavsiya qilinadi.

Qon bosimi oshganda
Har kuni anjir iste`mol qilish organizmning kalsiyga bo`lgan ehtiyojini qondiradi. Anjir tarkibidagi kaliy unsuri arterial qon bosimi bir me`yorda bo`lishiga xizmat qiladi va yuqori qon bosimida yaxshi foyda beradi. Hozirgi vaqtda ishlov berilgan zamonaviy oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga shu qadar ko`p natriy moddasi qo`shilganki, uning kaliy bilan o`zaro nomutanosibligi gipertoniyaga sabab bo`lmoqda. Eng yomoni, davolanishdagi qiyinchilikdir. Chunki tarkibida natriy saqlovchi oziq-ovqat mahsulotlari (sosiska, kolbasa, yarim tayyor chuchvara va kotletlar)ni muntazam iste`mol qilish qon bosimi oshishiga olib keladi. Shu sababli gipertoniyaga duchor bo`lgan bemorlar anjir yordamida qon bosimini mo``tadil ushlab turishlari mumkin.

Ortiqcha vaznga qarshi
Anjir qon tomirlarini kengaytiradi, shu boisdan ham uni venalarning varikoz kasalligida ham iste`mol qilish foydali. Meva tarkibidagi fisin moddasi qonning quyuqlashishini bartaraf etadi, tomirlardagi tromblar so`riladi. U iste`mol qilayotgan shakaringiz yog`ga aylanishining oldini oladi. Demak, uni ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan kishilar ikkilanmay eyishlari mumkin. Tarkibidagi magniy unsuri sababli anjir kayfiyatni ko`taradi, asabni tinchlantiradi. Bolalarga anjirni po`stlog`i bilan ezib, bo`tqa holida bersangiz, ishtahasi ochilishiga yordam beradi, hazm a`zolari faoliyatini yaxshilaydi.

Ayollar uchun...
Menopauza jarayonini boshdan kechirayotgan ayollarga ko`proq anjir eyish tavsiya etiladi. Anjirda, ayniqsa, uning po`stloq qismida ko`krak saratonining oldini oluvchi moddalar bor.

Salomatlik reseptlari
Yo`talga qarshi. Anjirning quritilgan mevasidan 4 tasiga bir stakan sut quyib, qaynatib oling va 30 daqiqa davomida tindirib qo`ying. So`ng blenderda anjirli sutni atalab oling hamda 3 qismga bo`lib, kun davomida 3 martadan iching. Tomoq yo`llarini yumshatuvchi, yo`talni bartaraf etuvchi ushbu tabiiy vositani bolalarga bersangiz ham bo`ladi.

Surunkali qabziyatda anjirning 8 ta quruq mevasini ikki stakan suvda 20 daqiqa o`rtacha olovda qaynatiladi. So`ng yarimta limon suvi, bir choy qoshiq zanjabil (imbir) kukuni qo`shib aralashtiriladi. Shisha idishga quyib, qopqog`ini zich yoping-da, salqin joyda saqlang. 14 kun davomida 3-4 mahal 1 osh qoshiqdan ovqat orasida qabul qilish ich qotishi muammosini bartaraf etadi.

Avitaminoz (vitamin etishmovchiligi) va ishtahani ochish uchun. 9 dona anjir mevasi yoki qoqisini 1 stakan suv bilan 30 daqiqa past olovda qaynating. So`ng ustiga yana yarim stakan suv quyib, bir qaynatib oling. Biroz sovugach, yarim stakan asal, 1 choy qoshiq maydalangan zanjabil, bitta limon suvini siqib qo`shing va 1 oy davomida 1 choy qoshiqdan nahorda och qoringa qabul qiling.

Aritmiyada anjir, mayiz, asal, yong`oqdan teng miqdorda olib, go`shtqiymalagichdan chiqariladi va asal bilan aralashtiriladi. Kuniga 2 mahal, ovqat orasida 1 osh qoshiqdan aralashma tugaguniga qadar iste`mol qilinadi.

So`gallarni bartaraf etish uchun anjirning etilmagan mevalaridan teriladi va uning sharbati (suti) siqib olinadi. Kuniga 3 mahal so`galga anjir suti surtiladi.

Jigar sirrozida to`rtta anjir yaprog`i yaxshilab yuviladi va 50 g miqdordagi shakar bilan hovonchada ezib, bo`tqa holga keltiriladi. Tayyor aralashma kuniga 2 mahal 1 choy qoshiqda, 1 stakan suv bilan 14 kun ichiladi.

Bronxial astma hurujidan aziyat chekadiganlar uchun: quritilgan anjir bargidan 3 qoshig`iga yarim litr qaynagan suv quyib, termosga damlanadi va kechasiga qoldiriladi. Tayyor tindirmani har kuni 4 marta yarim stakandan ichish dardingizni engillatadi.

Yurak ishemik xastaligida 150 g qora olxo`ri, 300 g anjir mevalari, 2 qoshiq bodom, maydalangan apelsin po`stlog`i, ta`bga ko`ra asal qo`shiladi. Tayyor aralashmaning 2 qoshig`ini 1 stakan qatiq yoki kefirga aralashtirib, har kuni ertalab eysiz. Bu aralashma yurakni baquvvat qilib, organizmga kuch beradi.

Unutmang! Qandli diabet, podagra bilan og`riydigan bemorlarga, oshqozon kasalliklarida, buyrak yoki o`t pufagida tosh hosil bo`lishga moyilligi bo`lganlar anjirni kamroq iste`mol qilganlari ma`qul.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив