«Jannat mevasi»ning shifobaxsh xususiyatlari
Anjirni bejiz jannat mevasi, deyishmaydi. Zero, u foydali va shifobaxsh xususiyatlarni jamlagan sandiqqa o`xshaydi. Och sariq yoki siyohrang tusli noksimon bu meva vitamin va quvvatbaxsh moddalari bilan insonga salomatlik, go`zallik va yoshlik baxsh etadi.
Anjir juda qadimiy meva. U haqida eramizdan avvalgi 2700-yilda bitilgan Misr yilnomalarida qayd etilgan. O`sha vaqtlar zaytun, anjir va uzum eng ko`p tarqalgan mevalar edi. Qadim Yunonistonda esa anjir hosildorlik ramzi sanalgan.
E`tiborlisi shundaki, qulay sharoitda anjir daraxti 200 yilgacha yashab, meva berishi mumkin. U o`zining ana shunday umrboqiylik xususiyatini insonlarga ham hadya etadi. Ya`ni, anjir yoshartiruvchi ne`mat hisoblanadi.
100 gramm anjir tarkibida:
- 305 kkal quvvat
- 1.3 gramm yog`
- 4.3 gramm oqsil
- 63.5 gramm uglevod
- 2.3 gramm mineral moddalar
- 0.5 ml.gramm vitaminlar mavjud.
Qorningiz ochib, tinkangiz qurib ketayotgan bo`lsa, anjir bir zumda sizni tetiklashtiradi. Buni yaxshi bilgan Iskandar Zulqarnaynning askarlari o`zlari bilan doim quritilgan anjir olib yurisharkan. Jang maydonida holdan toygan askarni shu meva, ko`pincha, qutqarib qolgan ekan.
Dardlarga davo ne`mat
Ko`pchilik anjirni tabiatdagi eng mukammal ne`matlardan biri, deb sanaydi. Qadimdan uning quyidagi foydali xususiyatlari ma`lum:
- Anjir mevasi siydik va ter haydash xususiyatiga ega.
- Zaharlanishni anjir bilan davolash mumkin. Chunki uning tarkibidagi moddalar oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilab, undan zaharni haydab chiqaradi, buyrak va jigar faoliyatini yaxshilaydi.
- Anjir boshqa kasalliklarda ham qo`llanadi: tomoq og`rig`i va yo`talda anjirning ustiga issiq sut quyib, bir muddat dimlab qo`yiladi va ovqatdan oldin bemorga ichiriladi.
- Anjirning isitmani tushirish xususiyati ham ma`lum. Buning uchun isitmalayotgan bemorga quritilgan anjir mevasidan damlama tayyorlab ichirish kerak.
- Anjir qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi. Shu sababli u yurak qon-tomir xastaliklari va semirishda benazir vositadir.
- Anjir tarkibida katta miqdorda temir moddasi bor. Shu bois kamqonlikda foyda beradi.
- Anjirdan tayyorlangan sharbat ichni yumshatadi. Hatto anjir murabbosini issiq choyga solib ichish bilan ham ayni natijaga erishish mumkin.
- Sutda qaynatilga anjir mevalari yiringli yaralarga bosilsa, ular tezroq pishib, yoriladi.
- Agar qo`l yoki oyog`ingizda qadoqlaringiz bo`lsa, tunda ularning ustiga anjir mevasini kesib, bog`lang. Tez orada qadoqlar ko`chib tushadi.
MUMKIN EMAS!
Anjirning nojo`ya ta`siri shu paytga qadar sezilmagan. Faqat u qandli diabet, podagra va o`tkir oshqozon-ichak kasalliklarida tavsiya etilmaydi.
Kosmetologiyada Anjir
- Anjirdan tayyorlangan niqob soch to`kilishida juda foydali. Buning uchun 2 ta anjir qoqini maydalab, ustidan 1 stakan sut quyib, qaynatiladi. Sut bug`lanib ketib, bo`tqasimon aralashma hosil bo`lganida olovdan olinadi. Sovutiladi. Har kuni soch terisiga surtiladi. Ustidan sellofan qalpoqcha kiyib, sochiq bilan o`rab qo`yiladi va bir yarim soatdan so`ng yuvib tashlanadi.
- Anjir urug`lari bilan tishlarni tozalash mumkin. Buning uchun anjir urug`iga ozgina gliserin qo`shiladi va shunda paxtasimon modda hosil bo`ladi. Har kuna ana shu tabiiy tish pastasi bilan tishlaringizni yuvib tursangiz, ular oqaradi va mustahkamlanadi.
Anjir urug`larini o`simlik yog`i bilan aralashtirib, ajoyib sochbo`yoq olish mumkin. U bilan oqargan soch tolalarini bo`yasangiz, ular tabiiy qora ranga kiradi va jilolanadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.