loading...

Yuriy Senkevich 

3190

 

Yuriy Senkevich (1937-2003)

   XX asrda yashab o`tgan mashhur sayyohlardan biri, ko`p millionli teletomoshabinlarga «Kinosayohatchilar klubi» ko`rsatuvi orqali yaxshi tanish bo`lgan olim, jurnalist va teleboshlovchi Yuriy Senkevichdir. Sayyoh shunisi bilan mashhur ediki, u amalga oshirgan sayohatlari davomida olgan taassurotlarini o`z kitoblarida va teleekranda jonli tarzda ifoda eta olgan. Uning sayohatlari haqidagi esdaliklarini o`qigan yoki ko`rsatuvlarini tomosha qilgan har bir kishi o`zini o`sha sayohatda bevosita qatnashayotgandek his qilardi go`yo.
  Yuriy Senkevich 1937-yil 4-martda Mo`gulistonning Bayan-tumen (hozirgi Chaybolsan) shahrida tug`ilgan. Ota-onasi Sankt-Peterburdagi harbiy tibbiyot akademiyasini tugatgandan so`ng, shu shaharga ishga yuborilgach, Yuriy dunyoga kelgan. Senkevichlarning aksariyati tibbiyot sohasi vakillari edilar. Yoshligida biologiya, zoologiya va umuman tabiiy fanlardan yaxshi saboq olgan Yuriy ota-onasi izidan borib, 1960-yilda Sankt-Peterburg harbiy tibbiyot akademiyasini tugatdi.
  Yu.Senkevich 1962-yildan boshlab fan bilan jiddiy shug`ullana boshladi. Dastlab, Mudofaa vazirligiga qarashli Aviatsiya va koinot tibbiyoti institutida, keyinchalik Moskvadagi Tibbiy-biologik muammolar institutida ekstremal vaziyatlarda inson xulq-atvorining xususiyatlari mavzusida tadqiqot olib borgan. Tadqiqot mavzusining favqulodda muhimligi bois, u 1964-yilda fazogirlarni tayyorlash guruhiga qabul qilindi. 1967-yilda esa Yu.Senkevich Antarktikaga ekstremal sharoitda yashash uchun ko`rash bo`yicha tashkil etilgan ikki yillik ekspeditsiyada ishtirok etish uchun taklif etilgan. Mazkur ekspeditsiya dunyoning eng sovuq qutbi (-88,3 daraja) nomini olgan materik - Antarktidadagi «Vostok» ilmiy tekshirish stansiyasida tadqiqotlar olib borgan. Ana shundan so`ng, sayohatlar Yu.Senkevichning asosiy mashg`ulotiga aylandi, deyish mumkin. Mazkur ekspeditsiya davomida sayyoh jurnalist sifatida ham shakllandi. U «Halqlar do`stligi» jurnalida mazkur sayohat to`g`risida qiziqarli ma’lumotlarni e’lon qilib borgan.
  1969-yilda mashhur norveg sayyoh-olimi Tur Xeyerdal tropik qamish (papirus) dan yasalgan «Ra» kemasida qadimgi xalqlarning okeanlar osha suzishlarni amalga oshirgan bo`lishi mumkinligini isbot qilish uchun Atlantika orqali sayohatni tashkil etdi. Xe­yerdal o`zining yetti kishilik xalqaro ekipajiga universal inson - vrach, bir qator tabiiy fanlar bo`yicha yetuk olim, ingliz tilini mukammal biladigan jurnalist Yuriy Senkevichni ham taklif qildi. 1969-yildagi «Ra-1» kemasida tashkil etilgan ekspeditsiya kemaning halokatga uchrashi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo`lsa, 1970-yilda «Ra-2» kemasida 7 kishidan iborat xalqaro ekspeditsiya Karib dengizi Sharqidagi Barbados oroligacha suzib bora olgan.
  1973-yildan Yuriy Senkevich markaziy televideniyedagi «Kinosayohatchilar klubi» ko`rsatuvi boshlovchisi sifatida faoliyat ko`rsata boshlagan. Tinib-tinchimas sayyoh ,,olim va nafis so`z ustasi bo`lgan Senkevich «Kinosayohatchilar klubi»ni ko`p millionli teletomoshabinlarning sevimli ko`rsatuviga aylanishiga erisha ol­gan. Mazkur ko`rsatuv ekranga berilayotgan ma’lumotlarning keng miqyosliligi, jiddiyligi, mazmunan chuqurligi bilan tezda shuxhrat qozondi. Ko`rsatuvda dunyodagi turli xalklar va mamlakat­larning hayoti, turmush tarzi va urf-odatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berilib, ular tomoshabinda sayohat qilish hissini o`ygotardi. Turli yillarda o`tkazilgan ijtimoiy so`rovlar shuni ko`rsatadiki, Yu.Senkevichning «Kinosayohatchilar klubi» o`zi­ning doimiy ko`pmillionli muxlislariga ega bo`lgan va shu bois - «Ginnessning rekordlar kitobi» ga kiritilgan.
  Ko`rsatuv mavzusini tanlash, mualliflar va mehmonlarni tak­lif etish bilan Senkevichning shaxsan o`zi shug`ullangan. Tur Xe­yerdal, Jak-Iv Kusto, Karlo Mauri, Bruno Vaylatti, Jak Mayol, Jan Melori, Fyodor Konyuxov va boshqa ko`plab mashhur sayyohlarning ko`rsatuvdagi bevosita ishtiroki uning qiziqarliligini yanada oshirgan.
  1977-1978-yillarda Yu.Senkevich Tur Xeyerdalning qamishdan yasalgan «Tigris» kemasida Hind okeani bo`ylab sayohatda kema vra­chi sifatida ishtirok etgan. Uch ming yil avvalgi loyiha bo`yicha ishlangan ushbu kema Qizil dengiz qirg`oqdaridan yo`lga chiqqach, besh oy davomida Hind okeanida suzib, Afrikaning Jibuti qirg`oqlariga qaytib kelgan.
  1979-yilda Yu.Senkevich shimoliy qutbga chang`ida amalga oshirilgan va 1980-1982-yillarda dunyodagi eng baland cho`qqi Everestga tashkil etilgan ekspeditsiyalarda vrach sifatida ishtirok etgan. Sayohatlari davomida olgan taassurotlarini 60 dan ortiq ilmiy maqola va risolalarida bayon etgan, ularda inson xulqining eks­tremal vaziyatlardagi fiziologik jihatlarini, uzoq, sayohatlar davomidagi o`zaro munosabatlarning xususiyatlarini keng yoritib bergan. Olimning «Ra» da Atlantika orqali», «Tigris» okeanda», «Ularni ufq chorlagan» va «Umrga teng sayohat» kabi asarlari kitobxonlar orasida mashhur.
  Yuriy Senkevich dunyodagi barcha xalqlar madaniyati va tarixiga chuqur hurmat va ehtirom bilan qaraydigan sayyoh edi. U «o`z tarixi­ga bo`lgan qiziqish - millatning madaniyatliligi belgisidir» degan so`zlarini turli uchrashuvlarida tinmay takrorlar edi. Mashhur sayyoh o`tgan asrning 80-yillari boshida Toshkentga qilgan safarida respublikamiz yosh geograflari va sayyohlari bilan bo`lgan uchrashuvda O`zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi haqida gapira turib, xuddi shu so`zlarni ishlatgan edi.
Yu.Senkevich mashhur norveg sayyoh-olimi Tur Xeyerdal bilan qalin do`st edi. 2002-yilda T.Xeyerdalning olamdan o`tganligi haqidagi xabarni eshitgach, Yu. Senkevich yurak xuruji bilan og`rib, yotib qolgan. Ammo Yu. Senkevich umrining oxirgi yillarida salomatligi yaxshi emasligiga qaramasdan, sayohat qilishda davom et­gan. Jumladan, 2001-yilda Shveysariya, Ispaniya, Dondagi Rostov, Qozog`iston, Chukotka, Xanti-Mansiysk, Xitoy va Hindistonga, 2002-yilda esa Chukotka va Vrangel orollariga sayohat qildi.
Yu.Senkevich tibbiyot fanlari nomzodi, Rossiya sayyohlar assosiatsiyasi prezidenti, Rossiya teleakademiyasi akademigi va qator xalqaro mukofotlar sovrindori edi. Olim 2003-yilning 25 sentyabrida o`z ish joyida vafot etgan.
  Sayyohning nomi turli ob’ektlarda abadiylashtirilgan. «Ae­roflot» kompaniyasi samolyotlaridan biri, umumiy yuk ko`tarish qobiliyati 100 ming tonna («Titanik» dan ikki baravar ko`p) bo`lgan kema va Moskva davlat turizm industriyasi instituta Yu.Senkevich nomi bilan atalgan. Sibirdagi Omsk shahrida «Senkevich» restorani bo`lib, uning devorlaridan birida sayyoh ishtirok etgan «Ra-2» kemasi sayohatining fil terisiga ishlangan xaritasi osib qo`yilgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив