Hamidulla Hasanov
Hamidulla Hasanov
(1919-1985)
O`zbekistonda geografiya fanining rivojlanishiga hissa qo`shgan olimlar
talaygina. Ammo ular orasida butun umrini geografiya faniga, uning tarixi,
ta’limi va uslubiyoti masalalariga bag`ishlagan ustoz-olim, geografiya fanlari doktori,
professor Hamidulla Hasanovning alohida o`rni bor. O`zbekistonda XX asrning
ikkinchi yarmidan boshlab geografiya fani sohasida ijod qilgan va bugungi kunda
ham yoshlarga ushbu fanning sir-asrorlarini o`rgatib kelayotgan olimlarimizning
deyarli barchasi Hamidulla Hasanovni haqli ravishda o`z ustozlari sifatida
hurmat bilan tilga oladilar.
Shu bois ham O`zbekiston geografiyasining zabardast namoyandalaridan
biri bo`lgan olim to`g`risidagi ba’zi xotiralarni sayyoh-olimlar qatorida
berishni shogirdlik burchimiz, deb bildik. Zero, ustozning hayoti va ijodiga
oid xotiralar o`sib kelayotgan yosh avlodda geografiya faniga bo`lgan ishtiyoq
va qiziqishni yanada oshirish uchun xizmat qilishiga shubha yo`q.
Hamidulla Hasanov 1919-yilda Toshkent
shahrida tavallud topgan. Yoshligidanoq ilmga chanqoqligi uning maktabni
tamomlagach, o`sha paytdagi O`rta Osiyo universitetining (hozirgi O`zbekiston
Milliy universiteti) geologiya-geografiya fakultetiga yetakladi. Ikkinchi jahon
urushi yillarida front gazetalaridan birining muxbiri hamda harbiy aerodromda
ob-havo nazoratchisi bo`lib xizmat qildi. Urushdan keyingi 1946-1948-yillarda
respublika markaziy gazetalaridan birida adabiy xodim sifatida faoliyat olib
borgan. 1948-yildan boshlab to umrining oxiriga qadar ustozning hayoti va ilmiy
faoliyati O`zbekistonda geografiya fani va uning rivoji bilan bevosita bog`liq.
H.Hasanov geografiya sohasidagi faoliyatini 1948-yilda O`zbekiston xalq
ta’limi vazirligi huzuridagi Pedagogika ilmiy tekshirish institutida
geograf-uslubchi lavozimidan boshlagan. Geografiya faniga bo`lgan yuksak
ishtiyoq ustozni Moskvadagi Fanlar Akademiyasi aspiraturasiga yetaklagan va
H.Hasanov 1954-yilda uni muvaffaqiyatli tamomlab, geografiya fanlari nomzodi
ilmiy darajasiga ega bo`lhan.
1954-yildan boshlab u faqat bir dargoh Toshkent davlat (hozirgi O`zbekiston Milliy)
universitetining geografiya fakultetida faoliyat ko`rsatib, geografiya tarixi,
toponimika va uslubiyot borasida tinmay izlanishlar olib borgan. Ana shu
izlanishlarning natijasi o`laroq, dastlab, 1956-yilda geografiya fakulteti
dotsenti unvonini olgan. 1968-yilda uzining doktorlik dissertasiyasini
muvaffaqiyatli ximoya kilgach, 1972-yildan boshlab Toshkent Davlat
universiteti (hozirgi O`zMU) geografiya fakulteti professori unvoniga sazovor
bo`lgan. Umrining so`nggi yillarida, ya’ni 1982-1985-yillarda ustoz geografiya
fakulteti tabiiy geografiya kafedrasining mudiri lavozimida faoliyat
ko`rsatdi.
Hamidulla Hasanov geografiya tarixi, ta’lim uslubiyoti, geografik
atamashunoslik, transkripsiya va toponimikaga oid 100 dan ortiq salmoqli ilmiy
ishlar muallifi. Ammo «O`rta Osiyolik geograf va sayyohlar», «Sayyoh olimlar»,
«Bobur - sayyoh va tabiatshunos», «Mahmud Qoshg`ariy» kabi ustoz yaratgan
asarlar nafaqat Respublikamiz, balki chet mamlakatlar geograflari orasida ham
mashhur. Ustoz O`zbekiston tuprog`ida yashab o`tgan sayyoh-olimlarning ilmiy
merosini va geografiya fani taraqqiyotiga qo`shgan hissasini o`rganish orqali
ularga o`ziga xos mangu «haykal» qo`ygan.
Ustozning atamashunoslikka bag`ishlangan eng yirik asari - «Ruscha-o`zbekcha
va o`zbekcha-ruscha geografiya atamalari lug`ati»dir. Ushbu asar 1400 ga yaqin
ilmiy-geografik atamalarning o`zbekcha ma’nosini o`z ichiga olgan bo`lib,
ularning aksariyati H.Hasanov tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan.
Hamidulla Hasanov o`zining ilmiy faoliyatini bevosita amaliyot bilan bog`liq
holda olib borgan. Jumladan, ustoz olim nafaqat qo`lyozma manbalar, balki o`zining
butun dunyo bo`ylab qilgan sayohatlari chog`ida olingan ma’lumotlar asosida
turli ajoyib ilmiy-ommabop asarlar yaratgan. Ustoz asarlarida keltirilgan ma’lumotlar,
sayohatlaridan olgan taassurotlarini geografiya fakulteta talabalariga ta’lim
berish jarayonida keng qo`llagan.
Hamisha mehnat ta’tillarini dunyo mamlakatlari bo`ylab sayohat qilish,
turli geografik kuzatish va tadqiqotlar bilan utkazgan ustozni respublikamiz
geograflari birinchi «O`zbek
Magellani», deyishlari bejiz emas. Ustoz o`zining Osiyo, Yevropa, Shimoliy Amerika va Afrikaga qilgan sayohatlari natijalarini doimo talabalarga maroq bilan hikoya qilib berardi.
«Sayyoh olimlar» kitobida u Boburning bosib o`tgan yo`lini takrorlab,
O`zbekistonga qo`shni mamlakatlar, jumladan, Tojikiston, Afg`oniston, Pokiston va Hindistonda bo`lganligini yozadi. Ayniqsa, uning Qobul shahridagi Bogi Bobur, Agradagi Boburiylar ko`rdirgan takrorlanmas me’moriy obidalar haqidagi lavhalari kitobxonlar tomonidan hozir ham katta qiziqish bilan uqiladi.
XX asrning 70-yillari va 80-yillarining boshida
hozirgi O`zMU geografiya fakultetida tahsil olgan va hozirgi
kunda respublikamiz viloyatlarida turli sohalarda xizmat qilayotgan geograf
hamkasblarimiz ustozning Neptun bayrami, turli tabiiy ob’ektlar, jumladan,
ekvator, suvayirg`ich haqidagi qiziqarli hikoyalari va auditoriyada bevosita talabalar bilan o`tkazgan ko`rgazmali darslarini yaxshi eslashsa kerak.
Shuningdek, ustozning sayohati davomida Shimoliy Amerikaning Buyuk ko`llaridan shisha idishda olib kelgan suvni dars paytida har bir talabaning ko`liga oz-ozdan quyib, «ana endi sizlar ham har biringiz Buyuk ko`llarga sayohat qilganman va uning suviga bevosita ko`limni tekkizganman, deya olishga haqlisiz»,
degan so`zlari har bir talabaning bir umr yodida qolishi shubxasiz.
H.Hasanov xushtabiat,
quvnoq, kamtar va shu bilan birga o`zining tashqi ko`rinishiga alohida e’tibor beradigan kishi edi. Ammo ustozni tanigan
shogirdlar yaxshi eslashsa kerak, u kishi doimo sochini ustarada oldirib yurar
va tashqi ko`rinishi sariqroq, ya’ni yevropaliklarga juda o`xshab ketar edi.
Uning yevropoidlarga xos tashqi qiyofasi bilan bog`liq bir qiziq voqeani ustoz
ko`pchilikka so`zlab bergan.
Fransiya safariga H.Hasanov professor Z.Akramov bilan birga borgan.
Olimlar o`zlarining Novosibirsklik to`ladan kelgan hamrohlari bilan birga Parij
shahridagi Sena daryosi buyida sayr qilib yurishganida bir fransuz jurnalista
ularni suhbatga chorlabdi. Ular o`zlari haqida gapirib berib, ayniqsa, geograf
ekanliklarini aytishganda suhbat juda qizib ketibdi. Ana shu suhbatdan so`ng,
ertasiga «Parij oqshomi» gazetasida «Ruslar har xil: do`ppili, mutlaqo sochsiz
va to`la bo`ladi» degan maqola chop etilgan. Maqolaning bunday nomlanishiga
sabab O`sha vaqtlarda bitta, sobiq Ittifoq tarkibida va hozirda mustaqil
bo`lgan davlatlarning turli tilda gaplashadigan aholisini G`arbiy Yevropada
unchalik farqi ga borishmaganida edi. Bundan tashqari, O`sha vaqtlarda chet el
safariga chiqqan yurtdoshlarimiz doim do`ppi kiyib, o`zbek ekanliklarini
namoyish etib yurishgan. Parijda chop etilgan mazkur maqola qahramonlaridan
biri professor Z.Akramov esa ayni shu sayohatda boshida do`ppi bilan fransuz
jurnalistining e’tiborini o`ziga tortgan.
Tinib-tinchimas sayyoh H.Hasanov uzoq yillar O`zbekiston
televideniyesidagi «Olamga sayohat» ko`rsatuvinning boshlovchisi sifatida ham
tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirgan.
Hamidulla Hasanovdan respublikamiz geograflariga qolgan yana bir muhim
yodgorlik - bu dunyodagi birinchi globusni yaratgan Beruniy an’analariga sodiq
qolgan holda ustozning bevosita rahbarligida yaratilgan Toshkent globusidir. Ma’lumki, hozirgi
vaqtdagi eng yirik globus Sankt-Peterburg shahrida saqlanmoqda. Uning diametri
310 santimetrga teng. Ammo Toshkent
globusi ham o`z ko`rsatkichlari bilan Rossiyadagi eng katta globusdan
qolishmaydi.
Uning yaratilish tarixi ustozning 1979-yilda Rossiyaning Perm universitetiga
qilgan xizmat safari bilan bog`liq, chunki bu universitetdagi diametri bir
metrli globusni ko`rgandan so`ng ustozda undan ham kattaroq relefli globusni
yaratish g`oyasi paydo bo`lgan. Natijada Toshkent Davlat universiteti va Perm universiteti maxsus laboratoriyasining o`zaro
hamkorligida Toshkent
globusi 5 yil davomida ustozning bevosita ilmiy rahbarligida bunyod etilgan.
Toshkent globusining
miqyosi 1:7 OOO OOO, ya’ni undagi har bir santimetrdagi masofa 70 km.ga
teng yoki Yer shari 7 million marta kichraytirilgan holda tasvirlangan.
Globusning balandligi taglamasi bilan birga 2,5 metr. Sharning ogirligi 240 kg,
taglamasi 250
kg, demak globusning umumiy ogirligi yarim
tonnaga boradi. Globusning diametri 2 metr, aylanasining uzunligi esa 6 metr va
umumiy sathi 13 kv.m. ga teng.
Globusning eng
ahamiyatli tomoni unda yer yuzining turli shakllari - tog`lar, qirlar,
tekisliklar, botiqlar va okean osti relyefi ular tabiatda qanday ko`rinishda
bo`lsa, shundayligicha tasvirlangan. Shuningdek, globusda yer yuzining
landshaftlari kartografiyada qabul qilingan tamoyillarga binoan tasvirlangan.
Agar globusga nazar soladigan bo`lsangiz, dunyodagi turli tabiat zonalari -
tundra, o`rmonlar, cho`llar, dashtlar va uzoq shimoldagi va baland tog`lardagi
muzliklar xuddi o`zidek turli ranglar bilan ko`rsatilgan.
Globus Toshkentga olib kelingach, Toshkent
davlat universiteti (hozirgi O`zMU) geografiya fakultetidagi Hamidulla Hasanovning
tashabbusi va bevosita sa’y-harakatlari bilan bunyod etilgan muzey-uslubiyot
xonasiga o`rnatilgan. 1992-yilda ushbu xonaga professor Hamidulla Hasanovning
nomi berilgandi.
Hamidulla Hasanov O`zbekistonda geografiya fanini rivojlantirishga
qo`shgan o`lkan hissasi uchun 1980-yilda «O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan
arbobi», degan sharafli unvonga sazovor bo`lgan. Geografiya fani oldidagi
xizmatlarini inobatga olib, 1980-yilda sobiq Ittifok Geografiya jamiyatining
faxriy a’zoligiga qabul qilingan. Bularni ustozning uzoq yillar qilgan tinimsiz
mehnati va dunyo bo`ylab qilgan sayohatlariga bog`liq holda yaratilgan betakror
ilmiy ishlarining e’tirofi, deb aytish mumkin.
Ustoz Hamidulla Hasanov
nomi uning boshlagan ishlarini davom ettirayotgan shogirdlar tomonidan ardoqlanib
kelinmoqda. Chunonchi, 2009-yilda O`zMU geografiya fakultetining tashabbusi bilan
ustoz tavalludining 90 yilligiga bag`ishlab «Tabiiy geografiya nazariyasi,
metodika va toponimika» mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil
etildi. Tadbirda ustozning O`zbekiston geografiyasi faniga qo`shgan salmoqli hissasi
uning hozirgi kunda o`zlari ustoz darajasiga yetgan shogirdlari tomonidan yana
bir bor ta’kidlandi.
Ustoz xotirasini
yod etish, uning ibratli hayot va ijod yo`li bilan kelajak avlodni tanishtirib
borishdek xayrli ishlar yoshlarimizning, ayniqsa, o`z hayotini geografiya fani
bilan bog`lashga qaror qilgan talaba-yoshlar, tadqiqotchi va izlanuvchilarda
ustoz qoldirgan o`lkan ilmiy merosga munosib shogird bo`lish tuyg`usini
shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.