Pattoh Baratov
PATTOH BARATOV
O'zbek geograflarining aksariyati fanning ma'lum bir yo'nalishi, ya'ni tabiiy yoki iqtisodiy geografiya, ayrimlari esa ularni o'qitish metodikasi bo'yicha ham ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishgan. Ammo, shunday olimlar borki, ular geografiya ta'limi metodikasi, tabiiy va iqtisodiy geografiya, tabiatni muhofaza qilish hamda o'lkashunoslik kabi qator sohalarda serqirrra ijod qilib, asarlar yaratishgan. Professor Pattoh Baratov ana shunday olimlardan bo'lib, uning mamlakatimizda geografiya fani rivojida alohida o'rni bor. Ustozga O'zbekistonda geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo'lgan olimlar o'rtasida birinchilardan bo'lib professor ilmiy unvonining berilishi uning fan taraqqiyotidagi xizmatlari katta ekanidan dalolat beradi.
P.Baratov 1932-yilning 31-avgustida Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi Soylik qishlog'ida tavallud topgan. 1950-yilda o'rta maktabni tugatgach, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining (hozirda universitet) Tabiiyot-geografiya fakultetiga o'qishga kirdi. Institutni 1954-yilda imtiyozli diplom bilan tamomlagan yosh mutaxassis ustozlari tavsiyasi bilan o'sha yili aspiranturaga o'qishga kirdi. Aspiranturadan so'ng amaliy faoliyatini 1958-yilda O'zbekiston Fanlar Akademiyasining Geografiya bo'limida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan.
Zarafshon vodiysidagi tabiat komplekslari va tabiiy geografik jarayonlarni o'rganish, mazkur mintaqadagi resurslardan oqilona foydalanish masalalari P.Baratovning dastlabki tadqiqot ob'yekti bo'lgan. XX asrning 50-yillarida Geografiya bo'limi olimlari tomonidan Zarafshon vodiysiga uyushtirilgan kompleks ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalarida ishtirok etdi. XX asrning taniqli tabiiy geograflaridan biri professor N.Gvozdetskiy rahbarligida olib borgan ilmiy tadqiqotlarini umumlashtirgan yosh olim 1960-yilda Ozarbayjon Davlat universiteti qoshidagi Ixtisoslashgan ilmiy kengashda «Tog'li Zarafshon vodiysining tabiiy geografik tavsifi» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
P.Baratov 1961-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti Tabiiyot-geografiya fakulteti tarkibida tashkil etilgan iqtisodiy geografiya kafedrasining mudiri etib saylandi. Olim ushbu dargohda 1965-yilgacha, so'ng tabiiy geografiya kafedrasida 1974-yilgacha rahbar sifatida ilmiy-pedagogik faoliyat olib borgan.
1974–1976-yillarda P.Baratov O'rta Osiyo Irrigatsiya va melioratsiya ilmiy tadqiqot institutida katta ilmiy xodim sifatida Toshkent va Toshkent viloyatida irrigatsiya tarmoqlarining rivojlanishi bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borgan. Olim 1976–1981 yillarda Angren shahrida joylashgan Toshkent viloyati pedagogika institutining geografiya kafedrasida dastlab dotsent, keyinchalik kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan. Ustozning 1981-yildan hozirgi kungacha bo'lgan ilmiy-pedagogik faoliyati Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti bilan bog'liq.
Ko'p yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida olim tomonidan 200 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan, 7 ta monografiya, 10 ta ilmiy-ommabop risola, 17 ta oliy o'quv yurtlari, o'rta maktab, kollej va akademik litseylar uchun mo'ljallangan darslik, o'quv qo'llanmalari nashr qilingan. Ilmiy izlanishlari va yaratgan asarlarida ko'rib chiqilgan masalalarning tavsifiga ko'ra olimning ilmiy-pedagogik faoliyatida quyidagi to'rtta asosiy yo'nalishni alohida ajratib ko'rsatish mumkin.
1. O'zbekiston va O'rta Osiyoning tabiiy resurslari, ulardan oqilona foydalanish va muhofaza qilish. Olimning ushbu faoliyat yo'nalishida yaratgan asarlarida O'rta Osiyo tabiiy boyliklari, ularning holatiga salbiy ta'sir etuvchi omillarni bartaraf etishda aholining keng qatlamlarini jalb etishning ahamiyati haqida so'z yuritilgan. Olimning mazkur sohadagi ilmiy qarashlari «Tabiatni muhofaza qilish – umumxalq ishi» (1979) nomli monografik asarda keng yoritilgan. Shuningdek P.Baratov tomonidan «Tabiatni muhofaza qilish» fani bo'yicha oliy o'quv yurtlari talabalari (1980, hammuallif) va umumta'lim maktablari o'quvchilari uchun mo'ljallangan (1997) dastlabki o'quv qo'llanmalari yaratilgan.
2. O'rta Osiyo va O'zbekiston tabiiy komponentlari, ularning hozirgi holati, tadrijiy o'zgarishi. Olim ushbu yo'nalish bo'yicha qator izlanishlar olib borib, ularning natijalarini «Zarafshon vodiysining tabiiy resurslari va ulardan foydalanish» (1977), «O'rta Osiyo cho'llari inson izmida» (1967), «O'rta Osiyo cho'llarining ertangi kuni» (1980), «O'rta Osiyo daryolarining xo'jalik ahamiyati» (1981) va boshqa qator monografik asar va ilmiy risolalarda bayon etgan.
3. O'rta Osiyo tabiati, ayniqsa suvlariga oid geografik bilimlarni keng omma o'rtasida targ'ib qilish. Olimning «O'rta Osiyo suv laboratoriyasi» (1968), «Dengizda suv etishmay qolganda» (1969), «O'rta Osiyoning sun'iy ko'llari» (1972), «Oltin sochuvchi daryo» (1964), «O'rta Osiyo subtropiklari» (1971), «Toshkentning irrigatsiya tarmog'i» (1983) kabi asarlarida mintaqamizdagi o'ziga xos tabiiy jarayonlar va ob'ektlar haqidagi qiziqarli geografik ma'lumotlar keltirilgan.
4. Oliy o'quv yurtlari, umumta'lim maktablari, kollej va litseylar uchun mo'ljallangan darslik va o'quv qo'llanmalarini yaratish. P.Baratov tomonidan 17 ta darslik va o'quv qo'llanmasi, 2 ta metodik qo'llanma va 4 ta o'quv dasturi yaratilgan. Ular orasida «Yer bilimi va o'lkashunoslik (pedagogika institutlari uchun, 1980, 1990), «Tabiiy geografiyadan laboratoriya mashg'ulotlari» (1980), «O'zbekiston tabiiy geografiyasi» (pedagogika institutlari, umumta'lim maktablarining 7-sinfi uchun, 1996), «Yer bilimi va o'lkashunoslikdan amaliy mashg'ulotlar» (1988), «O'rta Osiyo tabiiy geografiyasi» (oliy o'quv yurtlari uchun, 2002), «Tabiatshunoslik asoslari» (1982), «Umumiy tabiiy geografiya» (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun qo'llanma, 2002), «O'zbekiston tabiiy geografiyasidan amaliy mashg'ulotlar» (2003) kabi darslik va o'quv qo'llanmalarini alohida ko'rsatish lozim. Ularning aksariyati hozirgi kunda mamlakatimizdagi o'quv yurtlarida geografiya ta'limi tizimida keng foydalanilmoqda.
P.Baratov yuqori malakali geograf mutaxassislar tayyorlash ishiga ham munosib hissa qo'shgan. Olimning rahbarligida o'zi bilan uzoq yillar mehnat qilib, ustoz darajasiga erishgan professorlar O.Mo'minov, M.Nabixonov, dotsentlar R.Saidova va A.Oltiboevlar nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilishgan.
Ustoz o'zining 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida sermahsul ijod qildi va respublikamizda tabiiy geografiya hamda geografiya ta'limi sohasida taniqli olimlardan biriga aylandi. Pedagogika sohasidagi xizmatlari tufayli olim «Xalq maorifi a'lochisi» ko'krak nishoniga sazovor bo'lgan. Tabiiy geografik tadqiqotlarni rivojlantirish, geografiya ta'limini takomillashtirish va yuqori malakali geograf olimlar tayyorlashga qo'shgan hissasini inobatga olib, Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan ustozga 1989 yilda professor ilmiy unvoni berildi.
Hozirda ustoz Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti Tabiiy fanlar fakultetining Geografiya va uni o'qitish metodikasi kafedrasi professori, Respublika Ta'lim markazining geografiya fani bo'yicha o'quv-metodik ishlarni muvofiqlashtiruvchi ilmiy kengashning a'zosi sifatida samarali ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda.
Sabohat BERDIYEVA
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.