loading...

Jak-Iv Kusto 

14191

 

Jak-Iv Kusto
(1910-1997)
  Jak-Iv Kusto - mashhur fransuz tadqiqotchisi, sayyoh, okeanshunos olim, suratkash, rejissyor va yozuvchi bo`lib, o`zining 87 yillik umri davomida ko`pgina ilmiy kashfiyotlarni amalga oshirgan. Dunyo okeanini chuqur o`rgangan Kusto qiziqarli ma’lumotlarni va o`ta murakkab ilmiy g`oyalarni kinotasmaga tushirib, juda sodda yo`l bilan tomoshabinlar e’tiboriga havola eta olgan. O`zining Dunyo okeani bo`ylab amalga oshir­gan favqulodda qiziqarli sayohatlari tufayli «Kapitan Kusto» nomiga sazovor bo`lgan va u bilan nafaqat fransuzlar, balki butun dunyo ahli faxrlanadi.

 Jak-Iv Kusto Fransiyaning mashhur vino yetishtiruvchi hududlaridan biri Bordodagi Sant-Andre-de-Kubzak shaharchasida tug`ilgan. Kustolar oilasi juda ko`p sayohatlarga chiqqan va bu o`z navbatida yosh Jakda safarlarga, ayniqsa, dengiz sayriga nisbatan  katta xavas o`ygotdi. 7 yoshida Jak enterit kasalligi bilan og`rigan va shifokor unga toliqish mumkin emaslitini tayinlagan. Shunga qaramay, Jak-Iv dengizda suzishni ancha erta o`rgandi va tinimsiz ravishda o`zini chiniqtirishga intildi.

  1920-yilda Kustolar oilasi AQShning Nyu-York shahriga ko`chib o`tgan va Jak-Iv shu yerdagi maktabda o`qib, ingliz tilini tez o`zlashtirib olgan. Oradan ikki yil o`tgach, Kustolar yana Fransiyaga qaytib kelishgan va Jak-Iv mexanika va dizayn bilan shug`ullanib, batareyada harakatlanadigan avtomobil yaratdi. Ana shu mashg`uloti natijasida orttirgan puliga Jak-Iv birinchi kinokamerasini sotib olgan.
  Maxsus maktab-internatni a’lo baholarga tugatgan Jak-Iv 1930-yilda harbiy-dengiz o`uv yurtiga o`qishga kirgan. Bilim yurtida o`qib yo`rgan vaqtida guruh tarkibida «Janna d'Ark» kemasida Yer shari bo`ylab aylanma sayohatga chiqdi. Harbiy-dengiz bilim yurtini tugatgach, Fransiyaning Shanxaydagi harbiy-dengiz bazasiga xizmatga yuborilgan. Uning orzusi dengiz aviatsiyasida xizmat qilish edi, ammo avtomobil haloqati tufayli bu orzusidan voz kechishga majbur bo`lib, «Syufren» kemasiga yuriqchi bo`lib ishga kirdi. Ammo bir kuni tasodifan do`kondan suv ostida suzish uchun mo`ljallangan ko`zoynak sotib olib, suvga shung`igach, bundan keyingi hayoti suv osti bilan bog`liqligini anglagan.
  Fransiyaning Tulon shahriga quchib o`tgach, Jak-Iv har kuni O`rtayer dengizida suzar va suv ostiga shung`irdi. Ixtirolarga favqulodda uch Jak-Iv asta-sekin suv ostiga shung`ish moslamalarini tobora takomillashtirib borgan. 1942-yilda Kusto o`zining filmlar oluvchi kompaniyasini tashkil etgan va uning «Odisseya»sining ba’zi qismlarini suratga olish xuddi shu paytdan boshlangan.
  1943-yilda esa Kusto muhandis do`sti Emil Ganyan bilan suv ostiga shung`ishga moslangan maxsus govvoslar kiyimini yaratdilar. Mazkur kiyimda bemalol suv ostida suzib, 90 metrgacha chuqurlikka shung`ish mumkinligi isbotlandi. Bundan tashqari, Kusto suv kirmaydigan videokamera va yorituvchi moslamalarni ham ixtiro qilgan.
  Dengiz ekspeditsiyalarini tashkil etish maqsadida Kapitan Kusto 1950-yilda eski bir harbiy kemani sotib olib, qayta jihozladi. Kemaga «Kalipso» nomini bergan Kusto 1951-yildan boshlab o`zining suv osti ekspeditsiyalarini tashkil etishni boshlagan. «Kalipso»ning dastlabki erishgan yutug`i - batafsil suv osti arxeologik tadqiqotlari va 7250 metr chuqurlikdagi dengiz tubini tasvirga tushirish bo`lgan.
  1953-yilda chop etilgan «Sukunat olamida», deb nomlangan va Frederik Dyuma bilan birgalikda chop etilgan kitob Kustoga tom ma’noda chinakam shuhrat keltirdi, deyish mumkin. Ushbu kitob bo`yicha suratga olingan film 1956- yilda AQSh kinoakademiyasining «Oskar» va Kann kinofestivalining «Oltin palma novdasi» mukofotiga sazovor bo`lgan. Olim tomonidan suratga olingan yana bir kinoasar - «Qizil baliq tarixi» filmi ham Oskar mukofotini qo`lga kiritgan.
  Kusto 1957-yilda Monako Okeanografik muzeyi direktori etib tayinlanganidan keyin u erishgan yutuqlarni rasman tan olish boshlangan. Bundan tashqari, «Sukunat olamida» kitobining shuhrati Kustoga yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi. Betinim izlanishlar natijasida suv osti dunyosini o`rganish uchun uncha katta bo`lmagan avtonom moslama hamda uzoq vaqt suv tubida faoliyat olib borishga yordam beradigan stansiya, avtonom nafas oluvchi moslamaga ega apparatlar yaratilib, suv ostida tajribalar o`tkazish imkoniyati paydo bo`ldi.
  Kusto yaratgan suv osti stansiyalarining faoliyatiga bag`ishlangan «Quyoshsiz dunyo», deb nom­langan hujjatli film 1965-yilda Oskar mukofotini olishga muvaffaq bo`lgan. Jozibadorligi va qiziqarliligi tufayli Kusto filmlarini dunyoning juda ko`p telekompaniyalari bir necha un yillardan buyon o`z dasturlarida namoyish etib kelmoqdalar. 
  Dengiz ekotizimlarining buzilib borayotganligidan tashvishga tushgan Kusto 1973-yilda dengizdagi muhitni himoya qilishga mo`ljallangan «Kusto jamiyati», deb nomlangan notijorat tashkilotini tuzdi. Shu bilan bir qatorda olim «Kalipso» kemasida Dunyo okeanining turli qismlari, Antarktika va Amazonka min- taqalarida ilmiy tekshirish ishlarini olib borgan.
  Uning dengizda olib borgan tadqiqotlari, dengiz hayvonlarining turli xususiyatlarini chuqur o`rganishi geografiya, zoologiya, biologiya, okeanografiya kabi ko`plab fanlarga qo`shilgan katta hissadir. Kusto Gibraltar bo`g`izidagi ba’zi dengiz hayvonlari bo`g`izning eng chuqur yeri - farvaterini hech qanday uskunasiz topa olishlarini hamda ulardagi bu qobiliyat suv osti kemalaridagi eng chuqur yerni aniqlab beradigan, o`sha vaqtlarda nisbatan yangi hisoblangan maxsus apparat kabi ekanligini ilmiy jihatdan isbotlab bergan.
  1985-yilning may oyida Kusto komandasi ikki machtali va ekperimental turboparusga ega bo`lgan «Alkiona» yaxtasiga ega bo`ldi. Ammo Kustoning birinchi kemasi «Kalipso» 1996-yilda Singapur bandargohdsa yuk kemasi bilan to`qnashib ketib, shikastlangan va chuqib ketgan. Ammo «Kusto jamiyati» va Kusto tomonidan asos solingan «Kusto komandasi» hozirda ham faoliyatini davom ettirmoqda.
Kusto o`zini «okeanlar texnigi», deb atashni yoqtirar va u chinakam buyuk pedagog va tabiat shaydosi edi. Uning yaratgan asarlari va filmlari ko`pchilik uchun «moviy kontinent» bo`lgan Dunyo okeanini yangidan kashf etdi, ilmiy mulokotning birmuncha oddiy bo`lgan yangi turiga asos soldi.
  Eng tor joydagi eni atigi 14 km bo`lgan Gibraltar bo`g`izi orqali tutashib turuvchi O`rtayer dengizi va Atlantika okeani suvlarining hech bir fizika va kimyo qoidalariga to`g`ri kelmaydigan holati, ya’ni ularning turli chuqurlikka, o`simlik va hayvonot dunyosiga ega ekanligini, guyoki «ularning o`rtasida ko`rinmas parda bor»ligining o`z tadqiqotlari orqali shohidi bo`lgan Kusto juda ham hayron qolgan. Uning yozishicha, «tabiat qonunlariga ko`ra bu ikki havzaning suvlari allaqachon qo`shilib ketishi va ularning sho`rlik ko`rsatkichlari bir xil bo`lishi kerak edi. Ammo ulardan har biri o`z xususiyatini saqlab kelmoqda». Sayyoh bu holat to`g`risida boshqa bir fransuz olimi Moris Bukayga aytgandi. Ammo uning bamaylixotir «bu haqda 1400 yil oldin Qur’onda yozilgan»ligini eshitib, hayrati yanada oshdi. Shundan so`ng, «zamonaviy fanni 1400 yilga ortda qoldirgan Qur’on insonning so`zlari emas, balki faqat yaratganning kalomi ekanligiga» iymon keltirdi.
  Jak-Iv Kusto 1997-yilda vafot etgan bo`lsa-da, olim o`zining yaratgan filmlari orqali hamon butun dunyo ahli bilan yashamoqda. Uning 30 dan ortiq yozgan asarlari, bir necha turkum filmlari, jumladan «Kusto komandasining suv osti Odisseyasi» (1955-1982-yy., 50 dan ortiq film), «Amazonka» (1982-1984-yy., 8 ta film), «Koinotdagi voha» (1977-y., 6 ta film), «Dunyoning qayta kashf etilishi» (1982-1998 yy., 50 dan ortiq film) va 20 ga yaqin alohida olingan filmlari Dunyo okeani tadqiqotlarining oltin fondini tashkil etadi. Olimning qoldirgan ushbu ilmiy merosi bundan keyingi tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo`lib, uning nomi yillar o`tgan sayin yanada mashhur bo`lib boraverishi, shubhasiz.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив