David Livingston
(1813-1873)
Buyuk geografik kashfiyotlar davrida
aksariyat sayohatlar yangi mustamlakalarni ochish maqsadida uyushtirilgani
bois, Yer sharining yevropaliklarga noma’lum bo`lgan qismlaridagi mahalliy
aholi sayyohlarga birmuncha shubha bilan qarashgan. Ammo noma’lum yerlarni
ochgan sayyohlarning ko`pchiligi o`zlari kashf etgan joylardagi yerli aholining
ahvolini yaxshilash borasida birmuncha xayrli ishlarni amalga oshirishgan. Ana
shunday sayyohlardan biri Afrika qit`asining markaziy va janubiy qismlarini
chuqur o`rgangan va bu materikni birinchi bo`lib kesib o`tishga muvaffaq
bo`lgan shotlandiyalik tadqiqotchi David Livingstondir.
D.Livingston 1813-yilda Glazgo shahri
yaqinidagi Blantayr shaharchasida tug`ilgan. 10 yoshidan to`qimachilik
fabrikasida ishlab, turli fanlarni mustaqil o`rgandi. 23 yoshida kollejni,
so`ng Glazgo universitetini tugatib, vrach mutaxassisligini olgan. Keyin
Angliya missionerlar jamiyatiga murojaat qilib, o`zini Janubiy Afrikaga
yuborishlarini so`ragan.
D.Livingston 1840-yilda Kalaxari cho`li janubidagi Kuruman
shahriga yetib keldi va yetti yil davomida bechuanlar mamlakatida istiqomat
qilib, turli sayohatlarni amalga oshirdi. O`sha davrlarda sayyohda Janubiy
Afrikadagi barcha daryolarni tadqiq qilish g`oyasi tug`ilgan. Aytish kerakki,
sayyoh butun umri davomida Afrika qit`asining ichki qismlariga tabiiy suv
yo`laklari orqali borish yo`llarini qidirgan. Shu bois ham Afrikani kashf
qilish tarixida D.Livingston nomi haqli ravishda «daryolarni izlovchi sayyoh»
sifatida qolgan.
1849-yilda
D.Livingston Kalaxari cho`lini janubdan shimolga kesib o`tib, birinchi bo`lib
uning landshaftlariga ta’rif bergan. 1851-yilda uyushtirilgan sayohat o`sha
paytgacha yevropaliklarga noma’lum bo`lgan Zambezi
daryosining kashf etilishiga sabab bo`ldi. Keyingi besh yil davomida bir necha
bor tashkil etilgan ekspeditsiyalarda ushbu daryo har tomonlama o`rganildi. D.Livingston rahbarligida Atlantika okeani
qirg`oqlaridan boshlangan ekspeditsiya Zambezi
daryosining Hind okeaniga quyilish joyigacha bo`lgan hududlarni tadqiq etib,
daryoning kemachilik nuqtai-nazaridan imkoniyatlarini o`rgangan.
D.Livingston
yevropaliklardan birinchi bo`lib mahalliy mako-lolo qabilasi «Mozi-oa-tunya»,
ya’ni «gumburlovchi tutun», deb ataydigan sharsharani kashf etishga muvaffaq
bo`lib, unga o`sha paytdagi ingliz qirolichasi sharafiga «Viktoriya
sharsharasi», deb nom bergan. Haqiqatan ham, balandligi - 120, eni - 1800 metr
bo`lgan ushbu sharshara dunyodagi eng yirik sharsharalardan biri bo`lib, shovqini
uzoq-uzoqlardan eshitilib turadi. Sharshara Afrikaning Zambiya va Zimbabve
davlatlari o`rtasida joylashgan. Sharshara dunyo noyob tabiiy obidalari
ruyxatiga kiritilgan. Mazkur hududda turli sayohat yo`nalishlari tashkil
etilgan va ular butun dunyodan tashrif buyuradigan sayyohlar bilan gavjum.
1856-yil
may oyida D.Livingston ekspeditsiyasi Hind okeani qirg`oqlariga yetib kelgan va
sayyoh, yevropaliklardan birinchi bo`lib, Afrika qit`asini kesib o`tgan.
Afrikaga sayohatlarining natijasi sifatida D.Livingston 1857-yilda «Tadqiqotchi
va missionerning Janubiy Afrikaga sayohati» asarini yozgan va bu kitob uning
yevropalik olimlar o`rtasida tuzukkina tanilishiga sabab bo`ldi. Bundan
tashqari, Afrikani tadqiq etishdagi xizmatlari uchun Britaniya Qirollik
Geografiya jamiyati sayyohni oltin medal bilan takdirlagan.
1858-1864-yillarda
D.Livingston Afrikaga bir necha bor ekspeditsiya uyushtirib, Zambezi
va Liambe daryolarining bitta daryo xavzasiga tegishli ekanini isbot qilgan
hamda Nyasa ko`li, Shirve daryosi va boshqa bir qator ko`llarini kashf etib,
xaritaga tushirgan. 1865-1871-yillar davomida sayyoh Markaziy Afrikadagi bir
qator gidrografik tizimlarni, jumladan, Tanganika va Nyasa ko`llarini, Kongo
va Nil daryolarining boshlanish qismlarini tadqiq etib, bu boradagi yevropalik
olimlar o`rtasida o`sha paytda mavjud bo`lgan ba’zi bir noto`g`ri tasavvurlarga
chek qo`ygan.
1871-yilda
D.Livingston Tanganika ko`lining shimoliy qismlarini o`rganib, o`zidan oldingi
sayyohlar bergan ma’lumotlar noto`g`ri ekanini va ushbu ko`l Nil daryosining
boshlanish qismi emasligini isbot qildi.
D.Livingstonni
«sher og`zidan kutulib qolgan sayyoh,» ham deyishadi. Bunga sabab shuki,
Namibiyaning Kuruman shahri yonida sher oviga chiqqanda, unga sher hamla
qilgan. Sayyoh shunchalik qo`rqib ketadiki, natijada tovushi chikmay, joyida qotib
qolgan. Qo`rquv bilan bog`lik o`ziga xos falajlik holati sayyohni muqarrar
o`limdan saqlab qolgan, deyish mumkin. Chunki o`lik jonzotlar go`shtini tanovul
qilmaydigan hayvonlar podshosi qimirlamay qolgan sayyohni hidlab ko`rgach,
o`lgan, deb o`ylab, chetlangan. Bu holat D.Livingstonni ko`zatib kelayotgan
yerli aborigenlarning unga nisbatan bo`lgan hurmatining yanada oshishiga olib
kelgan va sayyoh ularning nazdida «Muqaddas kishi»ga aylangan.
D.Livingston
1873-yilning 1-mayida Bangveulu ko`li yaqinidagi Chitambo qishlog`ida vafot
etgan. Britaniya hukumati sayyohni hurmat-ehtirom bilan Londonda dafn etishini
ma’lum qildi. Ammo Livingstonga mehri baland bo`lgan Afrikaliklar uning
jasadini inglizlarga berishdan bosh tortishgan. Uzoq muzokaralardan so`ng afrikaliklar
sayyohning yuragini olib, Bangveulu ko`li atrofiga dafn etdilar. Bu
harakatlarini afrikaliklar «inglizlar sayyohning tanasini olib ketishsa-da,
uning yuragi Afrika bilan abadiy koladi», deya izohlashgan.
Sayyohning
tanasini esa afrikaliklar tuzlab, quritib, 9 oy davomida 1500 km
masofani bosib o`tib, Sharqiy Afrikadagi Bagamoyo bandargohiga olib keldilar va
dengiz orqali Londonga jo`natdilar. Sayyoh Vestminster abbatligidagi qirollar
va mashhur kishilar mavzoleyida dafn etildi. Sayyoh umrining oxirgi yillaridagi
kundaliklari asosida yaratilgan «David Livingstonning so`nggi sayohati» asari
1874-yilda Londonda chop etilgan.
D. Livingston o`z xayotining asosiy qismini Afrikani o`rganishga bag`ishlagan
va ushbu qit`a bo`ylab 50 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o`tgan. U qora tanli
afrikaliklarni himoya qilishni yoqlab chiqqan yuqori tabaqali birinchi
yevropalik edi. Sayyoh, Afrikada o`sha paytlarda avj olgan ko`l va odam
savdosiga keskin qarshi chiqqan va ushbu qit`a bilan teng hamkorlik qilish
tarafdori bo`lgan.
Shuning uchun afrikaliklar D.Livingstonni juda hurmat qilishar va
sayohatlari davomida unga har tomonlama yordam berishar edi. Afrikaliklar
sayyohni hozirga qadar ham chuqur hurmat bilan esga oladilar. Malavidagi
Livingstoniya shahri, Zambiyadagi Livingston (Maramba) shahri, Kongo
daryosining quyi oqimidagi sharsharalar, Nyasa ko`li qirg`oqlaridagi
tog`larning sayyoh nomi bilan atalganligi afrikaliklarning D.Livingstonga
bo`lgan yuksak ehtiromidan darak beradi. Shuningdek, Viktoriya sharsharasining
etagida D. Livingston haykali o`rnatilgan
bo`lib, Malavi davlatidagi eng yirik shahar Blantayr, ya’ni sayyoh tug`ilgan
joy nomi bilan atalgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.