loading...

Faddey Bellinsgauzen 

6131

 

Faddey Bellinsgauzen
(1778-1852)
  XVIII asrning ikkinchi yarmida janu­biy dengizlarni tekshirgan ingliz sayyohi J.Kuk bu yerlarda yirik muzlarning suzib yurishi va o`lkan muz dalalarining mavjudligi sababli janubga dengiz orqali suzib borish mumkin emas, degan fikrni aytgan edi. Uning bu fikri turli mamlakatlar tomonidan janubiy materikni qidirish bo`yicha ekspeditsiyalar tashkil etishni 45 yilcha to`xtatib qo`ygan. Ammo rus dengizchisi Faddey Bellinsgauzen boshchilik qilgan birinchi rus Antarktika ekspeditsiyasi J.Kukning fikri noto`g`ri ekanligini isbotladi. Rus sayyohi Antarktida qirg`oqlari bo`ylab aylanma sayohat qilib, birinchi bo`lib uning yaxlit materik sifatida mavjud ekanini butun dunyoga ma’lum qilgan.
 F.Bellinsgauzen 1778-yilda Boltiq dengizidagi Saaremaa orolida (hozirgi Estoniya hududida) tug`ilgan. Orolda yashagani bois bolaligidan o`lkan dengiz kengliklarida sayohat qilishni orzu qilardi. Bu haqda o`zi shunday yozgan: «Men dengiz o`rtasida tug`ildim va xuddi baliq suvsiz yashay olmagani kabi men ham dengizsiz yashay olmayman». Faddey Kronshtadtdagi dengiz kadetlik korpusiga o`kishga kirib, dengiz ilmini o`rgandi. 1803-1806-yillarda rus sayyohi Ivan Kru­zenshtern boshchiligida Yer shari bo`ylab aylanma dengiz sayohatida ishtirok etgan. 1810-1819- yillarda Rossiyaning Boltiq va Qora den­giz flotlaridagi turli kemalar qo`mondoni sifatida xizmat qildi.
  F.Bellinsgauzen I.Kruzenshtern tavsiyasiga binoan 1819-1821-yillarda yana bir mashhur rus sayyohi Mixail Lazarev bilan dunyo bo`ylab suzishni amalga oshirgan birinchi rus Antarktika eks- peditsiyasiga rahbarlik qilgan. «Vostok» va «Mirniy» deb nomlangan ikkita kemada yo`lga chiqqan ekspeditsiyaning asosiy vazifasi Janubiy qutb dengizlarini tekshirish va u yerda materik bor yoki yo`qligini aniqlashdan iborat edi.
  Birinchi rus Antarktika ekspeditsiyasi 1819-yilning 4-iyunyda Kronshtadtdan yo`lga chiqib, 2-noyabrda Braziliyaning Rio-de-Ja­neyro shahriga yetib keldi. Sayyoh, bu yerdan dastlab Kuk tomonidan ochilgan Yangi Georgiya orolini aylanib o`tib, to`g`ri janubga suzgan. 56° janubiy kenglikda uchta Markiz de Trevers orollarini kashf kilgach, F.Bellinsgauzen Janubiy Sandvich orollarini tekshirgan. So`ng 59° janubiy kenglik bo`ylab Sharqqa va muzlarning holatiga qarab ikki marta janubga imkon qadar suzib, 69° janubiy kenglikkacha borgan.
  1820-yil 16-yanvarda F.Bellinsgauzen ekspeditsiyasi Antarktidani kashf qilgan. Sayyoh ushbu materikka ilk bor 69°21 '28" janu­biy kenglik va 2°14'50" g`arbiy uzoqlikka qadar (hozirgi shelf muzligi yaqinida) yaqin kelgan. Besh kun o`tgach, 21-yanvarda ekspe­ditsiya ishtirokchilari  ikkinchi marta materikni ko`rishgan va 5-6-fevral kunlari Antarktida qirg`oqlariga yetib borishgan.
  Antarktidada qish kirishi munosabati bilan 1820-yilning martida F.Bellinsgauzen va M.Lazarev qo`mondonlik qilgan kemalar bir-biridan ajralib, hali hech kim bormagan Hind va Janu­biy okeanlarni 55° janubiy kenglik va 9° g`arbiy uzoqlik orqali kesib o`tib, Avstraliyaning Jekson (hozirgi Sidney) bandargohiga yetib kelishgan. Avstraliyadan ekspeditsiya Tinch okeaniga yo`l olib, qator atoll va orollarni (Bellinsgauzen, Vostok, Simonov, Mi­xaylov, Suvorov va Rossiyaliklar) kashf qilgan va Sidneyga qaytib kelgan.
  1821yil 10 yanvarda 70° janubiy kenglik va 75° g`arbiy uzoqlikda Bellinsgauzen yaxlit muz maydonini uchratgan va shuning uchun shimolga qarab suzishga majbur bo`lgan. Shundan so`ng sayyoh    68° va 69° janubiy kengliklar oraligida Pyotr I oroli va Alek­sandr I qirg`og`ini kashf etib, Yangi Shotlandiya oroliga kelgan. Ekspeditsiyaning butun yo`nalishini xaritaga tushirgan  F.Bellinsga­uzen boshchiligidagi sayyohlar 751 kunlik uzoq sayohatdan so`ng 1821-yil 24-iyulda Kronshtadtga qaytib kelishgan. 
  F.Bellinsgauzen ekspeditsiyasi ushbu sayohat davomida 100 ming km dan ortiq masofani bosib o`tgan va bu Yer sharini ekvator bo`ylab ikki yarim marta aylanib chiqqan bilan barobar. Sayohat davomida ekspe­ditsiya 527 kun suzgan, shundan 122 kuni 60-paralleldan janubda va 100 kuni muzliklar orasida amalga oshirilgan. Ushbu sayohat davomida sayyohdar tomonidan 29 ta yangi orolning nomi xaritaga tushirilgan.
  F.Bellinsgauzen eksiyeditsiyasining safari insoniyat tarixida amalga oshirilgan eng muhim va eng qiyin sayohatlardan hisoblanadi. Sayyoh ushbu safari bilan janubiy dengizlarning chekkasiga suzib borish mumkin emas, degan noto`g`ri fikrni inkor qilib, dunyodagi oltinchi materikni kashf etgan. F.Bellinsgauzen va M. Lazarevning sayohati sharofati bilan janubiy materikni tadqiq qilish ishlari avj oldi hamda bu jarayon hozir ham davom etmoqda.
  Sayyohning dunyo geografik tadqiqotlari xazinasiga qo`shgan xissasiga ehtirom sifatida Tinch okeanidagi dengiz, Saxalin orolidagi burun, Tuamotu arxipelagidagi orol, Laptevlar dengizidagi orol va qo`ltiq, Oydagi krater, Antarktidadagi muzlik va Vater­loo orolidagi qutbiy stansiyaga F.Bellinsgauzen nomi berilgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив