Viktor Lvovich Shuls
Viktor Lvovich Shuls
(1906-1976)
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi, geografiya fanlari doktori, professor.
Nafaqat O’zbekiston, balki sobiq Ittifoqda gidrologiya fanining rivojiga katta hissa
qo’shgan taniqli olim.
U 1937-yildan O’rta Osiyo davlat universitetida, ishlab chiqarishdan
ajralmagan holda, pedagogik faoliyat ko’rsata boshlagan. Olim 1944-yil sentyabrdan
universitetga to’liq ishga o’tib, bir yil o’tgach, ya’ni 1945-yilda professor V.M.Chetirkin bilan birgalikda, O’rta Osiyo davlat
universitetining Geografiya fakultetida, O’rta Osiyoda yagona bo’lgan «Quruqlik
gidrologiyasi» kafedrasini tashkil etdi. Ushbu kafedraning zimmasiga xalq xo’jaligi,
ayniqsa, suv xo’jaligi va gidrometeorologiya xizmati uchun juda zarur bo’lgan muhandis-gidrologlarni
tayyorlash, shu maqsadda o’quv reja va fan dasturlarini ishlab chiqish, ushbu me’yoriy
hujjatlarda O’rta Osiyoning o’ziga xos bo’lgan gidrologik xususiyatlarini aks ettirish
kabi vazifalar yuklandi.
V.L.Shuls
1949-yilda Leningrad, hozirgi Sankt-Peterburgda o’zining «Reki Sredney Azii» nomli
monografiyasini chop ettirdi. Asarning ilmiy va amaliy ahamiyati olimlar hamda mutaxassislar
tomonidan yuksak baholandi. Uning muallifi, ya’ni V.L.Shulsga geografiya fanlari
doktori ilmiy darajasi hamda professor unvoni berildi. Shu yili V.L.Shuls «Quruqlik
gidrologiyasi» kafedrasi mudiri lavozimini egallab, unga qariyb chorak asr
(1949-1973-yillar) davomida rahbarlik qildi.
Professor
V.L.Shuls fan va ishlab chiqarishning o’zaro hamkorligiga alohida e’tibor qaratgan.
U o’zining ilmiy-pedagogik faoliyatini ilmiy tadqiqot institutlari, suv xo’jaligi
korxonalari bilan hamkorlikda olib bordi, yirik loyihalarda maslahatchi-gidrolog
sifatida ishtirok etdi. V.L.Shuls tomonidan to’plangan gidrologik ma’lumotlar, u
bergan ilmiy tavsiyalar Katta Farg`ona, Toshkent, Janubiy Mirzacho’l kanallari,
Farhod to’g`oni, Qayroqqum, Kosonsoy, Kattaqo’rg`on kabi suv omborlari qurilishlarida
asos sifatida qabul qilindi.
Olim o’zining
tadqiqotlari natijasida O’rta Osiyo daryolari oqimining hosil bo’lish qonuniyatlarini
aniqladi va shu asosda ilk bor ularni hisoblash usullarini ishlab chiqdi. Professor
V.L.Shulsning ilmiy va nazariy qarashlari uning 100 dan ortiq ishlarida, jumladan,
14 ta yirik monografiyalarida o’z aksini topgan.
Hozirgi
kunda olimning "Tayaniye snejnikov v gorax Sredney Azii” (Toshkent, 1956), "Reki
Sredney Azii” (Leningrad, 1965), "Reki Afganistana” (Toshkent, 1967), "O’rta Osiyo
gidrografiyasi” (hammuallif - R.Mashrapov, Toshkent, 1969) kabi yirik asarlari har
bir mutaxassisning kitob javonidan munosib o’rin olgan.
Professor V.L.Shuls uzoq
yillar (1959-1976) davomida O’zbekiston Geografiya jamiyati prezidenti lavozimida
uni boshqargan. Uning ilmiy rahbarligida 20 dan ortiq fan nomzodlari va doktorlari
tayyorlangan. Ilmiy-pedagogik faoliyati va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash hamda
fanni rivojlantirishdagi katta xizmatlari e’tiborga olinib, professor V.L.Shulsga
«O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi» (1958) unvoni berilgan, u hukumat mukofotlari
bilan taqdirlangan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.