Qishloq xo`jaligi mashinasozligi
O'zbekiston iqtisodiyoti uchun
an'anaviy ixtisosli sohalar hisoblangan paxta, pilla, kanop yetishtirish va
ularni qayta ishlash qo'l mehnatini ko'p talab qiladi. Shu sababli qishloq
xo'jaligining ixtisoslashgan sohalarini mexanizatsiyalashni ta'minlovchi, ya'ni
yer haydash, ekin ekish va ishlov berish, hosilni yig'ib olish hamda tayyor
xomashyoni qayta ishlashda qo'llanadigan mashina va asboblar ishlab chiqaradigan
mashinasozlik tarmoqlari vujudga keldi. Endilikda bu tarmoqlar paxta
yetishtiruvchi xorijiy mamlakatlarga ham mashina va mexanizmlar yetkazib
bermoqda.
Toshkentdagi «Toshqishloqmash»,
«O'zbekqishloqmash» va Chirchiqdagi «Chirchiqqishloqmash» kabi zavodlar qishloq
xo'jaligi mashinasozligining asosiy korxonalaridir. Bu zavodlar paxtachilik
uchun traktor seyalkalari, kultivatorlar, g'o'zapoya yuladigan, ko'rak
teradigan va chuviydigan, o'g'it aralashtiradigan, qishloq xo'jaligi
zararkunandalarini yo'qotishda zaharli moddalarni purkaydigan mashinalar ishlab
chiqaradi. 1994-yili O'zbek-Isroil qo'shma korxonasida paxta teradigan mashinaning yangi modeli yaratildi.
Suv omborlari, kanallar qurilishi va
ularni loyqadan tozalashda, suvni yuqoriga ko'tarishda, umuman, irrigatsiyada
qo'llaniladigan mashinalar ishlab chiqaruvchi irrigatsiya mashinasozligi ham
agrosanoat majmuasi ehtiyojiga ko'ra vujudga keldi. Irrigatsiya
mashinasozligining markazi Andijon viloyati hisoblanadi.
Paxtachilik rivojlangani sayin
traktorlarga, paxta tashiydigan mashina va mexanizmlarga ehtiyoj orta bordi.
Shuning uchun Toshkent traktor zavodi - TTZ (sobiq «Toshavtomash»)da universal
traktorlar, paxtani qop-qanorsiz tashishga mo'ljallangan ag'darma tirkamalar
ishlab chiqarila boshlandi.
Toshkent, Andijon, Samarqand va
Kattaqo'rg'onda paxta tozalash hamda yog' sanoati uchun mashina va uskunalar
ishlab chiqaruvchi mashinasozlik zavodlari joylashgan. Milliy iqtisodiyotda,
ayniqsa, qishloq xo'jaligida mashina va mexanizmlar ko'plab
qo'llanilayotganidan ularga ehtiyot qismlar yetkazib beradigan hamda
sozlaydigan korxonalar deyarli barcha viloyatlarda barpo etilgan. Samarqanddagi
«Paxtamash» zavodi ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan korxonalarning eng
yirigidir.
Bog'dorchilik, uzumchilik va polizchilikda
qo'llaniladigan mashina va moslamalar «O'rta Osiyoqishloqmash» birlashmasida
ishlab chiqarilmoqda.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.