Chorvachilik
Qishloq xo'jaligining bu tarmog'i:
qoramolchilik, qo'ychilik, yilqichilik va parrandachilikka bo'linadi (unga
asalarichilik, pillachilik, cho'chqachilik va baliqchilik ham kiritiladi).
Qishloq xo'jalik yerlarining 2/3
qismidan chorvachilikda foydalaniladi. Mamlakatimiz dasht va cho'l
tumanlaridagi o'tloq va butazorlar qorako'l qo'ylari va tuya boqish uchun
qulay. Tog' va tog'oldi mintaqalarida anchagina sero't yaylovlar bor. Bu
mintaqalarda qo'y, mayin junli echki, go'sht-sut uchun qoramol boqiladi hamda
yilqichilik rivojlangan. Chorvachilik paxtachilik bilan ko'p tomonlama bog'liq.
Buni fermer xo'jaliklarda paxtachilikdan olinadigan
(kunjara, sheluxa singari) oziqa yemdan foydalanishida yaqqol ko'rish mumkin.
Paxtani beda va jo'xori bilan almashlab
ekish go'sht-sut chorvachiligini oziqa bilan ham ta'minlaydi.
Mamlakatimizda qo'y va echkilarning
umumiy soni 10 mln ga yaqin, buning asosiy qismi qorako'l qo'ylardir. Qorako'l
qo'ylari (Toshkent, Andijon, Farg'ona, Namangan viloyatlaridan tashqari) barcha
viloyatlarda boqiladi. Ulardan asosan qorako'l, qorako'lcha va qo'y terilari,
jun hamda go'sht olinadi. Echkilar respublikaning deyarli barcha viloyatlarida
asosan mayin tivit va jun uchun boqiladi.
Qoramol ham barcha viloyatlarda boqiladi. Qoramollar
go`sht va sut mahsulotlarini olish maqsadida boqiladi. Mamlakatimizda
qoramollarning jami soni 9,6 mln boshdan ortiq.
Yilqilar Samarqand, Qashqadaryo,
Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog'istonda boqiladi. Ularning soni 150 ming
boshga yaqinlashadi. Ilgari paxtachilikdagi ko'pgina yumush (yuk tashish,
paxtaga ishlov berish va hokazo) larni bajarishda otlardan foydalanilgan. Zero,
yilqichilik bilan paxtachilik o'zaro aloqador bo'lgan. Bu ishlar endilikda
texnika vositasida bajarilayotganligi tufayli bugungi kunda otlar turli sport
o'yinlari, shaxsiy xo'jalikda foydalanish, go'sht va qimiz olish maqsadida
boqilmoqda. Cho'llarda tuya boqiladi. Tuyadan ish hayvoni sifatida
foydalaniladi, shuningdek, ulardan jun, sut olinadi.
Pillachilik ham mamlakatimiz qishloq
xo'jaligining eng qadimgi tarmoqlaridan biri bo'lib, paxtachilik bilan bog'liq.
Ipak qurtining oziqasi - tut daraxti paxta paykallari chekkalarida, ariq va
kanallar hamda yo'l yoqalarida o'stiriladi. Tut daraxti g'o'zani kuchli
shamoldan, ariq va kanallar qirg'og'ini yuvilishdan saqlaydi. Pillachilikning
paxtachilik bilan bog'liqligi shu bilangina cheklanmaydi. Ma'lumki, ipak qurti
may-iyun oylarida boqiladi. Bu vaqtda paxtachilikda ishlar kamayib, bo'shagan
ishchi kuchidan qurt boqishda foydalaniladi.
Parrandachilik inkubator
stansiyalari, go'sht va tuxum yetishtirishga ixtisoslashgan parrandachilik
fermalarida tashkil etilgan.
Toshkent, Buxoro va Xorazm
viloyatlarida, Qoraqalpog'iston Respublikasining ko'l va suv omborlarida baliq
urchitilmoqda hamda suv parranda fermalari tashkil etilmoqda.
Suv havzalarida, daryo bo'ylarida
qimmatbaho mo'ynali kichik hayvonlar - nutriya va ondatra qo'riqxonalari
tashkil etilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.