Yengil sanoat
Ma`lumki, yengil sanoat oziq-ovqat
sanoati bilan birga O`zbekiston agrosanoatning uchinchi guruhini tashkil etadi.
U, asosan, paxtachilik va pillachilik negizida tarkib topdi. Paxta tozalash,
to`qimachilik, trikotaj, poyafzal, ko`nchilik, ipak ishlab chiqarish yengil
sanoatning muhim tarmoqlari hisoblanadi.
Paxta tozalash sanoati ishlab
chiqarish jarayoni bir-biriga bog`liq bo`lgan paxta tozalash korxonasi, paxta
quritish sexlari va transport xo`jaligidan tarkib topadi. U qishloq xo`jalik
mahsulotlarini dastlabki ishlovchi tarmoq bo`lganligi sababli uning
ko`rxonalari paxtakor tumanlarida joylashtiriladi. Shuningdek, temiryo`l yoki
avtomobil yo`llaridan foydalanish qulayligi ham e`tiborga olinadi.
Paxta tozalash zavodlari ko`proq
mashinasozlik, yoqilg`i-energetika-kimyo majmualari hamda to`qimachilik, yog`,
kiyim-kechak kabi sanoat korxonalari bilan ishlab chiqarish aloqasida bo`ladi.
Birinchi paxta tozalash zavodi
Toshkentda 1874-yilda qurilgan. O'sha davr zavodi bir mavsumda ko'pi bilan 3
ming tonna paxta tozalay olgan. Dastgohlarni esa suv kuchi harakatga keltirgan.
Shu tufayli dastlabki vaqtlarda paxta tozalash korxonalari shaharlarda ham
joylashgan. Zamonaviy paxta tozalash zavodi yil davomida 100 ming tonnagacha
paxta tozalamoqda.
XX asr boshidagi mayda, yarim
hunarmandchilik (210 ta) korxonalar o'rnida endilikda mexanizatsiyalashgan 120
dan ortiq qudratli korxonalar ishlab turibdi. Mustaqillikdan keyin Janubiy
Koreya, Turkiya va boshqa xorijiy mamlakatlarning firmalari bilan hamkorlikda
Qoraqalpog'iston Respublikasi hamda Xorazm, Qashqadaryo va Farg'ona
viloyatlarida paxtani qayta ishlashdan tayyor to'qimachilik mahsuloti ishlab
chiqarishgacha bo'lgan jarayonlarni qamrab olgan korxonalar barpo etildi.
O'zbekistonda lub ekinlari
yetishtirila boshlangach, XX asrning 30-yillarida kanop zavodlari yuzaga keldi.
Ular hozirda yiliga 20 ming tonna kanop poyasini qayta ishlash quvvatiga ega
bo'lgan «Toshkent kanop sanoat sotish» aksiyadorlik birlashmasiga uyushgan.
Birlashma kanopdan qop-qanor, arqon, brezent va boshqa mahsulotlar ishlab
chiqarmoqda.
Ipak gazlama to'qish uchun dastlab
pilla chuvilib, xom ipak tayyorlanadi. Pilla yetishtirilgan joyida chuvilgani
ma'qul. Uni uzoqqa tashish qimmatga tushadi (50 tonna yuk ko'taradigan vagonga
ko'pi bilan 4 tonna pilla joylash mumkin).
Pillachilik fabrikalarida asosan
ayollar mehnat qiladi. Har bir fabrikada mingtacha odam ishlashi mumkin. Shunga
ko'ra, pillakashlik fabrikalari ipak qurti boqiladigan mintaqalardagi kichik va
o'rta shaharlarda joylashtiriladi.
Ko'n-poyabzal ishlab chiqarish ham
yengil sanoat tarmog'idir. Toshkent va Samarqand shaharlarida charm ishlab
chiqariladi. Poyabzal fabrikalari Toshkent, Farg'ona, Chirchiq, Yangiyo'l va
boshqa shaharlarda joylashgan. 1995-yil «Farg'ona poyabzal» aksiyadorlik
jamiyati Germaniyaning «Salamander» firmasi bilan birlashib «O'zsalaman» qo'shma korxonasiga aylandi.
G'ijduvon, Buxoro, Rishton, Urgut,
Shahrisabz kabi shahar va tuman markazlari badiiy hunarmandchilik hamda
kulolchilik, Xiva esa gilam to'qish markazlari hisoblanadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.