loading...

Xorazm viloyati 

13125

Maydoni 6,1 ming km.kv. Aholisi 1 mln. 835 ming 700 kishidan ortiq (01.01.2019-yil). Viloyatida 10 ta tuman, 3 ta shahar va 56 ta shaharcha mavjud. 
    
Xorazm viloyati mamlakatimiz hududini  juda kichik qismini egallaydi. Xorazm viloyatining yer yuzasi tekis bo‘lib, daryo yotqiziqlaridan iborat. Viloyatning xo‘jalik hayotida Amudaryoning ahamiyati katta. Polvon, Yermish, Shovot va Qilichniyozboy kanallari Amudaryo suvini butun viloyatga tarqatadi. Viloyatda tuproq, suv va iqlim imkoniyatlaridan tashqari, shifobaxsh sho‘r ko‘llar, binokorlikda  ishlatiladigan xom-ashyo (qum, tosh, qamish) ham mavjud.

Aholisi. Viloyat aholisi soni jihatidan mamlakat viloyatlari orasida oxirgi o‘rinlarda turadi. Xorazmliklar yozda havoning qurib, isib ketishini hisobga olib, uylarni qalin paxsa devordan keng va  baland  (4–5 m) qilib quradi. Qalin paxsa devor uy ichidagi harorat va namlikning bir me’yorda saqlanishini ta’minlaydi. Yerosti suvi yer yuzasiga yaqinligidan yer to‘lalar, turli maqsadga mo‘ljallangan o‘ralar bo‘lmaydi.


Xo‘jaligi. Viloyat iqtisodiyoti, asosan, agrosanoat majmuyidan iborat. Xiva, Shovot, Yangiariq tumanlarida paxtaning salmog‘i, ayniqsa, katta. Gurlan tumanida esa sholipoyalar katta maydonni egallaydi. Obikor yerlarda paxta bilan birga don, beda, makka  jo‘xori, kartoshka va poliz ekinlari yetishtiriladi. Iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bilan paxtachilikning qo‘shib olib borilishi suvdan va  ishchi kuchlaridan oqilona foydalanishga  imkon beradi. Viloyatning barcha tumanlarida poliz ekinlari ekiladi.

Qishloq­ xo‘jaligining­ asosiy ­tarmoqlari: paxtachilik, polizchilik, sholichilik, go‘sh-sut chorvachiligi, pillachilik. 

Sanoatning ­asosiy ­tarmoq­lari: elektroenergetika, mashinasozlik, qurilish materiallari, yengil, oziq-ovqat, un-yorma.


Asrlar bo‘yi davom etib kelayotgan xalq seleksiyasi tufayli Xorazmda ertapishar hamda kechpishar qovunlarning ajoyib navlari vujudga kelgan.
 
Qadimda ularni maxsus idishlarga solinib, tuyalarda, hatto Bag‘dod va Hindistonga (o‘sha vaqtda uch oylik yo‘l) jo‘natilgan. Xiva, Yangiariq, Gurlan, Hazorasp tumanlarida bog‘lar birmuncha ko‘p. Kelgusida bog‘ va tokzorlar maydonini kengaytirish ko‘zda tutiladi.

Qishloq xo‘jaligining ikkinchi muhim tarmog‘i chorvachilikdir. Yozgi yaylovlar va suv tanqisligidan chorvachilikda cho‘lga moslashgan qorako‘l qo‘ylarning salmog‘i katta. Bu qo‘ylar, asosan, terisi va juni, shuningdek, go‘shti uchun boqiladi. Viloyatda yaylovlar kamligidan ayrim xo‘jaliklar o‘z qo‘ylarini Qoraqalpog‘iston yaylovlarida boqadi.

Sanoati. Viloyatda yengil va oziq-ovqat sanoatining yuzdan ortiq korxonalari mavjud. Sanoat paxta, pilla, meva, sabzavot hamda chorva mahsulotlarini qayta ishlashdan iborat. Shuningdek, tikuvchilik, poyabzal, gilamdo‘zlik, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Bu korxonalar shahar hamda tuman markazlarida joylashgan.

Turizm. Xorazm viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish, turistlar oqimini yanada ko‘paytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 

Xususan, Urganch  shahridagi Shovot  kanali  bo‘yida  «Shovot»  kichik  turizm  zonasini hamda Xiva  shahrida «G‘ovuk ko‘l»  kichik turizm zonasini  tashkil etish hamda ularda zamonaviy mehmonxona komplekslari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega  bo‘lgan  boshqa  obyektlarni qurish rejalashtirilmoqda.

Shaharlari.  Urganch  viloyatning  ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazidir. Sha  harda oziq-ovqat sanoati ahamiyatiga ko‘ra yengil sanoatdan keyingi o‘rinda turadi. Shahar elektr energiyani Taxiatosh IES va Tuyamo‘yin GESdan oladi. Shaharning shimoliy qismida, asosan, turar joy binolari, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalar, janubiy qismida esa ishlab chiqarish korxonalari joylashgan.  Shaharda  Urganch davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasining filiallari bor. 

Xiva viloyatdagi qadimiy, milliy me’morchilik yodgorliklariga boy shahardir. Xiva badiiy hunarmandchilikning muhim markazidir. Bu yerda yog‘och va  toshlarga naqsh  solish, zargarlik, naqqoshlik, kashtachilik, miskarlik va kulolchilikdagi ajoyib mahorat avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Xiva mashhur o‘zbek matematigi, astronomi va geografi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning vatanidir.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив