loading...

Vasko da Gama 

24755

 

 

 Vasko da Gama 

(1469-1524)
  Hindiston qadim zamonlardan beri yevropalik olim va sayyohdarning e’tiborini o`ziga qaratgandi. Ular, shuningdek, Yaqin Sharq orqali Hindistonga quruqlik orqali boruvchi karvon yo`llarining anchayin xatarli ekanidan ham tuzukkina xabardor edilar. XV asrning oxirlariga kelib, dengizda kemalar qatnovi va yurishi ancha rivojlangan ba’zi Yevropa mamlakatlarida ushbu sirli diyorga boradigan uzluksiz dengiz yo`lini kashf etishga bo`lgan intilish kuchaydi. Ma’lumki, dastlabki urinish 1492-yilda X.Kolumb tomonidan amalga oshirilgan va buning natijasi ularoq Amerika qit`asi kashf etilgan. Ammo buyuk geografik kashfiyotlar tarixida portugaliyalik dengizchi Vasko da Gamaning nomi birinchi bo`lib Yevropadan Hindistonga boradigan dengiz yo`lini ochgan sayyoh sifatida qoldi. Kolumb boshlagan ishni oxiriga yetkazgani bois, Vasko da Gamani zamondoshlari «Kolumbdan o`zgan sayyoh» sifatida ta’riflashgan.
  Vasko da Gama 1469-yilda Portugaliyaning Sinish shahrida tug`ilgan va Evore shahrida ta’lim olib, boshqa fanlarga qaraganda ko`proq dengiz navigatsiyasi, kartografiya va geografiyani chuqur o`rgandi. XV asrda Portugaliya mustamlakasi bo`lgan Afrikaning Gvi­neya qo`ltig`i atroflarida portugal floti tarkibida xizmat qilgan.
XV asrning 90-yillariga kelib, Afrikani dengiz bo`ylab aylanib suzib o`tish mumkinligi va Sharqiy Afrikadagi hududlarning suv yo`llari orqali Hindiston bilan savdo aloqalari olib borishi ma’lum bo`ldi. Shuning uchun 1497-yilda Portugaliya qiroli Manu­el I Vasko da Gamaga Afrikani aylanib o`tib, Hindistonga dengiz sayohati uyushtirish va yo`lni xaritaga tushirishga farmon bergan.
  1497-yilning 8-iyulida sayyoh 168 kishilik ekipajdan iborat to`rtta kemada Hindiston sayohatiga yo`l oldi. Xuddi Kolumbniki kabi Vasko da Gama ekspeditsiyasi ham dastlab, Lissabondan g`arbga yo`l olgan, ammo keyin Sharqqa burilgan. Atlantika okeanida yoysimon yo`nalishda suzib, 1497-yil 20-noyabrda Afrikaning eng janubiy nuqtasidan o`tdilar. Afrikani aylanib o`tish joyining topilgani ekspeditsiya a’zolarida Hindistonga borish yo`lini topishga bo`lgan umidni kuchaytirgan, albatta. Dengiz sayyohlari Af­rikaning eng janubiy nuqtasi bo`lgan burunni «Yaxshi umid» nomi bilan atadilar.
  Vasko da Gama 1497-yil dekabrda hozirgi Janubiy Afrika Respublikasining Sharqiy qirg`oqlarini kashf qildi. 1498-yilning yanvar oyida Zambezi daryosining quyilish joyidan o`tib, Sharqiy qirg`oqlar bo`ylab shimoli-sharqqa suzishda davom etdi va o`sha yil­ning mart oyida Mozambikka yetib bordi. Malindi shahrida arab yo`l ko`rsatuvchisini yo`llagan sayyoh uning yordamida 1498-yil 20-mayda Hindistonning janubi-g`arbiy qirg`oqlaridagi yirik savdo markazi hisoblangan Kalikut (hozirgi Kojikode) shahriga yetib keldi.
  Kalikut rojasi tomonidan yaxshi ko`tib olingan Vasko da Gama, Hindistonda bir muddat turib, 1498-yil oktyabrda yana Portugaliya tomon yo`lga chiqdi. Ammo 1499-yilning sentyabridagina Lissabonga yetib oldi. Ekspeditsiya davomida turli xavf-xatarlar, fojiali holatlar sababli safarga chiqqan 168 dengizchidan faqat 55 kishigina eson-omon Portugaliyaga qaytishga muvaffaq bo`lgan. Ammo anchayin katta qurbonlar berib bo`lsa-da, Vasko da Gamaning Portu­galiya qiroli topshirigiga ko`ra, Yevropadan Hindistongacha bo`lgan dengiz yo`lini kashf etishga erishganini ta’kidlash joiz.
 Portugaliyada Vasko da Gamani katta tantana bilan ko`tib olishdi. Unga dvoryan martabasi va 1500-yilda «Hind okeani admirali» unvoni berilgan. Sayyoh 1500-1520-yillar davomida Hindistonga bir necha bor ekspeditsiya uyushtirgan va 1524 yilda Hindistondagi Portugaliya koloniyalarining beshinchi gubernatori va vitse-qiroli etib tayinlangan. Ammo sayyoh bu vazifada unchalik uzoq ishlamadi.
  Umrining asosiy qismini Hindistonga boradigan dengiz yo`lini kashf etish va uni o`rganishga bag`ishlagan Vasko da Gama 1524-yilning 24-dekabrida Kalikutdan janubdagi Kochine shaharchasida vafot etdi.
 1998-yilda Vasko da Gamaning Hindistonga qilgan birinchi sayohatining 500 yilligi Yevropada keng nishonlandi. Shu yili Lissabondagi Teju daryosining quyilish joyida qisqa mudsat - 10 oy ichida Yevropadagi eng uzun 17185 metrli ko`prik qurilib, sayyoh, nomi bilan ataldi. Shuningdek, Braziliyaning Rio de-Janeyro shahri futbol klubi va Hindistonning Goa shtatidagi shaharga ham Vasko da Gama nomi berilgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив