loading...

Xristofor Kolumb 

49931

 

Xristofor Kolumb 

(1451-1506)  
Geografik kashfiyotlar tarixida katta iz qoldirgan shaxs. Mashhur sayyohlar orasida hayotining turli qirralarini yorituvchi asarlar soni bo`yicha ham Xris­tofor Kolumbga teng keladigani kam topiladi. Chunki 1451-yilning ko`zida Italiya shimolidagi Genuya shahrida tug`ilgan sayyoh hayoti sir-sinoatlarga boyligi bilan haligacha turli sohalardagi tadqiqotchilar e’tiborini o`ziga tortib kelmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, jasur sayyoh X.Kolumb 55 yillik umrining to`rtdan uch qismini dengiz sayohatlarida o`tkazgan. Jumladan, u 1465-yilda dastlab Genuya flotiga yollangan bo`lsa, 1470-yildan 1485-yilga qadar Portugaliya flotida xizmat qildi. U, asosan, savdo kemalariga yollanib, bosh vaqtlarida xaritalar tuzish, tabiiy fanlarga oid bilimini oshirish bilan mashg`ul bo`lardi.

X.Kolumbda Yevropadan Hindistonga boradigan dengiz yo`lini topish haqidagi g`oyaning qachon va qayerda paydo bo`lgani to`g`risida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Ammo sayyohning yozishicha, uning bu loyihasi Yerning shar shaklida ekanligi haqidagi qadimgi zamon olimlari qoldirgan ma’lumotlar va XV asrda Yevropada yashagan olimlarning Yer o`lchamlariga doir uncha aniq bo`lmagan hisob-kitoblariga asoslangan edi.

Dengiz orqali Hindistonga borish yo`lini topish loyihasini amalga oshirish uchun taqdim etgan so`roviga portugal qirolidan  rad javobini olgan X.Kolumb 1485-yilda Ispaniyaning Kastiliya provinsiyasiga ko`chib o`tdi. Xuddi shu yerda andalusiyalik savdogar va bankirlar yordamida o`zining birinchi dengiz ekspeditsiyasini tashkil etishga muvaffaq bo`lgan.

X.Kolumbning birinchi ekspeditsiyasi 1492-1493-yillar davomida 90 kishidan iborat ekipaj bilan uchta - «Santa-Mariya», «Pinta» va «Ninya» kemalarida amalga oshi­rilgan. 1492-yilning avgust oyida ekspeditsiya Kanar orollaridan g`arbga tomon suzib, Atlantika okeanini kesib o`tdi. X.Kolumb yo`l-yo`lakay Sargass dengizini kashf etib, 1492-yilning 12-oktyabrida Bagam arxipelagiga yetib kelgan va  unga San-Salvador, deb nom bergan. Ushbu sana hozirda Amerika kashf etilgan kun sifatida rasman tan olingan.

Jasur sayyoh 1492-yilning oktyabrida yana bir nechta boshqa Ba­gam orollariga tomon suzib, O`sha yilning dekabri boshlarida Kuba qirg`oqlarini kashf etgan va Gaiti oroligacha yetib borgan. 1493-yilning mart oyida esa «Ninya» kemasida Ispaniyaga eson-omon qaytib keldi. Uning birinchi ekspeditsiyasi natijalari Yevropada katta siyosiy shov-shuvlarga sabab bo`lgan.

X.Kolumbning ikkinchi ekspeditsiyasi 1493-1496-yillarda tashkil etilib, unda 2,5 mingdan ortiq ekipaj bilan 17 ta kema ishtirok etgan. Admiral unvoni va yangi ochilgan yerlarning vitse-qiroli sifatida sayyoh 1493-yilning noyabr oyida Dominika, Gvadelupa va 20 dan ortiq Antil orollarini kashf etib, Puerto-Rikogacha yetib borgan. Kolumb 1494-yilning bahorida oltin topish ilinjida Gaiti orolining ichki qismlarini o`rgangan va O`sha yili yozda Kubaning janubiy qirg`oqlari, Xuventud va Yamayka orollarini kashf etgan. 1496-yilning yozida Kolumb yangi ochilgan orollar to`g`risida juda boy ma’lumotlar bilan yana Ispaniyaga qaytgan.

X.Kolumbning 1498-1500-yillarda amalga oshirilgan uchinchi ekspeditsiyasi 6 ta kemadan iborat bo`lib, ulardan uchtasini bevosita sayyohning o`zi boshlab borgan. 1498-yilning iyul oyi oxirida ekspeditsiya Trinidad oroli yonidan o`tib, Pariya qo`ltig`iga kirib borgan va Orinoko daryosining quyilish joyi hamda Pariya yarimorolini kashf etgan. Janubiy Amerika qirg`oqlari yaqinidagi yana boshqa orollarni ham kashf etgach, Gaiti oroliga qaytib kelishgan. 1500-yilda esa X. Kolumb Hindistonga borish yo`lini topa olmaganlikda ayblanib, hibsga olindi va Ispaniyaga jo`natildi. Ammo kashf etgan yerlarning oltinga boyligi kabi holatlarni hisobga olgan ispan hukumati keyinchalik uni ozod qilgan.

Hindistonga boradigan dengiz yo`lini topish uchun yana ispan hukumatidan ruxsat olishga erishgan X.Kolumb 1502-1504-yillar davomida 4 ta kemada o`zining to`rtinchi ekspeditsiyasini amal­ga oshirdi. 1502-yilning yozida Martinika oroli va Gonduras qo`ltiqlarini kashf etdi. Xuddi shu yerda birinchi bo`lib qadimgi mayya sivilizatsiyasi vakillariga duch kelgan. 1502-yilning avgustidan 1503-yilning may oyiga qadar Markaziy Amerikadagi Karib dengizining 2000 km.dan ortiq masofadagi qirg`oqlarini tekshirib chiqqan. G`arbga o`tish yo`lini topmagach, sayyoh shimol tomonga suzdi. Ammo 1503-yilning iyun oyida Yamayka oroli yaqinida halokatga uchragan. Yordam esa faqat bir yildan so`nggina yetib kelib, X.Kolumb 1504-yilning noyabr oyida og`ir kasal holida Is­paniyaga qaytgan.

X.Kolumb Amerigo Vespuchchi tomonidan Amerikani yangi qit`a sifatida kashf etganiga qadar Hindistonga borganiga ishonar edi. Shuning uchun ham o`zi kashf etgan yerlardagi tub aholini Hindular deb atagan. Hindular iborasining hozirgi kunda ham ishlatilishidan xabardorsiz, albatta.

Amerikani kashf etgan sayyoh sifatida baribir X.Kolumb tan olinsa-da, Shimoliy Amerikaga birinchi bo`lib borgan yevropalik hisoblanmaydi. Chunki undan bir necha yuz yil muqaddam Grenlandiyada yashagan vikinglar ushbu materikning shimoliy qirg`oqlarigacha yetib borishgan. Ammo faqat X.Kolumbning sayohatigina jahon tarixida olamshumul burilish yasaganini ta’kidlash joiz.

Zamondoshlarining yozishicha, X.Kolumb o`rta bo`yli, baquvvat va hamsuhbatlarini o`z fikriga ishontira olish iqtidoriga ega, dono kishi bo`lgan ekan. Sayyohning geografik kashfiyotlar tarixida qoldirgan merosiga ehtirom ramzi sifatida dunyodagi ko`pgina tabiiy va ijtimoiy ob’ektlarga uning nomi berilgan. Jumladan, Janu­biy Amerikadagi davlat, Kanadadagi provinsiya, AQShdagi federal okrug va daryo, Shri-Lanka poytaxti, shuningdek, turli mamlakatlardagi ko`plab daryo, tog` tizmalari, ko`llar, sharsharalar, shaharlar, parklar va ko`priklar uning nomi bilan ataladi. Shimoliy va Janubiy Amerikadagi ko`plab shaharlarda haykallari mavjud. Shuningdek, Isnaniyaning Barselona shahridagi markaziy xiyobonlaridan biriga, Germaniyaning Bremer-xaven shahrida buyuk dengizchi-sayyohning haykallari o`rnatilgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив