loading...

Mirzo Ulug`bek 

56096

                                      

 

   

Mirzo Ulug`bek  (1394-1449) 

 Buyuk olim va davlat arbobi, temuriylar sulolasining yorqin namoyandasi Mirzo Ulug`bekning nomi dunyo fani sahifalariga zarhal harflar bilan bitilgan. Uning astronomiya, matematika, geometriya, geogra­fiya va boshqa qator fanlar rivojiga qo`shgan o`lkan hissasi, O`rta asrlarda amalga oshirgan hisob-kitoblarining aniqligi hozirgi zamon ilm ahlini hamon lol qoldirib kelmoqda.
  Mirzo Ulug`bekning nomi butun dunyoga buyuk mutafakkir sifatida ma’lum. Ammo u dastlab, bobosi Amir Temurga va so`ng otasi Shohruxga turli yurishlarda hamroh bo`lgan. Movarounnahr hukmdori bo`lgach, keyinchalik o`zi ham mamlakatning turli qismlarini kezgan. Safarlari davomida ko`rganlarini o`zining ilmiy faoliyatida keng qo`llagan. Shuning uchun Ulug`bekni sayyoh-olimlar qatoriga kiritishimiz mumkin.
  Mirzo Ulug`bek (to`liq ismi sharifi - Mirzo Muhammad ibn Shohrux ibn Temur Ulug`bek Ko`ragon) 1394-yil 22-martda Amir Temurning harbiy yurishlari chog`ida Eron Ozarbayjonidagi Sultoniya shahrida dunyoga kelgan. Amir Temur suyukli nabirasining tarbiyasini katta rafiqasi Saroymulkxonimga topshiradi va ana shundan keyingi 11 yil davomida berilgan tarbiya Mirzo Ulug`bekning buyuk inson bo`lib shakllanishida katta rol o`ynagan.
  1409-yilda temurzoda Shohrux o`g`li Ulug`bekni Samarqand hokimi etib tayinlagan va 1411-yildan boshlab esa Mirzo Ulug`bek butun Movarounnahr boshqaruvini qo`lga olib, Samarqandni ilm- fan markaziga aylantirdi.
  Mirzo Ulug`bek fan xomiysi bo`lish bilan birga, mamlakatda ma’rifat rivojiga ham katta ahamiyat bergan allomadir. U Movarounnahrda bir emas, uch madrasa qurdirdi. Bulardan biri Samarqanda (1417-1420), ikkinchisi Buxoroda (1417) va uchinchisi Gijduvondadir (1433). Hatto, Buxorodagi Madrasa peshtokiga hadisdan olingan lavhani: «Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir», deb yozdirib qo`ygan. 
 Tarixchilarning yozishicha, Ulug`bek kuchli xotira sohibi: geo­metriya, matematika, astronomiya, tarix, adabiyot, mantik, musiqadan hamda Qur’on, hadis va fiqh ilmlaridan yaxshi xabardor bo`lgan. Ammo Mirzo Ulug`bek hayotining asosiy qismini astronomiyaga bag`ishlagan va ushbu fanning XV asrdagi rivojida uning xizmati beqiyos. Chunki O`rta asrlargacha mavjud bo`lgan yo`lduzlar jadvalining sifati, ya’ni aniqligi, O`sha zamoy astronomlarini qoniqtirmas edi. Shu bois, osmon jismlarini kuzatish uchun Samarqandda Mirzo Ulug`bek boshchiligida rasadxona bunyod etish va uni jihozlash ishlari amalga oshirilgan.
  Ma’lumki, rasadxona 1427-1429 yillarda ko`rilgan va uni barpo etish rejasi bo`lajak alloma Mirzo Ulug`bekda bolalik chogidayoq tug`ilgan edi. Chunki olim yoshligida Tehron yonidagi Maroga observatoriyasini ko`rib, havas bilan «men ham shundayni ko`raman», deb ahd qilgan ekan. Ulug`bekning yoshi 26-27 larga yetganda u olimlar bilan yaqindan tanishgan va ular bilan ko`p suhbatlar ko`rgan. 1420-yillarga kelib uning atrofida 60-70 tacha matematik va astronom olimlar to`plangandi. Ulug`bek ko`rdirgan rasadxonaning asosiy qismi radiusini 40,2 metrdan iborat kvadrant tashkil etgan va unda astronomik o`lchashlarni amalga oshirish uchun bir qator boshqa asbob-uskunalar ham o`rnatilgan.
  Rasadxona binosi uch qavatli binodan iborat bo`lgan. Mirzo Ulug`bek o`zi bunyod ettirgan rasadxona va ilm-ma’rifat markaziga turli sohalardagi 100 dan ortiq ilm ahlini to`plab, keng jabhada ilmiy kuzatish ishlarini olib borgan. Bular Qozizoda Rumiy, G`iyosiddin Jamshid, Ali Qushchi, Mavlono Ahmad, Muhammad Qavofiy, Abul Ali Birjondiy, Mirim Chalabiy, Muiniddin Koshiy kabi o`z zamonasining zabardast olimlari edi.
  Afsuski, rasadxona binosi Ulug`bek vafotidan keyin qarovsiz qolib, asta-sekin yemirila boshlagan va XVII asrning oxiriga kelib, ustki qismi butunlay buzilgan. Inshootning yer ostidagi qismi esa tuproq ostida qolib, ko`milib ketgan. Rus arxeolog olimi V.Vyatkinning 1908 va 1914 yillardagi Samarqandda olib borgan arxeologik izlanishlari natijasida Ulug`bek rasadxonasi qoldiqlari joyi aniqlanib, keyinchalik uni o`rganish ishlari da­vom ettirilgan.
  Mirzo Ulug`bek Samarqandda rasadxona zamirida «Ulug`bek akademiyasi»ga asos solgan va bu yerda olib borilgan ilmiy kuzatishlari natijasida «Ziji jadidi Ko`ragoniy» («Ko`ragoniyning yangi astronomik jadvali») va «To`rt ulus tarixi» kabi mashhur asarlari yaratilgan. Tarixchi olim Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, «Ulug`bek geometriya borasida Evklidga, astronomiya sohasida esa Ptolomeyga o`xshardi».
  «Ziji jadidi Ko`ragoniy» asarida 1018 ta harakatlanmaydigan yo`lduzning koordinatlari hayron qolarli darajadagi aniqlikda ko`rsatib berilgan. Mutaxassislarning tan olishicha, ushbu yo`lduzlar jadvali grek olimlaridan miloddan avvalgi II asrda yashagan Gipparx va milodiy I-II asrlarda ijod qilgan Ptolomey tuzgan jadvallardan keyingi davrda yaratilgan eng aniq astronomik manba hisoblanadi.
  «Ziji jadidi Ko`ragoniy»dagi trigonometrik jadvallar ham o`zining aniqligi bilan alohida ajralib turadi. Jumladan, Mir­zo Ulug`bek astronomiyadagi muhim o`zgarmas miqdor - bir darajaning sinusi qiymatini verguldan keyin 18 ta belgi miqdoridagi aniqlikda hisoblashga muvaffaq bo`lgan.
  Quyosh bir yilda bir marta aylanib chiqadigan fazoviy doira - ekliptikaning og`ishi qiymatini aniqlashda Mirzo Ulug`bek dunyo astronomiya fanida eng oldingi o`rinlarda turadi. Uning 1437-yilda amalga oshirgan hisob-kitoblariga ko`ra, ekliptikaning og`ishi 23°30'17"ga teng va bu qiymat hozirgi zamondagi hisob-kitoblardan bor-yo`g`i 0'32"ga farq qiladi. Shuning uchun ham Ulug`bek tomonidan hisoblangan bir astronomik yil 365 kun 6 soat 10 minut 8 sekundga teng va bu hozirgi zamon ma’lumotlaridan atigi 58 sekundga farq qiladi. 
  Ulug`bekning yozib qoldirgan asarlarida bir qator geografik ma’lumotlar ham mavjud. «Ziji jadidi Ko`ragoniy»dagi jadvallarda dunyodagi 683 ta aholi punktining geografik koordinatlari haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan, Ulug`bekning yozishicha, u yaratgan rasadxona 39°37'28" geografik kenglikda joylashgan. Hozirgi vaqtdagi o`lchashlar shundan dalolat beradiki, ushbu inshootning joylashgan o`rni 39°40'37" geografik kenglikka to`g`ri keladi. Agar O`rta asrlardagi kuzatish uskunalari va uslublarini hisobga oladigan bo`lsak, Ulug`bek amalga oshirgan ulchash natijalarini juda aniq, deb e’tirof etish mumkin.
  Bundan tashqari, Samarqandlik tarixchi olim Mutrubi Samarqandiyning 1605-yilda yozilgan «Tazkirat ush-shuaro» asarida Ulug`bek tomonidan yaratilgan Sharqiy yarimsharning xaritasi o`rin olgan. Muallifning yozishicha, ushbu noyob xarita Samarqanddagi Ulug`bek madrasasi devoridagi xaritaning kichraytirilgan nusxasi. Unda Sharqiy yarimshar yarim aylana tarzida, o`ziga xos iqlimga ega bo`lgan yetti mintaqaga bo`lingan, daryolar va dengizlar turli ranglarda belgilangan. Xaritada Misr, Basra, Multon, Xo`jand, Buxo­ro, Xazorasp, Xorazm, Qashqar, Sayhun, Sinh va boshqa bir qator joy nomlari ko`rsatilgan.
  Mutrubi Samarqandiyning ma’lumotiga ko`ra, Samarqanddagi Ulug`bek madrasasida toliblar diniy bilimlar bilan bir qatorda adabiyot, metafizika, arif­metika, geografiya va boshqa dunyoviy fanlarni ham o`rganishgan. Muallifning yozishicha, geografiya fani ayni Ulug`bek tuzgan xarita yordamida o`rganilgan.
  Mirzo Ulug`bek yaratgan Samarqand astronomiya maktabining ushbu fan rivojiga qo`shgan o`lkan hissasi dunyo olimlari tomonidan keng tan olingan. «Ziji jadi­di Ko`ragoniy» asari XVII asrda Oksfordda ingliz tiliga va keyinchalik bir qancha sharhlar bilan dunyoning boshqa tillariga ham tarjima qilingan. 1648-yilda astronom Yan Gaveliy tomonidan Polshada chop etilgan «Yo`lduzli osmon katalogi»ga dunyo astronomlarining ramziy yigilishini tasvirlovchi gravyura ilova qilingan bo`lib, undan dunyoning mashhur olimlari qatoridan Ulug`bek ham o`rin olgan. «Ziji jadidi Ko`ragoniy»da keltirilgan yo`lduzlar jadvali uzoq vaqt davomida dunyodagi eng yaxshi qo`llanma sifatida foydalanib kelindi va hozirgi vaqtda ham u o`zining ilmiy-tarixiy ahamiyatini yo`qotgan emas. 
  Mirzo Ulug`bekni haqli ravishda yo`lduzlar ilmining sultoni, deb atash mumkin. Olimga cheksiz hurmat hosilasi sifatida mamlakatimizning qator shaharlarida va hatto, chet mamlakatlarda ham haykallar o`rnatilgan. Dunyo faniga qo`shgan katta hissasiga ehtirom sifatida Mirzo Ulug`bekning nomi fazoda ham abadiylashtirilgan. Jumladan, XIX asrda yashab ijod qilgan nemis astronomi Io­gann Genrix fon Medler o`zi ochgan Oydagi kraterni Mirzo Ulug`bek nomi bilan atagan. 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив