Abdurazzoq Samarqandiy
Abdurazzoq Samarqandiy
(1413-1482)
Amerikani kashf etgan Xristofor Kolumb aslida Yevropadan Hindistonga
boradigan dengiz yo`lini topmoqchi bo`lgani tarixdan ma’lum. Ammo uning bu
orzusini portugal
sayyohi Vasko da Gama 1498-yilda Afrikani aylanib o`tib, Yevropadan Hindistonga
dengiz yo`lini ochish orqali amalga oshirgan. «Uch dengiz osha sayohat» asari
muallifi, rus sayyohi Afanasiy Nikitin ham 1466-1472- yillarda Rossiyadan
Hindistongacha bo`lgan qulay yo`lni kashf etish maqsadida sayohatga chiqqandi.
Ammo yuqorida nomlari tilga olingan yevropalik sayyohlardan ancha oldin,
1441-1444-yillarda (A.Nikitindan 25 yil, Vasko da Gamadan 56 yil oldin)
Hindistonga dengiz orqali borish yo`lini birinchi bo`lib bosib o`tgan va ushbu
yo`nalishdagi hududlarni geografik jihatdan tasvirlab bergan sayyoh,
hamyurtimiz Abdurazzoq Samarqandiydir.
Mashhur sayyoh, elchi va tarixchi Abdurazzoq Samarqandiyning (to`liq
ismi sharifi - Kamoliddin Abdurazzoq ibn Jaloliddin Ishoq Samarqandiy) otasi
asli Samarqandlik bo`lib, Shohrux xizmatida yurganida Hirotda yashagan.
Abdurazzoq Samarqandiy 1413-yil 7-noyabrda Hirotda tug`ilgan, keyin uzoq vaqt Samarqandda
yashagan.
Abdurazzoq o`z davrining o`qimishli va aqli o`tkir kishilaridan bo`lgani
sababli, Shohrux uni hurmat qilar va muhim vazifalarni ishonib topshirardi.
Jumladan, sayyoh, avvalo, Hindistonga, so`ngra Gilonga (Kaspiy dengizining
janubi-g`arbida, hozirgi Eron hududida) elchi etib tayinlanib, ushbu yurtlarga
yuborilgan.
Ma’lumki, Hindistonga safar qilgan O`rta Osiyolik olim va sayyohlarning
aksariyati bu ishni quruqlik orqali amalga oshirishgan. A.Samarqandiy esa
mintakamizdan chiqqan geograf va sayyohlar ichida birinchi bo`lib 1441-1444-
yillarda Hindistonga g`arbdan - Hind okeani orqali kemada suzib borgan va uning
janubiy viloyatlarida bo`lgan. U sayohati davomida Xurosonning qumli cho`llari,
Markaziy Osiyoning janubi, Ozarbayjon, Eron va Iroq orqali o`tib, Fors ko`rfazidan
Arabiston dengiziga chiqqan va mazkur dengiz orqali Hindistonga yetib borgan.
Hindiston safari natijasi ularoq, A.Samarqandiy «Hindiston safari
dostoni va yer ajoyibotlarining sharhi, garoyibotlarning bayoni» asarini yozdi.
Bu asar boshqacha qilib «Hindiston safarnomasi» deb ham ataladi. Abdurazzoq
Samarqandiyning «Hindiston safarnomasi» asosiy asari hisoblanmish «Matlai sa’dayn
va majmai bayrayn» («Ikki saodatli yo`lduzning chikish va ikki dengizning qushilish
joyi») kitobiga alohida bob tarzida kiritilgan. Bu bobni yozishda muallif o`zi
ko`rgan-bilganlaridan iborat boy materiallarning mavjudligini va
zamondoshlarining uzoq mamlakatlar haqidagi ajoyib hikoyalar va aniq
ma’lumotlar bilan juda qiziqqanligini inobatga olgan.
«Hindiston safarnomasi»da olim Hindiston, uning tabiati, tog`lari,
dengiz va daryolari, bu yerda yashaydigan halklar, ularning urf-odatlari,
aholining mashg`uloti, shaharlari, o`simlik va hayvonot dunyosining o`ziga
xosligi, qazilma boyliklari va boshqa tabiiy resurslari haqida qimmatli
ma’lumotlarni keltirgan.
Hindistonga qilgan sayohati davomida Samarqandiy Hindiston yarimoroli
janubidagi Kalikut, Bajonagar va Xirlish shaharlarida bo`lib, ularning aholisi,
hunarmandchiligi, san’ati, savdo-sotig`i, hayvonot va o`simlik dunyosini
kuzatgan hamda bu ma’lumotlarni asarida bayon etgan. Shuningdek,
A.Samarqandiyning «Hindiston safaronoma»si Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoga qo`shni
bo`lgan boshqa mamlakatlarning XV asrdagi geografiyasi, tarixi va
etnografiyasiga oid qimmatli qo`llanma ham hisoblanadi.
O`zbek sharqshunosi A.O`rinboyev Abdurazzoq Samarqandiyning «Hindiston
safarnomasi»ni bir necha nushalariga solishtirib chiqib, o`zbek tiliga tarjima
qilgan va asarning mukammal ilmiy izohlarini tayyorlab, chop ettirgan.
Olim «Hindiston safarnomasi»da shunday yozadi: «1441-yili... Ho`rmuz
viloyati va dengiz sohillariga qarab safarga otlandim. Bu dostonda... har xil
ajoyib-g`aroyiblar so`z ipiga teriladi, uch yil muddat ichida ko`rgan-kechirgan
holatim va qo`rqinchli voqealarim mufassal, ham qisqa holda qaytadan bayon qilinadi.
So`ng faqir ilgari va’da qilganiga muvofiq Xuroson, Movarounnahr, Fors, Iroq va
Ozarbayjonlarda bo`lib o`tgan voqealar bayon qilinadi...».
Ho`rmuz (hozirgi Eronning Bandar-Abbos) bandargohining o`sha vaqtlarda
juda katta xalqaro savdo markazi bo`lgani va A.Samarqandiyning esa geografiyani
yaxshi bilgani yuqoridagi satrlardan ko`rinib turibdi. Olim iste’dodli qalamkash
bo`lgani bois har bir hodisani badiiy obraz va o`xshatishlar, yaqqol ifodalar
bilan tasvirlagan.
Ho`rmuz bandargohidan jo`nagan sayyoh va uning hamrohlari 18 kun deganda
Hindistonning Kalikut shahriga yetib
borishgan. Bu shahar Hindistonning janubi-g`arbida joylashgan bo`lib, hozirda
uning nomi Kojikode va bu yerda 450 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu
shahar haqida Samarqandiy shunday yozadi: «Kolikut xavfsiz va obod bir
bandargohdir, ko`p mamlakat va diyorlarning savdogarlari ham bo`lishi va dengiz
sohilidagi yerlarning, xususan, Xabasha, Zirbod va Zangibor mamlakatlarining
mollaridan ko`plab nafis narsalar topilishi bilan u Ho`rmuzga o`xshab
ketadi...», «...Kolikutdan Makkai Muborakka kemalar qatnab turadi va ko`pincha
murch olib boradi. Bu bandarda hamma narsa topiladi...».
Shunisi e’tiborga loyiqki, Abdurazzoq Samarqandiydan 56 yil keyin
portugal sayyohi Vasko da Gama kemalari ayni shu Kalikut bandargohiga kelib to`xtagan.
Abdurazzoq Samarqandiy Kalikutdan Bajonagarga o`tib, u yerda o`z elchilik
vazifasini o`tab, Hindlarning hayoti, urf-odatlari, bayramlari hamda o`lkaning
savdo-sotig`i, odamlari, hayvonlari va o`simliklarini kuzatib,
ko`rgan-kechirgan ajoyibotlarning hammasini safarnomasida ta’riflagan. Orqaga -
Hindistondan Ho`rmuz bandargohiga qadar bo`lgan yo`l esa 75 kunda bosib o`tildi.
Keyin sayyoh-elchi quruqlik orqali Xirotga qaytgan. Uning Hindistonga bo`lgan
mazkur sayohati jami uch yil davom etgandi.
Abdurazzoq
Samarqandiyning Hindiston safari ushbu sirli diyorni nafaqat o`rta osiyoliklar,
balki yevropaliklar uchun ham kashf qilgan. Manbalarga ko`ra, Samarqandiydan
ancha keyin Hindistonga borgan rus sayyohi A.Nikitin va golland sayyohi Vasko
da Gama o`z sayohatlarini tashkil etishda ma’lum darajada hamyurtimizning tajribasidan
foydalanishgan ekan. Xullas, A.Samarqandiyni Hindistonga boradigan ham
quruqlik, ham dengiz yo`lini kashf etgan ilk sayyohlardan biri, deb aytish
mumkin.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.