loading...

Rui Gonsales De Klavixo 

13138

 

Rui Gonsales De Klavixo
(? - 1412)
  Sohibqiron Amir Temur hukmronlik qilgan XV asrdagi Movarounnahr va uning ba’zi shaharlari haqida yozilgan tarixiy-geografik manbalar ichida mashhur ispan sayyohi Rui Gonsales de Klavixoning Samarqandga qilgan safari kundaligi muhim o`rin tutadi. 1403-yilda Kastiliya qiroli Enrike III ning Amir Temur saroyidagi elchisi etib tayinlangan Klavixo Samarqand va uning atrofida qiziqarli kuzatishlarni olib borgan va ularni «Samarqandga - Temur saroyiga 1403-1406-yillardagi sayohat kundaligi» nomi bilan chop etilgan o`z esdaliklarida aks ettirgan. Klavixoning «Kundalik»lari uning 1403-1404-yillari Turkiya, Eron va Movarounnahrda, xususan, Amir Temur saroyida ko`rgan bilganlarini o`z ichiga olgan muhim asardir.
  Klavixoning tug`ilgan yili noma’lum. Ammo shunisi ma’lumki, u boy oilada tavallud topgan va yoshligida turli fanlardan yaxshi ta’lim olgan. Otasi va o`zi ham Kastiliya qiroli Enrike III ning sa­royida amaldor lavozimida xizmat qilishardi. Qirol Klavixoni Amir Temur saroyiga elchi etib tayinlagan. Tarixiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, XIV asrning 80-90-yillarida Amir Temur davlatining shon-shuxrati Yevropa mamlakatlarigacha borib yetgan. Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Genuya va Vizantiya singari davlatlarning hukmdorlari Amir Temur bilan siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabatlar o`rnatishga intilib, Samarqandga muntazam ravishda o`z elchilarini yuborib turganlar.
  Kastiliyadan 1403-yilning 22-mayida yo`lga chiqqan ispan elchi­si Klavixo 15 oydan keyin Samarqandga yetib kelgan. Klavixoning Samarqandga bu safari Amir Temurning 1402-yilda Ispaniyaga Xo`ja Muhammad qozi boshchiligida yuborgan elchiligiga qilingan javob edi.
  Klavixoning Samarqandga safari juda uzoq, xavf-xatar va mashaqqatlarga to`la bo`lgan. Klavixo va uning hamrohlari Ispaniyaning janubi-sharqida joylashgan Kadis shahridan kemada O`rtayer dengizi bo`ylab suzib, so`ngra Turkiyaning Istanbul, Trabzon, Arzirum, Eronning Tabriz, Tehron, Mashhad va Xurosonning Marv va Balx shaharlari orqali quruqlikda uzoq yo`l bosishgan.
  Klavixo va uning sheriklari Termiz shahri yonida Amudaryodan kechib o`tishgan. Amudaryo to`g`risida Klavixo o`zining «Kundalik» larida shunday yozgan: «21-avgust payshanba kuni katta bir daryoga yetib keldik. Bu boshqa bir daryo bo`lib, Parapamisdan boshlanadi. U tekislikdan oqadi, ammo uning oqimi hayron qolarli darajada tez va suvi loyqa. Qishda uning suvi kamayadi, chunki bu vaqtda tog`da sovuq bo`ladi va qor erimaydi, aprel kelishi bilan esa uning suvi ko`payadi va bu hol to`rt oy davom etadi. Daryo Boku dengiziga quyiladi va Samarqand xonligi yerlarini Xuroson yerlaridan ajratib turadi... Shu payshanba kuni elchilar daryoni kechib o`tib, Termiz deb nomlangan katta bir shaharga yetib keldilar...» Klavixo shu yerda daryoning ikki tomonidagi aholi ikki tilda gapirishini, ammo ular bir-birini yaxshi tushunishi haqida yozib o`tgan.
  1404-yilning 28-avgustida Klavixo boshchiligidagi ispan elchilari O`sha vaqtlardagi yana bir katta shahar Keshga (Shahrisabz) yetib kelgan. Bu shahar haqida Klavixo shunday yozadi: «Shahar har tomondan kichik daryolar, ariq va kanallar bilan kesilgan tekislikda joylashgan. Shaharni har tomondan qishloqlar va bog`lar o`rab ol­gan, atrof hududaarda esa juda ko`p aholi yashaydigan qishloqlar, ka­nallar va o`tloqlari bo`lgan tekislik yastanib yotadi. Shunga ko`ra, bu yer yozda juda chiroyli bo`lsa kerak. Sug`oriladigan yerlarda bug`doy, uzum, paxta, kovun va boshqa mevali daraxtlar o`stiriladi. Shahar atrofi chuqur qazilgan tuprok qo`rg`on bilan o`ralgan va uning darvozalari oldida ko`tarma ko`priklar bor. Temurbek janoblari ana shu Kesh shahrida tu`ilgan, uning otasi ham shu yerdan...» Keshda ikki kun turgan elchilar karvoni 1404-yilning 31-avgustida Samarqand atrofidagi qishloqlardan biri Misrga yetib kel­gan. Klavixo Samarqandda olti oycha turib, ushbu shahar va uning atrofidagi yerlar haqida batafsil ma’lumotlarni to`plagan. Kla­vixo yozgan «Kundalik»da o`sha vaqtlarda Amir Temur saltanatidagi shaharlarning umumiy ahvoli, aholining turmush tarzi, Temur tashabbusi bilan barpo etilgan binolar: qasrlar, masjidlar, madrasalar, xonaqohlar, savdo rastalari, do`konlar, ustaxonalar, Temur davlatining Xitoy, Hindiston, Oltin O`rda, Mo`g`uliston va boshqa mamlakatlar bilan bo`lgan siyosiy va savdo aloqalari haqida e’tiborga molik ma’lumotlar keltirilgan. Elchi sifatida Klavixo o`z esdaliklarida Amir Temur saroyida o`rnatilgan tartib qoidalar, turli mamlakatlarning elchilarini qabul qilish marosimlari va uyushtiriladigan ziyofatlar haqida batafsil yozgan. Bu esa Movarounnahrda davlatni boshqarish tizimi Amir Temur davrida atrofdagi boshqa davlatlarga nisbatan ancha kuchli bo`lganligidan dalolat beradi. Klavixoning bu qimmatli ma’lumotlari O`rta Osiyoning o`sha vaqtlardagi ijtimoiy-siyosiy tarixini, aholining turmush tarzini o`rganishda muhim tarixiy manbalardan biri hisoblaiadi. Jumladan, Klavixo Samarqand va uning atrofidagi aholining mashg`uloti va savdo mollarining narxi haqida shunday yozadi: «Bu yurt don-dun, may, meva-cheva, parranda go`shti, boshqa har xil go`sht, qo`yingki, hamma narsaga boydir... bir juft semiz ko`yning narxi dukat» (dukat - Ispaniyada o`sha vaqtda amalda bo`lgan bir oltin tanga). Samarqand shahrida har yili Xitoy, Hindiston, Tatariston va boshqa mamlakatlardan, shuningdek, benihoyat boy Samarqand saltanatining o`zidan keltirilgan mollar sotiladi...». Samarqandning mahalliy aholisini Klavixo chig`atoylar, deb atagan va ularning turmush tarzi haqida qiziqarli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Sayyohning fikricha, mahalliy aholi «...mehnatsevar, mohir chavandoz, kamon otuvchi mergan... issik va sovuqqa, ochlik va tashnalikka chidamlilikda jahondagi boshqa ellardan sabotliroq va chidamliroq xalq». 1405-yilning fevral oyida Amir Temur vafotidan keyin Kla­vixoning elchiligi ahamiyatini birmuncha yo`qotgan va sayyoh 1406-yilning mart oyida vatani, ya’ni Kastiliyaga qaytib kelgan. U yerda o`zining Samarqand safari taassurotlarini tartibga solib, ushbu sayohat davomida ko`rgan-kechirganlarini xronologik tarzda kunma-kun ifoda etgan. 
  Klavixoning ushbu asari birinchi marta 1582-yilda, ya’ni sayyoh o`z kundaliklarini tartibga solib, yozib tugallagandan 175 yil keyin Ispaniyaning Sevilya shahrida «Buyuk Temurning hayoti va faoliyati» nomi bilan chop etilgan. Oradan 200 yil o`tib, 1782-yilda asar Madridda xuddi shu nomda ikkinchi marta nashr etilgan. Uning uchinchi nashri ham Madridda 1949- yilda ispan tilida chop etil­gan. Asarning rus tilidagi tarjimasi I. Sreznevskiy tomonidan 1881-yili Peterburgda chop etilgan. Taniqli o`zbek adabiyotshunos olimi, professor Ochil Tog`ayev Klavixoning «Kundaligi»ni o`zbek tiliga o`girib, chop ettirgan.
  Klavixoning «Kundaligi» nafaqat XV asr boshlaridagi Movarounnahrning hayotiga bag`ishlangan muhim asar, balki Amir Temur davlatining Ispaniya qirolligi hamda boshqa qator mamlakatlar bilan o`rnatgan do`stona diplomatik va savdo-iqtisodiy aloqalaridan darak beruvchi muhim siyosiy-tarixiy ahamiyatga ega manba ham hisoblanadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив