Indoneziya
Qo`shimcha ma`lumot
Indoneziya Janubi-sharqiy Osiyoda, Tinch va Hind okeanlari orasida joylashgan bir necha ming orollardan iborat davlat. Jahondagi orol mamlakatlaridan eng yirigi hisoblanadi. Indoneziyadagi eng katta orollar – Yangi Gvineya (g‘arbiy qismi), Kalimantan (markaziy va janubiy qismi), Sumatra, Yava hamda Sulavesi. Aholisining 60 % ga yaqini Yava orolida yashaydi. Bu orol sayyoramizdagi aholi eng zich joylashgan hududlardan biri hisoblanadi. Indoneziya poytaxti Jakarta shahri ham Yavada joylashgan.
Iqtisodiy geografik o‘rnining qulayligi ikki okean (Tinch va Hind) va ikki qit’a (Osiyo hamda Avstraliya va Okeaniya) orasida joylashganligi bilan belgilanadi.
Tabiiy sharoiti va resurslari.
Indoneziya hududi «Tinch okean olovli halqasi»ning bir qismi bo‘lib, unga tog‘li relyef va yuqori seysmiklik xos. Indoneziyada 150 taga yaqin harakatdagi vulqonlar bor, ulardan eng yiriklari Bromo, Krakatau, Selak, Tamboro hisoblanadi.
Indoneziya neft, gaz, ko‘mir, qalayi, temir, marganes, nikel va boshqa foydali qazilmalarga boy.
Iqlimi, asosan, ekvatorial, yil bo‘yi issiq va nam, yil fasllari orasidagi tafovutlar deyarli sezilmaydi. Sernam iqlim va tog‘li relyef tufayli Indoneziya suv va gidroenergetika resurslari bilan yaxshi ta’minlangan. Shuningdek, Indoneziya jahonning o‘rmon resurslariga eng boy davlatlaridan biri hisoblanadi.
Aholisi. Indoneziya aholi soni bo‘yicha dunyoda Xitoy, Hindiston va AQSHdan keyingi 4-o‘rinni egallaydi. Indoneziya aholisining yarmidan ko‘prog‘i shaharlarda istiqomat qiladi. Mamlakatda 10 tadan ziyod «millioner» shahar mavjud, eng yirigi – Jakartada 10 mln. kishi istiqomat qiladi.
Indoneziyada 300 taga yaqin millat va elatlar yashaydi. Mamlakat aholisining 40 % idan ko‘prog‘ini yavaliklar tashkil etadi. Asosiy dini – islom dini bo‘lib, Indoneziya musulmonlar soni bo‘yicha jahon mamlakatlari orasida birinchi o‘rinda turadi.
Iqtisodiyoti. Indoneziya YIM hajmi bo‘yicha jahonning 10 ta peshqadam davlat qatoriga kiradi. Sanoatning yetakchi tarmoqlari – yoqilg‘i (ko‘mirni qazib olish bo‘yicha jahonda 5-o‘rin, tabiiy gazni qazib olish bo‘yicha 10-o‘rin), kimyo, oziq-ovqat, yengil, avtomobilsozlik, o‘rmon, metallurgiya (qalayini qazib olish bo‘yicha jahonda 1-o‘rin).
Asosiy qishloq xo‘jalik ekinlari qatoriga sholi, makkajo‘xori, kokos palmasi, tabiiy kauchuk, choy, kofe, shakarqamish, kakao, tamaki, turli ziravorlar kiradi. Indoneziya ko‘p ekinlarning yalpi hosili bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Baliq ovlash bo‘yicha jahonda 3-o‘rinda turadi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.