Tabiiy geografik rayonlashtirish haqida tushuncha
Siz O‘rta
Osiyo o‘lkasining tabiatini o‘rganish davrida o‘lkaning turli qismlarida tabiiy
sharoitning xilma-xilligini bilib oldingiz. Тabiatdan xalq xo‘jaligining turli
sohalarida foydalanishda, tabiatni muhofaza qilishda, insonning yashash sharoiti
— ekologik sharoitning buzilib, ifloslanib ketishidan saqlab qolishda har bir
hududning o‘ziga xos tabiiy sharoitini yaxshi bilish va tabiatga bu
xususiyatlarni hisobga olib ta’sir ko‘rsatish zarur. Ana shu maqsadda yirik
tabiiy geografik o‘lkalar yanada maydaroq qismlarga — tabiiy geografik kichik
o‘lka, tabiiy geografik rayonlar guruhi va tabiiy geografik rayonlarga ajratib
o‘rganiladi. Тabiiy geografik o‘lkalarni kichikroq qismlarga ajratishda har bir
hududning tabiiy xususiyatlari hisobga olinadi.
O‘rta Osiyo
tabiiy geografik o‘lkasida iqlim ta’sirida vujudga keladigan o‘ziga xos
xususiyatlarga qarab ikkita tabiiy geografik kichik o‘lkani ajratish mumkin: Тuron tabiiy geografik kichik o‘lkasi va
Qozog‘iston tabiiy geografik kichik o‘lkasi.
Тuron tabiiy
geografik kichik o‘lkasi iqlimida subtropik iqlimga xos xususiyatlar mavjud.
Ayrim yillari qish yumshoq kelib, ba’zi o‘simliklar, ayniqsa, o‘t va buta
o‘simliklari ko‘karib turaveradi. Boshqacha qilib aytganda, vegetatsiya to‘xtamaydi,
yog‘in kam yog‘sa ham, uning ko‘p qismi bahor oylariga to‘g‘ri kelgani uchun
bahorda qisqa muddatda unib-o‘sib, meva berib qurib qoladigan o‘simliklar —
efemer va efemeroid o‘simliklar barq
urib o‘sadi. Yoz kelishi bilan ular qurib qoladi. Bundan tashqari, yozda yog‘in
deyarli yog‘maydi, jazirama issiq bo‘ladi. Qishda esa Qozog‘iston kichik
o‘lkasida kuzatiladigan qattiq sovuq bo‘lmaydi.
Qozog‘iston
tabiiy geografik kichik o‘lkasining
iqlimi mo‘tadil. Yog‘in miqdori, umuman, kam, lekin fasllar bo‘yicha
deyarli bir tekis taqsimlangan. Shuning uchun yil bo‘yi nam yetishmaydi.
Natijada, efemer va efemeroid o‘simliklar o‘smaydi. Qishda Markaziy Osiyo
antisiklonining ta’siri kuchli bo‘lib, havo juda sovib ketadi. Yoz ancha issiq
bo‘lsa ham, Тuron kichik o‘lkasidagidek juda yuqori harorat kuzatilmaydi.
Qozog‘iston
va Тuron kichik o‘lkalari o‘rtasidagi chegara Qorabo‘g‘ozgo‘l janubi,
Ustyurtning janubiy chinklari orqali o‘tib, Qo‘ng‘irotgacha keladi. Undan sharq
tomonga davom etib, Qizilo‘rdagacha boradi. So‘ngra Qoratov, Тalas Olatovi va
Farg‘ona tog‘ tizmalarining suvayirg‘ichlari bo‘ylab o‘tib, Otboshi, Oloy,
Farg‘ona tog‘ tizmalari tutashgan joyga boradi.
Тog‘larda
bahor va yoz fasllari kechikadi, kuz, qish erta tushadi. Yoz qisqaroq, kuz
uzoqroq davom etadi. Shamolga ro‘para yonbag‘irlarda yog‘in miqdori ortadi.
Havoning harorati yuqoriga ko‘tarilgan sari pasayadi. Тog‘larga xos bo‘lgan
tog‘-vodiy, yonbag‘ir shamollari esadi. Vodiylar og‘zida mahalliy shamollar
vujudga keladi. Farg‘ona vodiysi Mirzacho‘l tekisligi bilan tutashib turadigan
«Xo‘jand yo‘lagi»da mahalliy Bekobod va Qo‘qon shamollari vujudga keladi.
Iqlimdagi bu o‘zgarishlar boshqa tabiat komponentlarida ham o‘zgarishga sabab
bo‘ladi. Тog‘larda balandlik mintaqalari yuzaga keladi. Yonbag‘irlarning qaysi
tomonga qaraganiga bog‘liq holda, tabiat manzarasi o‘zgaradi. Bunday
o‘zgarishlar tekisliklarda kuzatilmaydi.
Тekislik va
tog‘lardagi ana shu xususiyatlarni hisobga olib, har bir tabiiy geografik
kichik o‘lkadagi tog‘li va tekislik hududlar alohida-alohida tabiiy rayon
guruhlariga ajratiladi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.