loading...

Vaqt o‘lchovi. Soat mintaqalari. Тaqvimlar 

27331

Vaqt o‘lchovi. Vaqt o‘lchovi Yerning o‘z o‘qi va Quyosh atrofida aylanishini kuzatishga asoslangan. Shuning uchun yulduz vaqti, Quyosh vaqti va boshqa vaqtlar ajratiladi. Yulduz vaqtining asosiy birligi yulduz sutkasi hisoblanadi. U, asosan, Yerning o‘z o‘qi atrofida bahorgi tengkunlik nuqtasiga nisbatan aylanish vaqtiga teng. Yulduz vaqtidan foydalanish noqulay, chunki u kun bilan tunning almashinishiga to‘g‘ri kelmaydi.

Shuning uchun amalda Quyosh vaqtidan foydalaniladi. Quyosh vaqti Yerning Quyoshga nisbatan harakatiga qarab aniqlanadi. Quyosh vaqti, odatda, yarim tundan boshlab hisoblanadi, bu vaqt o‘rtacha Quyosh vaqti deb ataladi. Тurli meridianlarda yarim tun turli paytlarda bo‘ladi, shu sababli turli meridianlarda joylashgan joylarda vaqt bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun vaqt o‘lchovidan xalqaro miqyosda foydalanishni osonlashtirish maqsadida mahalliy vaqt, mintaqa vaqti va dunyo vaqti tushunchalari kiritilgan.

Vaqt maxsus davlat tashkilotida, vaqt xizmati tomonidan aniq o‘lchab turiladi. Vaqt eng sezgir astronomik asboblar yordamida osmon yoritgichlari (yulduzlar va Quyosh)ga qarab tekshirib turiladi.

Mahalliy vaqt. Yer o‘z o‘qi atrofida g‘arbdan sharqqa qarab bir kecha-kunduzda bir marta aylanib chiqadi. Globusda bosh meridiandan boshlab har 15° dan meridianlar o‘tkazilsa, har bir meridian qo‘shni meridiandan bir soat farq qiladi. Bosh meridianda tush payti bo‘lganda, 180° meridianda yarim kecha, bosh meridiandan sharqdagi 90° uzunlikda kechqurun, g‘arbdagi 90° uzunlikda ertalab bo‘ladi. Shimoliy qutbdan Janubiy qutbgacha bitta meridianda joylashgan nuqtalarda vaqt bir xil bo‘ladi, ya’ni bitta meridianning hamma joyida vaqt bir xildir. Bu vaqt mahalliy vaqt deb ataladi. Ammo turli uzunliklarda joylashgan nuqtalar vaqti bir-biridan farq qiladi, bu esa xo‘jalik yuritishda noqulaylik keltirib chiqaradi. Shuning uchun soat mintaqalarining vaqt hisobi joriy qilingan.

Mintaqa vaqti. Xalqaro  kelishuvga ko‘ra, Yer yuzasi shartli ravishda 24 soat mintaqasiga bo‘lingan (360° : 24 = 15°). Mintaqaning  hamma joyida shu mintaqaning o‘rta qismidan o‘tgan meridianning mahalliy vaqti qabul qilingan. Bir soat mintaqasidagi vaqt mintaqa vaqti deb ataladi. O‘rtasidan bosh meridian o‘tadigan soat mintaqasi nolinchi (yigirma to‘rtinchi) mintaqa deb qabul qilingan. Mintaqalar hisobi ana shu meridiandan boshlanadi. Nolinchi mintaqadan sharqda 7°30′ shq. u. bilan 22°30′ shq. u. dagi meridianlar orasi birinchi mintaqa, 22°30′ va 37°30′ uzunlikdagi meridianlar orasi ikkinchi  mintaqa bo‘ladi va h.k.

Har bir mintaqa vaqti qo‘shni mintaqa vaqtidan bir soatga farq qiladi. O‘rta Osiyo ikkita soat mintaqasida joylashgan (IV va V soat mintaqalarida). Yangi sutkaning boshlanishi XII soat mintaqasi o‘rtasidagi 180° uzunlikdan boshlanadi, deb qabul qilingan. Bu chegara sana  o‘zgarishi chizig‘i deb ataladi. Har bir yangi sutka ana shu chiziqdan boshlanadi. Bu chiziq ikki orol yoki ikki shahar oralig‘idan o‘tganda, bu orollar va shaharlarning g‘arbdagisida yangi sana bo‘lsa, sharqdagisida kechagi sana bo‘ladi.

O‘zbekistonning butun hududida bir xil – IV mintaqa vaqti qabul qilingan.

Тaqvim (kalendar). Aziz o‘quvchi, siz „Bugun oyning nechanchi kuni?", „Bugun qaysi kun?" degan savollarni ko‘p eshitgansiz. Biror voqea yoki hodisa qachon ro‘y bergani haqida odamlar so‘zlashib qolishadi. Xo‘sh, yil, oy, kunlar hisobining o‘zi nima? Insonlar shunday hisob yuritish uchun taqvim tizimini o‘ylab topishgan.

Тaqvim deb uzoq vaqt hisoblab boriladigan sana tizimiga aytiladi.

Тaqvimlar Yer, Quyosh va Oy harakatlari bilan bog‘langan. Hozirgi vaqtda butun dunyoda rasmiy taqvim deb Grigoriy taqvimi qabul qilingan. Bu taqvim 12 oydan iborat: yanvar — 31 kun, fevral — 28 kun, mart —31 kun, aprel —30 kun, may — 31 kun, sentabr — 30 kun, oktabr — 31 kun, noyabr— 30 kun, dekabr — 31 kun. Yangi yil 1- yanvardan boshlanadi. Fevral kabisa yilida 29 kun bo‘ladi.  Quyoshning yillik ko‘rinma harakati bilan bog‘liq bo‘lgan quyosh (shamsiya) taqvimi, Oyning harakati bilan bog‘liq bo‘lgan oy (qamariya) taqvimi mavjud. Hijriy-shamsiy yil 21- martdan boshlanadi. Hijriy-shamsiy yilda quyidagi oylar bor: hamal — 30 kun, savr — 31 kun, javzo — 31 kun, saraton — 31 kun, asad —31 kun, sunbula— 30 kun, mezon — 29 kun, aqrab — 29 kun, qavs — 30 kun, jadiy — 31 kun, dalv — 31 kun, hut —31 kun bo‘ladi.  Shamsiya taqvimida ham har 4 yilda 1 yil kabisa yili hisoblanadi. Bu taqvim payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning Makkadan Madinaga ko‘chgan, ya’ni hijr qilgan vaqtdan (milodiy 622- yildan) boshlangan. Shu sababli hijriy deyiladi.

Xalqi musulmon diniga e’tiqod qiluvchi mamlakatlarda diniy marosimlar hijriy-qamariy (oy) taqvimi asosida olib boriladi. Bu taqvim Oyning yillik ko‘rinma harakatiga asoslangan bo‘lib, bir yil 354 kunga teng. Hijriy-qamariy taqvimida quyidagi oylar bor: muharram — 30 kun, safar — 29 kun, rabbiulavval – 30 kun, rabbiulsoniy — 29 kun, jumodilavval — 30 kun, jumodiloxir — 29 kun, rajab — 30 kun, sha’bon — 29 kun, ramazon — 30 kun, shavvol — 29 kun, zulqa’da — 30 kun, zulhijja — 29 kun. Kabisa yilida zulhijja 30 kun hisoblanadi. Bu yil hisobi ham milodiy 622-yildan boshlangan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив