loading...

O‘zbekiston tuproqlari, o‘simlik va hayvonot dunyosi 

25588

O‘zbekistonning tuproq qoplami, o‘simlik va hayvonot dunyosi juda xilma-xil bo‘lib, ular tabiatning boshqa elementlariga, xususan, relyefi va iqlimiga bog‘liq holda joylashgan.

K.Z.Zokirov tavsiya etgan to‘rtta: cho‘l, adir, tog‘ va yaylov mintaqalarining har biri o‘ziga xos iqlim, tuproq qoplami, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega.

Cho‘l mintaqasi O‘zbekiston hududining 70 foizini ishg‘ol qiladi.

Cho‘l tuproqlari xilma-xil bo‘lib, unda sur-qo‘ng‘ir, qumli cho‘l, o‘tloq-botqoq, taqir va bo‘z tuproqlar uchraydi.

Ustyurt platosi, Qizilqumdagi past tog‘lar va Nurota tog‘ etaklaridagi toshloq cho‘llarda sur-qo‘ng‘ir tuproqlar tarqalgan. Bunday tuproqlarda chirindi juda kam (0,3-1 foiz) bo‘ladi.

Qizilqum, Markaziy Farg‘ona va Mirzacho‘ldagi qumli tekisliklarda qumli cho‘l tuproqlari tarqalgan bo‘lib, chirindi miqdori 0,3-0,6 foizni tashkil etadi.

Gilli jinslardan tarkib topgan cho‘llarda taqirlar ham uchraydi, ular tarkibidagi chirindi miqdori 0,5-1 foizga yetadi.

Yerosti suvlari yer betiga yaqin bo‘lgan Mirzacho‘l, Markaziy Farg‘ona, Qarshi cho‘llari va Amudaryo etagida sho‘rxok va sho‘r tuproqlar tarqalgan.

O‘zbekistonning yirik daryo vodiylarida o‘tloq va botqoq tuproqlari uchraydi.

Zarafshon, Chirchiq, Ohangaron, Qashqadaryo, Quyi Amudaryo va Surxondaryo vodiylaridagi bo‘z tuproqlar uzoq vaqt ishlov berilishi natijasida tabiiy xususiyatini o‘zgartirib, madaniy bo‘z tuproqlarga aylangan.

O‘simliklari. Cho‘l mintaqasining yozi quruq, jazirama issiq, yog‘inga nisbatan potensial bug‘lanish ko‘p bo‘lganligi tufayli, o‘simliklar shu sharoitga moslashgan.

Cho‘lda bahorda arpag‘on, lola, lolaqizg‘aldoq, qorabosh, boychechak, binafsha, chuchmoma, tariqbosh, chig‘ir, isfarak,  iloq, kovrak kabilar o‘sadi. Bu o‘tlar yozda sarg‘ayib, qurib qoladi, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar esa o‘saveradi. Ularning eng muhimlari qumli yerlarda o‘suvchi saksovul, selin, juzg‘un, qora qandim, cherkez, quyonsuyak va iloq.

O‘zbekistonning sho‘rxok joylarida yulg‘un, sho‘ra, sho‘r ajriq, shuvoq, sarisazan, baliqko‘z o‘ssa, toshloqli yerlarida siyrak holda  burgan, qora bayalich, isiriq o‘sadi.

O‘zbekiston cho‘l mintaqasining daryo vodiylarida (Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Chirchiq va b.) to‘qayzorlar joylashib,  qizilmiya, yantoq, qamish, qo‘g‘a, kendir, turang‘il, tol, jiyda, yulg‘un, chakanda (oblepixa) kabi o‘simliklar o‘sadi.

Cho‘l hayvonlari. Cho‘l hayvonlari mahalliy sharoitga moslashgan bo‘lib, aksariyatining rangi qum rangidadir. Cho‘llardagi ba’zi hayvonlar (yumronqoziq, qo‘shoyoq, ko‘rsichqon) jazirama issiq va quruq yozga moslashgan.

Yozda kunduzi qumlar +75, + 80°C qizib ketganligi tufayli, ba’zi hasharotlar, kaltakesak, ilon va boshqalar salqin joy- larda yoki inlarida bekinib, kech kirishi bilan faollashadi.

Cho‘l mintaqasida sutemizuvchilardan cho‘l mushugi, jayron, oqquyruq, qoraquloq, qoplon, xongul, tulki va  bo‘rilar yashaydi. Shuningdek, kemiruvchilardan yumronqoziqlar, qumsichqon, qo‘shoyoq, ko‘rsichqon va  tiрratikan  uchraydi.

Cho‘llarda sudralib yuruvchilardan echkemar, qum bo‘g‘ma iloni, kapcha ilon (Turkiston kobrasi), chiрor ilon, o‘qilon, charxilon, kaltakesaklar, cho‘l toshbaqasi yashaydi. Kaltakesaklar ichida eng kattasi echkemar bo‘lib, uzunligi 1,5 m ga yetib, mayda kaltakesak, ilon kabi sudralib yuruvchilar bilan oziqlanadi.

Cho‘lda hasharotlardan qoraqurt, chayon, falanga (biy), chigirtka  kabilar mavjud. Bular ichida qoraqurt o‘ta zaharli o‘rgimchaksimonlar turiga kiradi.

Cho‘l mintaqasi to‘qayzorlarida  chiyabo‘ri, tulki, bo‘ri, to‘qay mushugi, to‘ng‘iz, qirg‘ovul, qarqara, birqozon, g‘oz, o‘rdak va boshqalar yashaydi.

Adir mintaqasi. Okean sathidan 400-500 m.dan 1000-1200 m.gacha bo‘lgan balandliklarda joylashgan.

Oddiy bo‘z tuproq tog‘ etaklarida, 500-600 m dan 1000 m gacha bo‘lgan balandliklarda tarqalgan, tarkibida chirindi 1,5-2,5 foizni tashkil etadi.

Okean sathidan 1000-1600 m balandliklarda to‘q tusli bo‘z tuproqlar tarqalgan bo‘lib, tarkibidagi chirindi miqdori 3-4 foizga boradi, ko‘pincha bahorikor ekinlar ekiladi.

Adir mintaqasida cho‘lga nisbatan o‘simliklar ko‘proq bo‘lib, bahorda qizil, sariq rangdagi lolalar va chuchmomalar bilan qoplanadi. Shuningdek, qo‘ng‘irbosh, rang, sasir, yantoq, kavrak va gulxayrilar o‘sadi. Adirlarda zirk, na’matak, do‘lana kabi buta  va chinor, terak, qayrag‘och kabi daraxtlar o‘sadi.

Adir mintaqasida cho‘lga xos sudralib yuruvchilardan  kaltakesak (agama, gekkon)lar, ilon (kapchabosh ilon, zaharli ko‘k ilon)lar, hatto falanga, chayon kabi hasharotlar ham uchraydi.

Adirda  tulki, bo‘ri, toshbaqa, yumronqoziq, jayra, bo‘rsiq va tiрratikanlar  uchraydi. Qushlardan pushtirang chug‘urchuq (asalarilar kushandasi), ko‘k qarg‘a, kaklik, zog‘cha, kalxat, qirg‘iy  va  burgut  kabilar yashaydi.

Adir vohalarida musicha, chumchuq, bulbul, mayna, qaldirg‘och va  sassiqpopishak  va boshqalar mavjud.

Tog‘ mintaqasi. Okean sathidan 1000-1200 m dan 2700-2800 m gacha bo‘lgan balandlikdagi joylarni o‘z ichiga oladi.

Tog‘larda tog‘-qo‘ng‘ir va tog‘-jigarrang tuproqlari tarkib topgan bo‘lib, tarkibida chirindi miqdori 4-6 foizgacha yetadi.

Tog‘ mintaqasining daryo vodiylari va qayirlarida o‘tloq, botqoq-o‘tloq tuproqlari uchraydi.

Tog‘larda  betaga, rovoch, tog‘ yalpizi kabi o‘tlar, na’matak, zirk, dukcho‘p va  irg‘ay  kabi butalar o‘sadi. Tog‘da bodom, pista, do‘lana, o‘rik, olma, olcha, nok, xandon pista kabi mevali daraxtlar ham uchraydi.

Tog‘ mintaqasining 1400 m dan 2500 m gacha bo‘lgan balandliklarida  archa, yong‘oq, Turkiston qayini, teraklardan tashkil topgan o‘rmonlar uchraydi.

O‘rmonlar suv oqimlarini tartibga soladi, sellarning oldini oladi, tuproqlarni yuvilib ketishdan saqlaydi, havo haroratini mo‘tadillashtiradi,  havodagi  zararli moddalarni yutib, kislorod chiqaradi.

Tog‘ mintaqasida hayvon turlari adirga nisbatan ko‘p. Lekin havoning salqinligi tufayli sudralib yuruvchilar kam bo‘lib, Oloy tog‘ iloni, Turkiston agamasi uchraydi.

Tog‘ mintaqasida o‘rmon sichqoni, oq sichqon, ko‘rshapalak, oq suvsar, qunduz, o‘rmon olmaxoni, qo‘ng‘ir ayiq, chiрor sirtlon, silovsin, bo‘ri, tulki, bo‘rsiq, quyon, to‘ng‘iz yashaydi. Qushlardan burgut, tasqara, itolg‘a, kaklik, boltatumshuq, bulbul kabilar mavjud.

Yaylov mintaqasi. Yaylov mintaqasi 2700-2800 m dan balandda joylashgan bo‘lib, iqlimi sovuq va nam. Bunday sharoitda och qo‘ng‘ir va o‘tloq tuproqlar hosil bo‘ladi.

Yaylov mintaqasi subalp va alp o‘tloqlaridan iborat. Ayrim, quyoshga teskari yonbag‘irlarda yil bo‘yi qor saqlanishi mumkin. Subalp o‘tloqlarda, asosan, baland bo‘yli o‘tlar, shuningdek, boshoqlilardan  yovvoyi arpa,  yovvoyi suli, betagalar o‘sadi.

Alp o‘tloqlarida to‘ng‘izsirt, qoqio‘t, tiрchoq, binafshalar o‘sadi. Yaylov mintaqasida yirik sutemizuvchilardan alqor, bug‘u (elik), qo‘ng‘ir ayiq, tog‘ takasi, muflon, qoplon, qor barsi, kiyiklar, kemiruvchilardan — sug‘ur yashaydi. Yaylovdagi oq tirnoqli ayiq «O‘zbekiston Qizil kitobi»ga kiritilgan.

O‘zbekistonning yuqorida qayd qilingan balandlik mintaqalaridagi suv havzalarida baliqlarning bir necha turlari yashaydi. Ularning eng muhimlari laqqabaliq, zog‘orabaliq, shohbaliq (oybaliq), marinka, cho‘rtanbaliq kabi baliqlardir. Amudaryo va Sirdaryoda yashovchi  qilquyruq balig‘i noyob tur bo‘lib, «O‘zbekiston Qizil kitobi»ga kiritilgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив