loading...

O‘zbekistonning suv boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish 

13599

Suv boyliklari qishloq xo‘jaligi, aholi hamda  sanoatni suv bilan ta’minlash, elektr energiyasi olish, baliq ovlash va dam olish maqsadlarida foydalaniladigan yerusti va yerosti suvlaridan iborat.

Suv boyliklari orasida daryolarning ahamiyati ayniqsa katta. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda daryo suvlari bilan 4,2 mln ga yer sug‘orilmoqda.

O‘zbekiston daryolari sanoat va maishiy xo‘jalikning suvga bo‘lgan talabini qondirishda ham muhim ahamiyatga ega. Chunki biror sanoat tarmog‘i yo‘qki, unda suv ishlatilmasin.

O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 57,781 km.kub  suvdan foydalanilmoqda. Shundan yerosti suvlari 0,5 km.kub  ni tashkil etadi. Mavjud ishlatilayotgan suvlarning 90,1 foizi sug‘orishga, qolganlari sanoat, maishiy-kommunal va boshqa sohalarga ishlatilmoqda.

Respublikamiz hududidagi daryolarning potensial energiya resurslari 8,8 mln kVt bo‘lib, O‘rta Osiyo daryolari energiya resurslarining 13 foiziga teng. O‘zbekiston daryolari energiya resurslari jihatidan O‘rta Osiyoda Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Respublikamizda gidroenergiya resurslaridan foydalanish maqsadida Chirchiq daryosida — Chorvoq, Xo‘jakent, G‘azalkent, Sirdaryoda — Uchqo‘rg‘on, Farhod, Qoradaryoda — Andijon GESlari qurilgan. O‘zbekiston daryolaridan baliq ovlashda ham foydalaniladi.

So‘nggi yillarda sug‘oriladigan yerlar meliorativ holatining yaxshilanishi sababli zovur suvlarining ko‘payishi, sanoatdan, maishiy xo‘jalikdan, transport korxonalaridan, chorvachilik va fermalardan chiqqan iflos (tarkibida har xil zaharli kimyoviy moddalar, bakteriyalar, neft mahsulotlari bo‘lgan) suvning bir qismi daryolarga tashlanmoqda. Natijada, daryo suvlari ifloslanib, undagi organik hayotga salbiy ta’sir etmoqda. Shu sababli O‘zbekiston suv boyliklarini toza saqlash, ularga tashlanadigan suvlarni iloji boricha tozalash lozim. Sug‘oriladigan zonadan chiqadigan va tarkibida zaharli kimyoviy moddalar, ya’ni har xil tuzlar bo‘lgan zovur suvlarini daryolarga oqizish- ga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Daryo yoqalarida sanitar zonalar tashkil etish lozim.

O‘zbekistonda ishlatilayotgan suvlardan qishloq xo‘jaligida noratsional foydalanish, sanoat va maishiy-kommunal xo‘jalikdan chiqayotgan ifloslangan suvlarni to‘la tozalamasdan tabiiy havzalarga oqizish oqibatida suv boyliklari ifloslanmoqda. Ifloslangan suvlarning 78 foizi  sug‘oriladigan yerlarga, 18 foizi sanoat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив