loading...

Ananas - dardga chalintirmas... 

13016

 Ananas — ananasdoshlar oilasiga mansub bo’lib, ko’p yillik o’t o’simlikdir. Uning barglari spiral holda bir-biriga yaqin joylashib, qalin, nashtarsimon, uzun bo’ladi. To’pguli kalta, boshoqsimon, xushbo’y. Ekinlashtirilgan navi — Filippin va Tayvan orollarida o’stiriladi. Uning to’p mevasi sariq, xushbo’y so’ta. So’taning og`irligi 3-5 kg keladi. Ananasni yangiligicha (pishganda) yoki konserva holida murabbo tayyorlab iste’mol qilish mumkin.
  Ananas — ispan tilidan lotin, rus va undan o’zbek tiliga o’tgan. O’simlikning o’zi ham, mevasi ham shu nom bilan ataladi. Ananasning vatani — Janubiy  Amerika. Sayyoh Xristofor Kolumb uni Yevropaga olib kelgan.
  Ananas mevasi tarkibida darmondorilar (S, karotin, V1, V2, V5, V12, RR), kalsiy, fosfor, temir, mis, yod, rux, magniy kabi ma’danlarni saqlaydi. Shu bilan birga, unda  86 foiz suv, oqsil, qand, limon kislotasi mavjud. Bundan tashqari, 60 dan ziyod xushbo’y moddalar saqlaydiki, bu moddalar ananasga betakror hid beradi. Ananas mevasi tarkibidagi biologik faol modda — bromelayn tromblar hosil bo’lishining oldini oladi. Tarkibidagi bromelin fermenti esa taom hazmini maromiga keltiradi.
  Ananas mikroblar va yallig`lanishga qarshi ta’sirga ega. Unda peshob haydovchi, qonning quyushqoqligini kamaytiruvchi xususiyat bor. Ananas kayfiyatni ko’taradi. Darmondori yetishmovchiligi (avitaminoz)da, qon tomirlar va qil tomirlar devori mo’rtlashganda, yaxshi naf beradi.
  Bunda ananas eti (yumshoq qismi) maydalanib, 1 osh qoshig`i 200 ml. qaynoq suvga qo’shib, 2 soat davomida damlanadi. Keyin suzilib, kuniga 3 mahal taomdan 20 daqiqa oldin 2 osh qoshiqdan ichiladi.
  Kislotalik darajasi pastligi bilan kechuvchi gastritda ananas eti taomdan 15 daqiqa oldin 1 piyoladan iste’mol qilinadi. Ananas moddalar almashinuvi muvozanati buzilganda, qon quyulishi kuchayganda foyda qiladi. U ishemik insult va miokard infarkti kasalligida   naflidir.
  Maydalangan ananas etidan 50 g, asaldan 50 g va qatiq 50 g olinadi-da, omuxta qilinadi. Hosil bo’lgan aralashma yuzga surtilsa, oqartiradi. Bu muolaja haftada bir marta amalga oshiriladi.
  Maydalangan ananas etidan bir osh qoshiq olinib, unga 1 osh qoshiq zaytun moyi (olivkovoye maslo) aralashtiriladi va biror matoga tekis qilib yoyilib, yuz sohasiga 15 daqiqa qo’yiladi. Bu muolaja quruq teriga foyda qiladi. Yog`li teri uchun bevosita ananas eti yupqa qilib, kesib qo’yiladi. Bu muolajalar kursi 10 marta davom ettiriladi.
  Ananas artrit, bronxit, pnevmoniya va turli yuqumli kasalliklarni davolashda qo’l keladi. Markaziy asab tizimi xastaliklarida, buyrak kasalligida davo uchun har kuni bir piyoladan ananas shirasi yoki yangi mevasi yarimtadan iste’mol qilinsa, shifo bag`ishlaydi. U oshqozon osti bezi yetishmovchiligida foydalidir.
 Ananas yordamida qadoqni yengilgina davolash mumkin. Buning uchun kechasiga qadoqga ananasning yumshoq qismi qo’yilib, ertalab olib tashlanadi, keyin iliq suvda yuviladi.
  Semizlikda ozish, ya’ni vaznni kamaytirish uchun quyidagicha malham tayyorlanadi:
1 dona ananasni qirqib, po’sti bilan qiymalagichdan o’tkaziladi. Unga 0,5 l tibbiy spirt qo’shib, bir haftaga qo’yib qo’yiladi. So’ngra tindirmadan kuniga 1 osh qoshiqdan taomdan 15 daqiqa oldin kechasi ichiladi.
  Haftada faqat bir kun ananas iste’mol qilinsa, semizlikda ijobiy samara beradi. Bunda ozish uchun suli qaynatmasi bilan birga ichilsa, samarasi yanada yaxshi bo’ladi. Chunki ananasda moylarni parchalash xususiyati bor.
  Ananas bargining shirasi hind tabobatida gijja haydovchi omil sifatida keng ko’lamda qo’llaniladi.
  Aqliy mehnat faoliyati bilan shug`ullanuvchi kishilar haftada kamida ikki marta ananas shirasini qabul qilishsa, foyda qiladi. Inchunun, ananasda xotirani yaxshilovchi xususiyat bor.
 Husnbuzar (bo’jama, ugri)da ananasli niqob naf beradi. Bunda ananas po’stidan tozalanib, unga bir choy qoshiq asal va ozgina suli uni qo’shiladi.  Aralashma bo’tqa holiga kelgach, yuzga surtiladi va 15 daqiqadan keyin tibbiy paxta bilan artib tashlanadi.
  Eslatib o’tamiz, oshqozon shirasi kislotalik darajasi yuqori bo’lgan gastritda, oshqozon va o’n ikki barmoq ichak yarasiga mubtalo bo’lganlarga ananas iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
 Ananasning kislotalik darajasi yuqori bo’lganligi bois tish emalini ham ehtiyot qilish talab etiladi. Shuningdek, homilador ayollarga ham ananas yeyish mumkin emas.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.