Potihkamol G`ulomov
G`ulomov Potihkamol Nosirovich
O’zbekiston Milliy universiteti Geografiya fakulteti Tabiiy geografiya va geografiya ta’limi metodikasi kafedrasi dotsenti
O’zbekistonda
xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi Potihkamol Nosirovich G`ulomov geografiya
sohasida ko’zga ko’ringan olimlardan. Uning tabiiy geografiya, geografiya ta’limi
va uning metodikasi, tabiatdan foydalanish va uni muhofaza qilish, geografik terminologiya
va toponimika sohalaridagi yaratilgan asarlari
respublikamiz va chet mamlakatlardagi taniqli mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgan.
Uning umumiy mehnat staji 53 yil, pedagogik
staji 43 yil.
Potihkamol Nosirovich G`ulomov
1932-yil 7-sentyabrda Toshkent shahrining Arpapoya dahasida ma’rifatli oilada tug`ilgan.
Potihkamol G`ulomovning otasi Nosir
(Nasrullo) G`ulomov ziyoli, tarix o’qituvchisi bo’lgan. Onasi Qoriya Temirova "Sharq
tongi” fabrikasida tikuvchilik qilgan.
P.N.G`ulomov 1947-yili umumiy ta’lim
maktabining 7-sinfini tugatib, Toshkent shahar Pedagogika bilim yurtiga o’qishga
kirdi va 1951-yilda bilim yurtini tugatdi, o’sha yili Nizomiy nomidagi Toshkent
Davlat Pedagogika institutining Geografiya fakultetiga o’qishga qabul qilindi. Potihkamol
G`ulomov yoshligidanoq tabiiy fanlarga juda qiziqqan va ko’p o’qigan. 1955 yilda
institutni bitirgandan keyin Toshkent shahridagi 73-o’rta maktabda uch yil davomida
geografiyadan dars berdi. 1956-yildan 1960-yilgacha "O’quvpeddavnashr” nashriyotida
tarix va geografiya tahririyatida muharrir, katta muharrir lavozimlarida ishladi.
1961-yildan 1964-yilgacha P.N.G`ulomov Moskva Davlat
universiteti Tabiiy geografiya kafedrasida aspiranturada o’qidi. 1964-yilning yanvaridan
boshlab Toshkent Davlat universiteti Geografiya fakulteti Ilmiy-tadqiqot bo’limida
kichik ilmiy xodim bo’lib ishlay boshladi. 1966 yili MDU Geografiya fakulteti Ilmiy
Kengashida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1967-va 1968-yillarda O’zbek
Sovet ensiklopediyasi nashriyotida ma’sul kotib bo’ldi. 1968-yil 1-sentyabrdan yana
ToshDU Geografiya fakultetiga qaytib, Tabiiy geografiya kafedrasida katta o’qituvchi,
1973-yildan 1986-yilgacha dotsent bo’lib ishladi. 1986-yildan 2005-yilgacha Geografiya
ta’limi metodikasi kafedrasini boshqardi. Hozir geografiya va geografiya ta’limi
metodikasi kafedrasida dotsent lavozimida mehnat qilmoqda.
1967-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan olim 1986-2004-yillarda geografiya
o’qitish metodikasi kafedrasi mudiri, 2004-yildan esa tabiiy geografiya va geografiya ta’limi metodikasi
kafedrasi dotsenti lavozimlarida faoliyat
ko’rsatib kelmoqda. P.N.G`ulomov metodist olim sifatida oliy va o’rta maktab hamda
kasb-hunar kollejlari uchun 8 ta darslik, 19 ta o’quv qo’llanma, 8 ta metodik qo’llanma,
30 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir. Chop etilgan ilmiy ishlarining umumiy
soni 200 dan ziyod. P.N.G`ulomovning ilmiy va o’quv adabiyotlarini o’zbek tiliga
tarjima qilish, geografik bilimlarni keng ommaga yoyish borasidagi hizmatlari ham
tahsinga loyiq. Jumladan, umumta’lim maktablari va oliy o’quv yurtlari uchun chiqarilgan
19 ta darslik va o’quv qo’llanmalar olim tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan,
24 ta darslik va o’quv qo’llanmaga mas’ul muharrirlik qilgan, uning O’zbekiston
Milliy ensiklopediyasida geografiyaga oid 520 dan ortiq maqolasi e’lon qilingan.
Shu bilan birga P.N.G`ulomov O’zbekiston geografik atlasining birinchi jildi
(1982), umumiy ta’lim maktabalari uchun O’zbekiston geografik atlasi (1999),
5-7-sinflarning o’quv atlaslarini yaratishda (2000-2006) faol ishtirok etgan.
Olim tomonidan nashr etilgan "Geografiya va tabiatdan
foydalanish”, "Inson va tabiat”, "Umumiy yer bilimi”, "Toponimika va geografik terminologiya”,
"Tabiatdan foydalanishning geografik asoslari”, "O’rta Osiyo tabiiy geografiyasi”,
"O’zbekiston tabiiy geografiyasi” singari
darslik va o’quv qo’llanmalari oliy o’quv yurtlari uchun alohida ahamiyatga
ega.
P.N.G`ulomov tomonidan umumta’lim maktablarining 5-7-sinflari
uchun tayyorlangan geografiya darsligi respublika tanlovida (tenderda) g`olib deb
topilib, maxsus diplom bilan taqdirlangan hamda amalda darslik sifatida foydalanilmoqda. Olim rahbarligida 2 nafar fan nomzodi tayyorlangan
va 2 ta nomzodlik ishi tayyorlanmoqda.
P.N.G`ulomov geografiya yo’nalishi bakalavrlari va magistrlariga
tabiiy geografiya va geografiya
o’qitish metodikasi fanlaridan yuqori saviyada
ma’ruzalar o’qiydi. Bundan tashqari, magistrantlarga maxsus kurslardan zamonaviy
yangi pedagogik texnologiyaga tayangan holda dars olib boradi.
Olim jamoat ishlarida
faol qatnashib keladi. Xususan, universitetda va fakultetda muntazam o’tkaziladigan
ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, talabalar turar joylarida tashkil etiladigan ta’lim
va tarbiyaga oid suhbatlarida uning faol ishtiroki sezilib turadi.
P.N.G`ulomov o’zining kamtarinligi,
ayni paytda fidoyi, jonkuyar ustoz olim va ilmiy–ijodkorlik qobiliyati bilan respublikamiz
geograf olimlari hamda ziyolilari orasida hurmat qozongan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.