No`mon Dolimov
No`mon Dolimovich Dolimov
Geografiya fanlari nomzodi, dotsent, O’zbekistonda
xizmat ko’rsatgan fan arbobi
Geografiya fanlari nomzodi,
dotsent, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi No`mon Dolimov 1906-yil 1-fevralda Toshkentning
Sag`bon mahallasida Dolimbek hoji bilan Marziyabonu oilalarida dunyoga kelgan. Mirzo
Ulug`bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti (Hozirgi O`zMU), uning Geografiya fakulteti tarixida
o’z barakali va sermazmun hayotining katta qismini malakali geograf mutaxassislar
tayyorlashdek murakkab va oliyjanob ishga bag`ishlagan N.D.Dolimovning o’z munosib
o’rni bor. N.D.Dolimov o’zining yoru-birodarlari, hamkasblari, shogirdlari qalbida
o’chmas iz qoldirgan, kamtarin, to’g`ri so’z, odil tashkilotchi va yuksak fazilatli
inson edi.
1935-yilda Toshkent shahrida
V.G.Belinskiy nomidagi kechki pedagogika instituti huzurida tashkil qilingan geografiya
fakultetining birinchi talabalaridan bo’lgan N.D.Dolimov, 1940-yilda mazkur o’quv
yurtini tugatgach, o’sha vaqtlarda o’lka tabiiy geografiyasining markaziga aylangan
O’rta Osiyo davlat universitetining geologiya-tuproqshunoslik-geografiya fakultetiga
o’qituvchi bo’lib keldi.
N.D.Dolimov fakultetga
kelgan dastlabki kunlaridanoq dars berish bilan birga ilmiy tadqiqot ishlari bilan
shug`ullana boshladi. Unga o’sha vaqtlardagi mashhur tabiiy geograflardan biri,
taniqli sayyoh, O’rta Osiyo tabiatining shaydosi professor N.L.Korjenevskiy ilmiy
rahbarlik qildi. Izlanish ob’ekti qilib Nurota tog`lari hududi tanlandi.
1946-yil kuzida geografiya
fakulteti dekani lavozimiga N.D.Dolimov nomzodining tavsiya etilishi va tayinlanishi
fakultet ishlarini yanada jonlantirib yubordi. Buni fakultet tarixidagi alohida
voqea deb hisoblasa bo’ladi.
N.D.Dolimovning keng qamrovli
olim, mohir pedagog, hayotning ko’p pastu-balandliklaridan xabardor ekanligi, kamtarin
va zukko, xushta’b inson ekanligi, o’z ustozlariga beqiyos hurmat bilan, shogirdlariga
izzat bilan yondoshish kabi muhim insoniy fazilatlari geografik adabiyotda keng
yoritilgan.
Biz tavsiflashga harakat
qilgan ustoz N.D.Dolimovning dekanlik davridagi tashkilotchilik xususiyatlari shu
yillardagi fakultet taraqqiyotida o’z aksini topgan. Bu davrda fakultet jamoasi
o’zining bor salohiyatini o’quv jarayonini yanada takomillashtirishga, talabalarning
nazariy bilimlarini, amaliy ko’nikmalarini yanada chiniqtirishga, ularda ilmiy-tadqiqot
ishlari malakasini hosil qilishga, ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirishga va ularning
natijalari asosida ilmiy monografiyalar nashr ettirishga qaratdi. Shuningdek, O’zbekistonda
geografiya ta’limini rivojlantirishga, metodik adabiyotlar, darslik va o’quv qo’llanmalari,
o’quv xaritalari, atlaslari, terminologik lug`atlar yaratishga ham munosib hissa
qo’shdi. Ushbu ishlarni maromida amalga oshirishda N.D.Dolimovning o’zi dekan sifatida
bosh-qosh bo’ldi.
Ustoz N.D.Dolimovning o’lkamiz
uchun yuqori malakali geograf mutaxassislar tayyorlab berishdagi ko’p yillik mehnatlari
1970-yilda "O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan Fan arbobi” unvoni bilan munosib taqdirlandi.
Ustoz xotirasi doimo qalbimizda.
N.Dolimovning "Zarafshon
vodiysi”, "O’rta Osiyo” va boshqa ko’plab
maqolalari geografik bilimlarni ommalashtirishga ozmi-ko’pmi o’z hissasini qo’shgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.